Musiqiy qobiliyat: tug‘mami yoki “orttirilgan”? to’liq malumot oling

Musiqiy qobiliyat: tug‘mami yoki “orttirilgan”? to’liq malumot oling

Oramizda musiqiy salohiyati yuqori boʻlgan insonlar koʻp. Ular qanday musiqa tinglashni yaxshi biladi, ularni yaxshi his etadi, u yoki bu cholgʻu asbobini chala oladi, qoʻshiq kuylay oladi, kuy bastalay oladi va hokazo. Musiqiy qobiliyat tugʻmami yoki uni hayot davomida shakllantirish mumkinmi? Bolada bu sohaga oid qobiliyat borligini qanday bilish mumkin? Maqolada shu savollarga javob topishga harakat qilamiz.

Tugʻmami yoki “orttirilgan”?

Musiqa bilan shugʻullanuvchi insonlar mashhurlik pogʻonasining eng baland nuqtalarida boʻlgani va musiqa barcha uchun birdek yoqimliligi sabab insonlarga musiqiy qobiliyatni shakllantirish qiziq boʻlib kelgan. Farzandi u yoki bu sanʼatkorga oʻxshashini istagan ota-onalar, oʻzi qaysidir xonandaga taqlid qiladigan yoshlar, maʼlum sozandani oʻz ustozi deb bilib, uning izidan boradigan shogirdlar talaygina.

Ular oʻz sohasining yetuk namoyandalari boʻlish uchun nima qilishlari kerak. “Isteʼdodning 99 foizi mehnatdan iborat” degan mashhur jumla musiqada oʻzini qanchalik oqlaydi? Yoki faqat “Xudo yuqtirgan” isteʼdod sohiblarigina bu yoʻldan ketgani durustmi?

“Isteʼdodning 99 foizi mehnatdan iborat”, deganda mashhur rus yozuvchisi Maksim Gorkiy 1 foiz tugʻma isteʼdod 99 foizlik mehnatdan ustun ekanini taʼkidlaganmikin? Yoki aksincha mehnat qilgan inson kun kelib, albatta isteʼdodli boʻlishi mumkinligiga urgʻu berilganmi? Ehtimol, bu yerda mantiq umuman boshqa narsadadir. Qolaversa, bu haqida yana koʻplab fikrlar aytilgan:

Isteʼdod eng avvalo mashaqqatli mehnatdir — Chexov.

Har qanday muvaffaqiyat 99 foiz mehnat va 1 foiz iste’dodga asoslanadi. Intizomsiz ishlash mumkin emas — Aleksandr Zapesotskiy.

Muvaffaqiyatli odamni isteʼdodli odamdan faqat bir narsa ajratib turadi — mehnatsevarlik — Stiven King.

99 kattami yoki 1?

“Gorkiy, iste’dodning 99 foizi mehnat deganini tug‘ma iste’dodi bo‘lmagan odam mehnat bilan chinakam shoir yoki bastakor bo‘lishi mumkin deb tushunmaslik kerak. Har qalay 99 degani yuz emas. Suv normal sharoitda yuz gradusda qaynaydi. 99 gradus isigan suv — qaynagan suv emas”, — degan edi Oʻzbekiston Xalq shoiri Erkin Vohidov.

Shoir taʼbiri bilan aytganda bu suv “qaynash”i uchun bir foiz boʻlsa-da tugʻma isteʼdod kerak ekan, bu bir foiz isteʼdod 99 foiz mehnatdan ustun degani ham emas. Chunki 1 ham hali 100 emas. Shunday ekan, sanʼatni anglash, uning chinakam vakiliga aylanishda har ikki unsur ahamiyatli boʻlib qolaveradi.

Ilmda fikrlar toʻqnashsagina qadrlanib boradi. Tabiiyki, yuqoridagi fikrlari bilan shoir isteʼdodni ustunroq qoʻygan deb aniq aytolmaymiz, ammo 1 foiz tugʻma isteʼdod 99 foiz mehnatdan yuqoriligiga ham aniq ishora qilinmagan. Demak, kuchlar teng, ammo isteʼdodni hayot davomida shakllantirish mumkin, deganlar ham topiladi va ular oʻziga xos isteʼdod formulasini yasab ulgurishgan.

Unga koʻra, musiqaga boʻlgan muhabbat va tajriba musiqiy isteʼdodning ajralmas qismidir. Ushbu formulada isteʼdodni hosil qilishda unga boʻlgan mehr va tarjibaga tayaniladi. Bu yerda katta, kichik ishoralari emas, balki tenglik muhim oʻrin tutadi. Muhabbat va tajriba yigʻindisida isteʼdod yotadi. Qay biri birinchi kelishini aniqlashga urinish befoyda, birinchidan bu tugʻma isteʼdod va mehnat bahsi emas, ikkinchidan agar muhabbat birinchimi yoki tajribami desak ham, oʻsha matematik qoidaga boramiz: oʻrni almashgani bilan qiymati oʻzgarmaydi.

Isteʼdod tugʻma boʻlsa, uning belgilari qanday?

Aslida isteʼdodsiz bolaning oʻzi yoʻq, faqat uni anglay olmaydigan ota-onalar bor deyishadi. “Musiqaga tugʻma isteʼdodi boʻlgan bolaning 11 belgisi” nomli maqolada muallif xususan quyidagilarni sanaydi:

— Musiqiy jihatdan sezgirlik
— Turli tovushlarga taqlidan javob qaytarish
— Butun dunyoni tinglash
— Atrofda qoʻshiqlar yoki ohangdor gʻoyalarni eshitish
— Uygʻun ohanglarni tanlash
— Kuchli emotsional javob
— Musiqaga doimiy eʼtibor
— Musiqadan zavqlanish!

Ota-onalar farzandlarida shu va shu kabi boshqa jihatlarni ilgʻagan boʻlsa, ularga bolalaridagi qobiliyatni shakllantirishga imkon berishlari tavsiya qilinadi.

Musiqiy qobiliyat qanday shakllanadi?

Inson kuchli iqtidorga ega boʻlishi va buni bilmasligi mumkinmi? Bu uchun inson shu qadar eʼtiborsiz boʻlishi kerakki… Yoki muhit uni musiqa olamiga chorlamagandir… Musiqiy qobiliyat qanday paydo boʻladi, genlar, muhit va taʼlim bunga taʼsir qiladimi? Albatta, isteʼdod shakllanishida har qanday omilning taʼsiri bor. Ustozzoda deb taʼrif beriladigan sozanda-yu raqqoslar gen orqali qobiliyatni meros qilib olgan boʻlsa, kimdir musiqiy muhit borasida juda omadli. Ammo irsiyat va muhitning oʻzaro taʼsiri muammosi hozir ham faol tarzda muhokama qilinmoqda.

Yana oʻtkazilishi koʻzda tutilgan tadqiqot haqida ham maʼlumot mavjud. Unda izlanuvchilar oʻsmirlik davri, 10–18 yosh oraligʻida, yaʼni oʻrta maktabda musiqiy qobiliyatlar qanday rivojlanishi juda qiziq ekanini taʼkidlaydi. Musiqa darslarini koʻpchilik tanlaydi, lekin sanoqlilargina unga jiddiy shugʻullanishga kiradi, koʻproq vaqt sarflaydi, konsertlarga boradi, musiqani oʻrgana boshlaydi. Ularning harakatlari yaxshilanib boradi va musiqa ular shaxsining bir qismiga aylanadi. Boshqa insonlarda biz buni koʻrmaymiz, balki ularda shunday imkoniyat boʻlgandir, balki bundan foydalanib, biror asbobda chalishni oʻrgangan boʻlishlari mumkin edi. Ehtimol, ularning oilalari oʻxshash boʻlgandir, lekin qandaydir sabablarga koʻra ular musiqa bilan jiddiy shugʻullanishni boshlashmaydi yoki biror asbobni chalishni boshlab, keyin tashlab qoʻyishadi.

Bolalar oʻrta maktabga oʻtishganda tadqiqotchilar ularni yigirmata test bilan baholaydi. Ular orasida musiqiy qobiliyat, umumiy intellekt, kognitiv qobiliyatlar uchun testlar, shuningdek, oʻz qobiliyatlariga shaxsiy munosabati va taʼlimda shaxsiy afzalliklari haqida testlar boʻladi. Har yili aynan bir xil maktablarda ayni bir xil oʻquvchilar bilan ular qanday rivojlanayotgani va kim musiqaga chinakamiga shoʻngʻiyotgani, kim esa bu yoʻlni tanlamayotganini tushunish uchun shu testlar qayta oʻtkaziladi.

Tadqiqot haqida batafsil maʼlumot bergan psixolog Daniel Myullenzifen yana umidbaxsh natijalar kutib, shuni qoʻshimcha qiladi: “Ular 10–11 yosh boʻlganda olingan natijalarga qarab, 15 yoshida bu bola yetarli sharoit berilsa, musiqa bilan kuchli shugʻullanadi deb taxmin qila olamizmi? Yoki boshqa bolada musiqa bilan shugʻullanish uchun imkon boʻlib, keyinchalik u boshqa turdagi inson ekani yoki musiqa bilan samarali ishlash darajasida ishchi xotirasi yaxshi emasligi uchun tashlab qoʻyishi mumkinligini-chi? Buni qila olamizmi? Savol ochiq boʻlsa-da, unga javob olishni chinakamiga xohlayapmiz”.

Isteʼdod tugʻma boʻladimi yoki yoʻqmi uni shakllantirishga urinish, mehnat qilish, ehtimol aynan mana shu isteʼdod sohasida oʻz samarasini bermasa ham boshqa bir yoʻnalishda omad keltirishi mumkin. Bu boradagi izlanishlar ham tadqiqotchilar, ham tanlov oldida turgan yoshlar uchun ahamiyatli va manfaatli boʻlishiga umid qilamiz.

Muqova surat: pixabay.com

Manbalar:
author.today/post/146583
n.ziyouz.com/portal-haqida/xarita/hikmatlar/erkin-vohidov-sheriyat-va-hayot-haqida
dynamicmusicroom.com/signs-of-a-musically-gifted-child
→ postnauka.ru/video/96595

Boshqa mavzular
Musiqiy qobiliyat: tug‘mami yoki “orttirilgan”?