Mus’ab ibn Umayr

Mus’ab ibn Umayr

Mus’ab ibn Umayr

Mundarija скрыть
Mus’ab ibn Umayr
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Mus’ab mashhur sahobalardan, kunyasi Abu Muhammad. U Makkaning badavlat oilalaridan birida ulg‘aydi. Xushsurat, kelishgan bu bolaning atrofida ota-onasi girdikapalak edi. Ayniqsa, Makkaning eng boy ayollaridan biri sanaladigan onasi unga qimmatbaho kiyimlar kiygizar, antiqa atirlar surtib qo‘yardi. Makkaliklarning unga havasi kelardi. Bir safar Payg‘ambarimiz (s.a.v.) u haqda shunday degandilar: “Makkada Mus’ab ibn Umayrdan ko‘rkamroq yigitni, undan chiroyliroq kiyinadigan va to‘kinlik ichida yashaydigan o‘smirni bilmayman”.
Hashamat va mol-dunyo ichra yashayotgan Mus’ab Rasululloh (s.a.v.) odamlarni Islomga chorlayotganlaridan xabar topdi. U vaqtni boy bermay, darhol Payg‘ambarimiz (s.a.v.) huzurlariga kelib imon keltirdi va musulmon bo‘ldi. Bu paytda makkaliklar musulmonlarga tazyiq o‘tkazishni avjiga chiqarayotgan edi. Mus’ab Rasululloh (s.a.v.)ni xufyona ziyorat qilib, onasi va qarindoshlaridan yashirishga urindi. Biroq Usmon ibn Talha bu haqda bilib qolib, Mus’abning qarindoshlarini ogohlantirdi. Natijada uni tutib olib, bandi qildilar. Makkaning kibor va oqsuyak yigitlaridan biri uchun mashaqqatlarga to‘la sinov boshlandi.
Mus’ab muhojirlar bilan Habashiston tomon safarga otlandi. Bir muddat Habashistonda yashab ortga qaytdi. Oldinlari ota-onasiga arzanda farzand bo‘lgan o‘smirning o‘rnini musofirlikdan so‘ng qalbi imon nuriga to‘la, hartomonlama ulg‘aygan Mus’ab ibn Umayr egalladi.
Bu orada birinchi Aqaba bay’ati bo‘lib, bir guruh madinaliklar Islomni qabul qilgan edi. Ular Rasululloh (s.a.v.)dan ustoz so‘rashdi. Rasululloh (s.a.v.) bu mas’uliyatli vazifani Mus’ab ibn Umayrga topshirdilar. Endi Mus’ab madinaliklarga namoz o‘qishni o‘rgatishi, Qur’ondan ta’lim berishi va odamlarni Islomga chorlashi kerak edi. Shu tariqa Madinaga hijrat qilgan ilk musulmon Mus’ab bo‘ldi. Manbalarda: “Madinada ilk juma namozini o‘qigan ham Mus’ab edi”, deyiladi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng Mus’ab Sa’d ibn Abu Vaqqos va Abu Ayyub Ansoriy bilan qiyomatli og‘a-ini bo‘ldi.
Badr va Uhud janglarida yalovbardorlik qildi. Uhudda yarador qilindi va Alloh huzuriga yo‘l oldi. Mus’ab jon taslim qilib yerda yotgan bir paytda Rasululloh (s.a.v.) uni jangda bayroq tutgan holda ko‘rdilar va “Olg‘a yur, Mus’ab!” deb buyurdilar. Lekin u ortga o‘girilib: “Men Mus’ab emasman”, degach, uning Mus’ab qiyofasida kurashayotgan farishtalardan biri ekani ma’lum bo‘ldi.
Mus’ab ibn Umayr shahid etilganida qirq yoshlarda edi. Umrining eng gullagan davrini Payg‘ambarimiz (s.a.v.) o‘gitlarini tinglab, Alloh rizosini topishga sarflagan Mus’ab Islom tarixida o‘z o‘rniga ega shaxs bo‘lib qoldi.
Alloh u zotdan rozi bo‘lsin!
Manbalar asosida Shoakmal Isroilov tayyorladi.
Irfon” taqvimining 2014 yil 1-sonidan olindi.
uzor
«Islomning eng avvalgi elchisi»
Bu ulug‘ inson Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning ashoblaridan biri bo‘lib, Quraysh yigitlarining eng ko‘zga ko‘ringan, go‘zal va saralaridan biri edi. Tarixchi va roviylar uni vasf qilganidek: «Makka ahlining eng xushbo‘y yigitlaridan» bo‘lgan. Buning sababi, u eng asl va xushbo‘y atrlardan foydalanardi.
Mus’ab ibn Umayr badavlat xonadonda dunyoga keldi. Shu sababli to‘qchilik va farovonlik, xullas, ne’matlar ichida o‘sib ulg‘aydi. Ehtimol, Makka yoshlarining orasida ota-onasi tarafidan eng ko‘p erkalangan bola ham Mus’ab ibn Umayr bo‘lsa, ajab emas. U nihoyatda yoqimli, go‘zal yigit bo‘lgani uchun Makka ahlining ko‘pgina majlislari u haqida bo‘lar edi. Mana shu kabi to‘kin-sochinlikda erkalanib, hech bir narsadan kamchilik sezmay o‘sgan inson, keyinchalik yuksak iymon sohibiga aylanib, barcha musulmonlar orasida «Mus’abul xoyr», ya’ni«Yaxshi Mus’ab» deb nom oldi.
U Islom dini shakillantirgan va Muhammad alayhissalom tarbiya bergan ulug‘ zotlarning biri edi. Uning hayot qissasi barcha insonlar uchun yuksak namuna va ibrat maktabi bo‘ldi.
Makka ahlining orasida Muhammad Amin sollallohu alayhi vasallam haqida ko‘p gap-so‘zlar paydo bo‘layotganidan Mus’ab ibn Umayrning ham xabari bor edi. Muhammad alayhissalom haqidaki, ul Zotni Alloh Ta’lo mo‘minlarga bashorat beruvchi, kofirlarni ogohlantiruvchi, yakkayu yolg‘iz Allohning ibodatiga da’vat etguvchi qilib yubordi.
O‘sha paytlarda Makka ahlining ertayu kechda bo‘ladigan tashvishi mana shu haqda suhbatlashishdan iborat edi. Mus’ab ibn Umayr esa shu suhbatlarni eng ko‘p tinglaydigan yigitlardan biri bo‘ldi. U yosh bo‘lishiga qaramay, shu kabi majlislarda doim ishtirok etishga harakat qilardi. O‘ta talabchan va aqlining teranligi ibn Umayrning qalbini ochilishiga sabab bo‘ldi.
Mus’ab ibn Umayr Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u Zotning ashoblari Quraysh mushriklarining yomonliklaridan uzoqroq bo‘lishlik uchun Safo tog‘ining tepasida Arqam ibn Abi Arqam hovlisida to‘planayotganlarini eshitishi bilanoq, bir zum ham ikkilanmay o‘sha tomon yo‘l oldi. Uning zavqi oshib-toshgan edi. Bu hovlida Janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ashoblariga din ta’limini berar, ularga Qur’on oyatlaridan tilovat qilar va ular bilan birga Buyuk Allohga ibodat qilib, namoz o‘qir edilar.
Hali Mus’ab o‘tirishga ham ulgurmay turib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qalblaridan Allohning oyatlari chiqib, o‘tirgan insonlarning qalblari va quloqlaridan o‘rin olayotganiga guvoh bo‘ldi. Chunki bu oyatlarni eshitgan Mus’abning qalbi ham larzaga kela boshladi. Mus’ab benihoya xursandligidan, qalbi go‘yoki joyidan qo‘zg‘ab, o‘zi esa uchib ketayozgudek edi. Payg‘ambar alayhissalom bu alangali yurak joyidan qo‘zg‘ab ketmasligi uchun muborak qo‘llarini Mus’abning ko‘ksi ustiga qo‘ydilar. Bir zum ham o‘tmay Mus’ab iymon kalimasini aytib, Islom dinini qabul qildi.
Mus’ab o‘zining yoshligiga qaramay, ulug‘ hikmat va yuksak qat’iylik sohibi edi. Uning onasi Xunos bintu Molik Islom diniga qattiq qarshilardan edi. Mus’ab iymon keltirgan paytda yer yuzida onasidan ko‘ra u uchun xavfliroq kuch va quvvat bo‘lmagandi.
Butun Makka mushriklari, but-sanamlari va sahrolari Mus’abga qarshi kurashuvchi kuchga aylaganda ham, u uchun onasining xusumatichalik qo‘rqinchli emasdi. Mus’ab fikr qilib, Alloh Ta’lo bir yo‘l ko‘rsatmaguncha, onasidan iymonini yashirishga qaror qildi.
Shunday qilib, Mus’ab Arqamning hovlisiga borib, Payg‘ambar alayhissalom suhbatlaridan bahramand bo‘lishda davom etdi. U o‘z iymonini saqlab, onasining g‘azabidan yiroqda yurganidan juda xursand edi. Ammo xursandlik uzoq davom etmadi. O‘sha paytlarda Makkada biror ish maxfiy bo‘lib qolishi mumkin emasdi. Chunki qurayshning ayg‘oqchi va josuslari har tomonda yurar va har bir qadamni kuzatar edi.
Shu ayg‘oqchilardan biri bo‘lgan Usmon ibn Talha maxfiy ravishda Arqamning hovlisiga kirib, bir-ikki marta Mus’abni u yerda musulmonlar bilan birga namoz o‘qiyotganini ko‘rgach, zudlik bilan bu xabarni Mus’abning onasiga yetkazdi. Buni eshitgan Mus’abning onasi qattiq g‘azablanib, o‘g‘lini o‘z huzuriga chorladi. Mus’ab ibn Umayr yetib kelganda, onasi, qarindoshlari va Makka zadagonlari darhol uni o‘rab olishdi. U esa xotirjamlik bilan ularga Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘qib, uning qalbini poklab, hikmat va sharaf, adolat va taqvoga to‘lg‘izgan Qur’oni Karim oyatlarini tilovat qila boshladi.
Onasi o‘g‘lini so‘zdan to‘xtatish uchun uning yuziga bir tarsaki tushirdi. Ammo qalbida iymon nuri jo‘sh urib turgan Mus’ab so‘zidan to‘xtamadi.
Shundan keyin onasi Mus’abga boshqacha jazo tayin qildi. U Mus’abni hovlisining uzoq burchagiga bog‘lab, qamab qo‘yishni iroda etdi. Lekin ibn Umayrning iymoni zarracha ham kamaymadi. Mana shu paytda ba’zi musulmonlar, Rasulullohning buyruqlariga binoan Habashistonga hijrat qilib ketayotgan edilar. Buni eshitgan Mus’ab onasini va qo‘riqchilarini g‘aflatda qoldirib, iymonini saqlash uchun musulmon birodarlari bilan birga Habashistonga hijrat qilib ketdi. Habashistonda mo‘min birodarlari bilan biroz yashaganidan keyin, Makkaga yana qaytib keldi. So‘ngra mushriklar tomonidan musulmonlarga nisbatan zulm kuchaygani sababli, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ning buyruqlariga itoat etgan holda ikkinchi marta Habashistonga hijrat qildi. Ammo Mus’ab qaerda bo‘lmasin, xoh Makkadami, xoh habash o‘lkasidami, iymonining quvvati yanada ortaverdi. Uning hayoti yangi shaklga ega bo‘lgan edi. Bu shaklni ularga Muhammad alayhissalom bergan edilar. Mus’ab o‘z hayoti Buyuk yaratuvchisi va Mehribon Robbisiga bog‘langanligidan benihoyat xotirjam va xursand edi.
Kunlardan bir kuni Mus’ab ibn Umayr Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning atroflarida o‘tirgan ba’zi musulmonlar huzuriga chiqdi. Ashoblar Mus’abni ko‘rishlari bilan boshlarni egib, ko‘zlarini yumib oldilar. Ba’zilari esa yig‘lab yubordilar. Buning sababi ular Mus’ab ibn Umayrni juda eski va yamoq kiyimlarni kiyib olgan holda ko‘rganlari edi. Ashoblar uning Islomdan avvalgi suratini, ya’ni kiyimlari qimmatbaho va yaltiroq, o‘zi esa juda hushbo‘y va go‘zal suratda yurganini esladilar.
Rasululloh bu holatni ko‘rib, zavqlanib, muborak lablarida chiroyli bir tabassum paydo bo‘lgan holda dedilar: «Mana bu Mus’abni ota-onasi tomonidan ne’matlarning saralari ichida bo‘lganini ko‘rgan edim. So‘ngra u bularning barchasini Alloh va Rasuliga bo‘lgan muhabbati tufayli tark qildi».
Onasi o‘g‘lini dindan qaytarishga bo‘lgan barcha umidlari puchga chiqqach, uni barcha ne’matlardan, hatto taom berishdan ham mahrum etdi. Onasining nazarida, olihalarni tark etib, ularning la’natiga uchragan odam, hatto o‘zining o‘g‘li bo‘lishiga qaramay, taomini yeyishga loyiq emasdi. Onasi har qancha urinmasin, o‘g‘lini dindan qaytara olmadi. O‘g‘lining o‘z so‘zida qat’iyligini bilgan ona uni uyidan haydab chiqarishga qaror qildi. Onasi unga: «O‘sha tanlagan ishingga boraver, endi men senga ona emasman»,  dedi.
Mus’ab onasiga yaqinroq kelib: «Ey onajon, men sizga nasihatchi va mehribondurman. Bas, La ilaha illalloh Muhammadur rasululloh, deb guvohlik bering», dedi.
Onasi g‘azablangan holda asabiylashib: «Olihalarga qasamki, seni diningga aslo kirmayman, aks holda ustimdan kulib, aqlimni zaif deyilishiga sabab bo‘laman», dedi.
Shunday qilib, Mus’ab to‘kin-sochin ne’matlar bilan to‘la bo‘lgan hayotdan faqirlik va muhtojlikka to‘la hayotga chiqdi. Go‘zal va qimmatbaho kiyimlarni kiyib yurgan hushbo‘y yigit, dag‘al, eski va yamoq kiyimlarni kiyib, bir kun to‘q, bir necha kun esa och yuradigan insonga aylandi.
Lekin uning go‘zal ruhi iymonining  pokligi va Allohning nuri bilan to‘lib toshgan edi. Shu sabab u ko‘zlari nurga to‘lgan, qalbi poklik bilan toshgan boshqa insonga aylandi.
Shu vaqt Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Mus’abni buyuk bir vazifa uchun ixtiyor etdilar. Uni Madinaga Rasulullohga bay’at bergan ansoriylar uchun din ilmidan ta’lim beradigan muallim qilib yuborishni iroda etdilar. Mus’ab ibn Umayrning vazifasi bu bilan cheklanmay, balki hali Islomni qabul qilmaganlarni dinga da’vat etish va Madinani Rasulullohning buyuk tashriflariga tayyorlashdan iborat edi.
Mana shu paytda Rasululloh ashoblari orasida Mus’abdan yosh jihatidan ulug‘roq, obro‘ jihatidan yuksakroq, qarindoshlik jihatidan Janobimizga yaqinroq kishilar juda ko‘pchilikni tashkil etardi. Ammo Payg‘ambar alayhissalom «Mus’abul xoyr»ni ixtiyor etdilar. Chunki Janobimiz eng xatarli ishlardan birini kimning zimmasiga yuklashni, tez kunda hijrat diyori, da’vat va da’vatchilar markaziga aylanishi kutilgan Madinani kimning qo‘liga topshirishni juda yaxshi bilar edilar. Mana shu bilan Islom dinining taqdirini Mus’ab ibn Umayrga yukladilar. Ibn Umayr esa Buyuk yaratuvchisi in’om etgan aqliga tayanib, Allohdan madad so‘ragan holda bu xatarli ishni o‘z bo‘yniga oldi.
Mus’ab Madina aholisining qalblarini o‘zining zuhdi, taqvosi ixlosi va muhabbati bilan oziqlantirdi. Bas, ular Allohning diniga guruh-guruh bo‘lib kirdilar. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam  Mus’abni Madinaga yuborayotgan paytlarida Madina musulmonlari o‘n ikki kishidan iborat edi, xolos. Lekin bir necha oy ham o‘tmay, ularning soni kekin ko‘paydi. Kelasi yilning haj mavsumida Madinadan yetmish kishidan iborat bo‘lgan musulmonlar guruhi Rasulullohga bay’at berish uchun, Mus’ab ibn Umayr boshchiligida Makkaga yetib keldi.
Mus’ab o‘zining farosati, mardligi, aql va zakovati bilan Rasulullohning uni ixtiyor etganlikliklari haq ekanini isbot etdi. Mus’ab, batahqiq, o‘zining vazifasini anglar edi. Shu sababdan u o‘zini Allohning diniga chaqiruvchi, insonlarni hidoyat va to‘g‘ri yo‘lga chorlovchi va huddi Payg‘ambari kabi faqat yetkazuvchi ekanini yaxshi bilardi.
Bir kun Asad ibn Zurora xonadonidagi ziyofatda Mus’abning yuksak zakovat egasi ekani yaqqol ko‘rindi. U majlisda insonlarga yumshoqlik bilan Allohning oyatlarini tushuntirar edi. Birdan Madinadagi Bani Abdil Ashhal qabilasining sayyidi Usayd ibn Xuzayr qilichini yalang‘ochlab, g‘azab va nafratda Mus’ab tomon yaqinlashib kela boshladi. Usayd ibn Xuzayrning fikricha, Mus’ab uning qavmini ota-bobosining dinidan qaytarib, ya’ni olihalarni tark etishga chaqirib, hech kim ilgari bilmagan va ko‘rmagan yagona Allohga da’vat etayapti. Ularning olihalari esa o‘zlari bilan birga doim yonma-yon, bordiyu birortalari ularga muhtoj bo‘lsalar, olihalarni makonini topib, so‘ngra yuzlarini ular tomonga burib, hohlagan duolarini qilishlari mumkin. Ammo Muhammadning ilohi, mana bu elchining aytishiga qaraganda, hech kim uning makonini va o‘zini ko‘rishga qodir emasmish!!!
Bu holatni ko‘rgan Mus’abning atrofidagi musulmonlar qattiq vahimaga tushdilar. Lekin Mus’ab hotirjam o‘tirishda davom etdi. Usayd g‘azab bilan Mus’ab ibn Umayr va Asad ibn Zuroraga xitob qilib: «Senlarni bizning mahallamizga kim chaqirdi? Zaiflarimizni mazah qilyapsanlar. Agar hayotdan ko‘z yumishni istamasalaring, bu mahallani tark qillaring», − dedi.
Mus’ab esa o‘zining buyuk xotirjamligida davom etib, unga dedi: «Biz bilan bir oz o‘tirib so‘zimizni tinglamaysanmi? Agar so‘zimizga rozi bo‘lsang, uni qabul qilasan. Agarchi rozi bo‘lmasang, biz seni mahallangni tark qilamiz»
Usayd tushungan, aqlli kishi edi. O‘zicha fikrlab, Mus’abning so‘zi haq ekanini tushundi.
To‘g‘ri-da, Mus’ab uni biroz tinglashga chorlayapti, o‘zga narsaga emas. Agar qanoat hosil qilsa, Mus’abni tinch qo‘yadi. Bordiyu qanoat hosil qilmasa, Mus’ab uning mahallasini tark qiladi. Usayd : «Haq so‘zlading» − dedi. So‘ngra qilichini qiniga solib, eshitishlik uchun Mus’abning yoniga o‘tirdi. Mus’ab unga biroz Qur’on tilovat qilib, Muhammad alayhissalom keltirgan da’vatni sharhlashi bilanoq Usaydning yuzlari va ko‘zlari yarqirab ketdi. Mus’ab so‘zini tugatmasdanoq, Usayd ibn Xuzayr unga va u bilan birga o‘tirganlarga: «Bu qanday ham go‘zal va haq so‘z ekan!.. Bu dinga kirmoqchi bo‘lgan kishi nima qilishi kerak ?» — deb, qichqirib yubordi.
Mus’ab unga dedi: «Kiyimini va badanini poklab, so‘ngra Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va Muhammad alayhissalom uning elchisi ekanligiga guvohlik beradi».
Usayd bir fursat ko‘zdan g‘oyb bo‘lib, so‘ngra sochlaridan suvlar tomib turgan holda qaytib paydo bo‘ldi. Va o‘sha zahoti Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga va Muhammad alayhissalom uning elchisi ekanligiga guvohlik berib, Islom dinini qabul qildi. Bu xabar go‘yo nurdek, har tarafga tarqalib ketdi. So‘ngra Sa’d ibn Muoz kelib, Mus’abning so‘zini biroz tinglagach, qanoat hosil qilib iymon keltirdi. Sa’d ibn Uboda ham unga ergashib iymon keltirdi. Madinaning bu uch sayyidining iymonga kelishi, nihoyatda olamshumul ish edi. Ularning Islom dinini qabul qilganliklarini eshitgan Madina ahli, bir-biriga yuzlanib: «Agar Usayd ibn Xuzayr, Sa’d ibn Muoz va Sa’d ibn Uboda kabi ulug‘lar iymon keltirishgan bo‘lsalar, biz nima uchun ulardan ortda qolishimiz kerak?  Yuringlar, Mus’abning huzuriga, iymon keltiraylik!» − deb aytishdi.
Rasulullohning eng birinchi elchilari misli ko‘rilmagan yutuq va muvaffaqiyatlarga erishdi. Butun Madina ahli iymon keltirib, Islom dinini qabul etdi. Albatta, Mus’ab bunday yutuqqa haqli edi.
Kunlar ketidan kunlar, yillar ketidan yillar o‘taverib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u Zotning sahobalari Madinaga hijrat qildilar. Quraysh mushriklarining musulmonlarga bo‘lgan adovati yanada kuchaydi. Ular musulmonlarga qarshi kurashishlik uchun, jangga hozirlik ko‘ra boshladilar. Natijada Badr g‘azoti bo‘lib o‘tdi. Unda mushriklar mag‘lub bo‘lganliklari sababidan, o‘ch olish uchun Uhud jangiga to‘plandilar. Musulmonlar ham bu jangga hozirlik ko‘ra boshladilar. Bu jangdan avval Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarning saflari orasidan bayroqdor bo‘lishga munosib kishini izladilar. So‘ngra «Mus’abul xoyr»ni yonlariga chaqirib, bayroqni unga tutqazdilar.
Qattiq jang boshlanib ketdi. Urush o‘zining eng qizg‘in pallasiga kirganda, mushriklar mag‘lub bo‘lib, ortga chekina boshladilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tog‘ning yuqorisida turishga amr qilgan kamonchilar guruhi, g‘animat ilinjida, Rasulullohning buyruqlariga xilof ravishda, o‘z joylarini tark qildilar. Afsuski, ularning bu shoshilinch harakatlari, musulmonlarning g‘alabasini mag‘lubiyatga aylantirdi. Chunki tog‘ning ortida pistirmada turgan mushrik otliqlari, qo‘qqisdan hujumga o‘tdilar. Musulmonlar qurshovda qoldilar. Musulmonlar o‘z saflarini parchalanayotganini ko‘rib,
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam atroflariga to‘plana boshladilar. Shu payt Mus’ab Rasulullohga yetishi mumkin bo‘lgan katta xatarni sezib, bayroqni baland ko‘targan holda, uni hilpiratib, qattiq ovozda takbir aytishlik bilan dushman e’tiborini o‘ziga qaratmoqchi bo‘ldi. Uning maqsadi, dushmanni Rasulullohdan uzoq qilib, o‘zi tomon qaratish bilan u Zotning muborak jonlarini saqlab qolish edi.
Mus’ab yakka o‘zi huddi katta bir qo‘shindek, jang qila boshladi. Bir qo‘li bilan bayroqni tutib, ikkinchi qo‘lida qilich ko‘tarib, dushmanni savalardi. Lekin dushman haddan ziyod ko‘p edi. Ular Mus’abning jasadini bosib, Rasululloh sollallohu alayhi vassalom turgan tomonga yetishga harakat qilayotgandilar.
Keling, bu voqealarning guvohi bo‘lgan Zotga murojaat etaylik. U bizga buyuk inson Mus’ab ibn Umayr hayotining eng so‘nggi lahzalarini hikoya qilib bersin.
Ibn Sa’d deydi: «Ibrohim ibn Muhammad ibn Shurahbiyl Al-Abdariy o‘z otasidan bizga rivoyat qiladi.
Otasi dedi­: «Uhud kuni Mus’ab ibn Umayr bayroqni o‘z qo‘liga oldi. Musulmonlar tarqalishib ketganda ham, Mus’ab sabot bilan turaverdi. Mushriklarning otliqlaridan bo‘lgan ibn Qomiyya unga hujum qilib, qilichi bilan o‘ng qo‘lini uzib tushirdi. Mus’ab esa:
«Vama Muhammadun illa Rosulun qod xolat min qoblixir Rusul» — deb, bayroqni chap qo‘liga oldi. So‘ngra boyagi mushrik unga yana bir bor hujum qilib, chap qo‘lini ham kesib tashladi. Ikki qo‘lining tirsagidan tepa qismi qolgan Mus’ab, o‘sha kesik qo‘llari bilan bayroqni ko‘ksiga siqib:
«Vama Muhammadun illa Rosulun qod xolat min qoblihir Rusul» — deb bayroqni ko‘tarishda davom etdi. Haligi mushrik Mus’abga uchinchi bor tashlanib, ko‘ksiga nayza sanchdi…
Mus’ab bayroq bilan birga yiqildi.
Ha… Mus’ab bayroq bilan birga yiqildi. Shahodatning gavhari va shuhadolarning yulduzi yerga quladi. Fidoiylik va iymon jangida buyuk jasorat ko‘rsatganidan so‘ng yerga quladi.
U agar o‘ldirilsa, himoyachilar va mudofaachilarsiz qolgan Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni mushriklar qatl qilishlari uchun yo‘l ochiladi deb, qattiq xavfsiragan edi. Shu sabab Rasulullohga muhabbatining cheksizligidan, va u Zotga yetishi mumkin bo‘lgan zarardan qo‘rqib, qo‘lini uzib tashlayotgan qilich zarbasidan so‘ng, o‘zini tinchlantirib:
«Vama Muhammadun illa Rosulun qod xolat min qoblihir Rusul», ya’ni «Muhammad alayhissalom Payg‘ambardir, xolos. Undan oldin ham payg‘ambarlar o‘tgan» derdi. Bu bilan Mus’ab Payg‘ambar alayhissalom Allohning elchisi va albatta, Alloh Ta’lo o‘z elchisini yordamsiz qo‘ymaydi, deb o‘zini yupatmoqchi bo‘ldi.
Bu kalimalar Mus’ab ularni takror-takror aytganidan so‘ng, uning vafotidan keyin oyat bo‘lib nozil bo‘ldi.
«Muhammad alayhissalom Payg‘ambardir, xolos. Undan oldin ham payg‘ambarlar o‘tgan. Mabodo, u o‘lsa yoki o‘ldirilsa, ortingiz (kufr) ga qaytib ketasizmi ?! Kimki ortiga qaytsa, Allohga sira zarar yetkaza olmaydi. Alloh shukr qilguvchilarni mukofotlar».
Uzoq davom etgan jang tugaganidan so‘ng, Mus’ab ibn Umayrning jasadi pokiza qoniga bo‘yalgan yuzini tuproqqa burkagan holda topildi. Go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetishi mumkin bo‘lgan yomonlikni ko‘rib qolishdan qo‘rqib, yuzini tuproqqa burkab yotar edi. Yoki go‘yoki Rasulullohni mushriklardan himoya qilish vazifasini nihoyasiga yetkazib, Payg‘ambar alayhissalom najot topganliklarini ko‘rib hotirjam bo‘lmasdan ilgari, shahid ketganligidan hijolat bo‘lganday, yuzini tuproqqa burkab yotar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u Zotning ashoblari jang maydonida qurbon bo‘lib yotgan shahidlarning jasadlarini dafn qilishga kirishdilar. Mus’ab ibn Umayrning jasadi tepasida qattiq ko‘z yoshlar to‘kildi.
Habbob ibn Arat aytadi: «Alloh yo‘lida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga hijrat qildik. Maqsadimiz Yolg‘iz Allohning yuziga yetishish edi. Bas, bizning ajr-mukofotimiz Allohning zimmasida bo‘ldi. Bizlardan dunyodagi nasibasini olmasdan o‘tib ketganlar bo‘ldi. Ularning orasida Mus’ab ibn Umayr ham bor edi. U Uhud kuni qatl qilindi. Uni kafanlash uchun eski bir matodan o‘zga narsa topilmadi. Agar o‘sha mato bilan uning boshini yopsak, oyog‘i ochilib qolar edi. Oyog‘ini yopsak, boshi ochilib qolar edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga: «Bu mato bilan bosh tomonini yopinglar, ikki oyog‘ini esa, shox-shabbalar bilan berkiting»,  dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jasadi qattiq tahqirlanib, a’zolari mushriklar tomonidan kesib tashlanib o‘ldirilgan amakilari Hamza roziyallohu anhu uchun qattiq alam va iztirobda bo‘lishlariga qaramay, Mus’abning jasadi ustida uzoq ko‘z yosh to‘kdilar.
Jang maydoni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari va do‘stlarining jasadi bilan liq to‘la bo‘lishiga qaramay, Payg‘ambar alayhissalom  aynan o‘zlarining eng birinchi elchilari jasadi tepasida turib, muborak ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgan holda dedilar: «Mo‘minlar orasida Allohga bergan ahdiga sodiq kishilar bordir».
So‘ngra Mus’ab kafanlangan bu kiyimga nazar tashlab: «Men seni Makkada hammadan ko‘ra nozik va go‘zalroq kiyimlarda ko‘rgan edim. Endi esa sen sochlaring to‘zigan holda bu eski kiyimdasan?!» dedilar.
Jang maydoniga ko‘z tashlab, barcha shahid ketgan Mus’abning birodarlariga qarata Rasululloh sollallohu alayhi vasallam  aytdilar: «Albatta, Rasululloh qiyomat kuni sizlarni Allohning huzurida shahid ekanligingizga guvohlik beradi».
So‘ngra atroflaridagi tirik qolgan ashoblariga yuzlanib dedilar: «Ey insonlar, bularning qabrlarini ziyorat qiling va ularga salom bering. Mening jonim qo‘lida bo‘lgan Zot bilan qasamki, biror bir salom berguvchi ularga salom bermagay, magaram ular alik olgaydirlar».
Assalomu alayka, ey Mus’ab!
Assalomu alaykum, ey shuhadolar!
Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh!
Rijolun havlar-rasul | Hadis.islom.uz

Mus’ab ibn Umayr