Mushak gipertoniyasi va gipotoniyasi
Mushak gipertoniyasi va gipotoniyasi
DO`STLARGA ULASHING:
Mushak gipertonusi (mushak gipertoniyasi) – mushak tonusining buzilishidir, bunda mushak tonusi oshgan boʼladi va bola tugʼilishi bilan yuzaga keladi. Sababi, uning mushaklari haddan ortiq tarang va siqilgan boʼladi. Goʼdakda koʼpincha sababsiz bezovtalik va yigʼi, uyqu buzilishi, iyak qaltirashi kuzatiladi.
Bola uyqu paytida ham boʼshashmaydi, qoʼllarini bukib, koʼkragiga mahkam bosib, oyoqlarini qorniga olib borib, mushtini mahkam siqib uxlaydi. Goʼdakning mushtini ehtiyotkorlik bilan ochish mumkin. Goʼdakning qoʼl va oyoqlarini bukib-yozganda yaqqol ifodalangan qarshilik seziladi. Tayanch refleksi tekshirilganda bola butun oyoq kaftiga tayanib turmasdan, oyoq barmoqlari uchida turadi, refleks 1,5 oydan ortiq vaqt davomida saqlanib turadi. Meʼyorda ushbu refleks 1,5 oylarga borib yoʼqolishi kerak.
Orqasi bilan yotqizilgan goʼdakni qoʼllaridan ushlab oʼzingizga qarata tortganingizda u qoʼllarini umuman yozmasdan, butun tanasi bilan ergashib tortiladi. Qornini kaftingiza qoʼyib yuzini pastga qilib koʼtarganingizda goʼdak boshini tanasi bilan bir chiziqda ushlab turadi. Bunday bolalar tugʼilishlari bilanoq boshini vertikal holatda ushlab tura oladilar. Mushak tonusining oshishi tananing ikki tomonida ham, shuningdek ayrim holatlarda esa, faqat bir tomonning oʼzida ham kuzatilishi mumkin.
Gipertonus goʼdakning harakatlari rivojlanishi surʼatini sekinlashtirishi bilan xavf soladi. Аgar oʼz vaqtida davo choralari koʼrilmasa, bunday bola muddatidan kechroq oʼtirishi, emaklashi va yurishi mumkin. Harakat paytida tez charchaydi. Yurayotganda esa ogʼirlik markazini yaxshi boshqara olmaydi. Gipertonus bolaning umumiy ahvoliga ham aks taʼsir etmasdan qolmaydi: uyqu buziladi, tez-tez yegan ovqatini qayt qiladi.
Mushak tonusining meʼyordan past boʼlishi mushak gipotonusi (mushak gipotoniyasi) deb nomlanadi. Bunda bolaning qoʼl va oyoqlari yozilgan, qoʼllari tanasi boʼylab uzatilgan holda boʼladi. Chala tugʼilgan bolalar uchun bu odatiy hol. Chunki bunday bolalarda asab tizimi toʼla yetilmagan boʼladi.
Mushak gipotoniyasining yaqqol ifodalangan koʼrinishida bola “qurbaqa holati” da yotadi. Bunda goʼdakni orqasi bilan yotqizib qoʼyilganda qoʼllari boʼshashgan holda tana boʼylab yotadi, qoʼl barmoqlari musht tugilmagan, ikkala oyogʼi yon taraflarga yozilib, tizza boʼgʼimi biroz bukilgan, qorin tekis boʼladi. Tonusi past bolalarda koʼpincha nevrologik reflekslar pasaygan, boʼgʼimlari bukilganda qarshilik kuchi sezilmaydi, bolaning qoʼlini tepaga koʼtarib qoʼyib yuborilsa u shilq etib pastga tushadi. Goʼdakning oyoqlari tos-son boʼgʼimida deyarli 180 gradusga kuch ishlatmasdan yoziladi.
Orqasi bilan yotqizilgan bolaning qoʼllaridan ushlab oʼzingizga tortganingizda, uning qoʼllari butunlay yoziladi, boshi esa ortga engashadi. Bolani qorni bilan kaftingizga yotqizganingizda uning bosh, qoʼl va oyoqlari pastga osilib turadi. Goʼdakni oʼringa qorni bilan yotqizilganda u qoʼllarini bukmaydi, yuztuban yotaveradi, yaʼni yuzini yon tomonga burib olmaydi. Odatda bunday goʼdaklar juda tinch-xotirjam, kam yigʼlaydi, koʼkrakni yaxshi soʼrmaydi, tana vazni ham meʼyordagi tezlikda oshmaydi, kam harakatlanadi.
Mushaklar kuchi yetishmasligi tufayli gipotonusli bolalar boshini ushlab turishni, qoʼliga buyumlarni olishni, oʼtirishni, yurishni kech boshlaydi. Tik holatda bunday bolalar tana holatini saqlab turolmasligi tufayli ularning ichki aʼzolari zoʼriqib ishlaydi. Harakat yetishmasligi natijasida bolaning suyak va mushaklari oʼsishi sekinlashadi. Bola sogʼlom tengdoshlaridan kichikroq koʼrinadi. Kelgusida gipotonusli bolada skolioz, kifoz va boshqa skelet deformatsiyalari yuzaga kelishi, qad-qomat buzilishi mumkin.
Boladagi tonus buzilishi qancha erta aniqlanib, davolash boshlansa shuncha yaxshi natija boʼladi. Chunki goʼdaklarda asab tizimi hujayralarining tiklanish xususiyati yuqori boʼladi. Davolash (massaj, gimnastika, suzish, fizioterapevtik muolajalar, masalan, ulьtratovush, elektroforez, magnitoterapiya) bilan birgalikda baʼzan dori-darmonlar ham buyuriladi.
Rayhon MUDАRISOVА, pediatr.
Mushak gipertoniyasi va gipotoniyasi