MUNOJOT
MUNOJOT — sharq mumtoz adabiyotining anʼanaviy unsurlaridan biri. Odatda, Munojotda najot umidi, tavba va iltijolar tangriga otashin murojaat shaklida ifodalanadi. Munojot koʻproqepik hamda liro-epik asarlarning bosh — muqaddima qismida Allohga hamd va paygʻambarimiz Muhammad (sav)ga naʼtdan oldin keltiriladi. Munojot dastlab musulmon kishining Allohga murojaat etib, oʻz hojatlarini soʻrashi, yalinib-yolvorishi tarzida yuzaga kelgan. 9 — 10-a. lardan boshlab badiiy adabiyotda Munojot yozish anʼana tusini olgan. Munojot baʼzan nasriy shaklda va mustaqil asar tarzida ham yozilgan. Alisher Navoiyning shu nomdagi asari va «Xamsa» dostonlari tarkibidagi Munojot lari xayratlanarli asarlardir. M. Namunalari oʻzbek epik dostonlarining qariyb hammasida uchrab, asar mualliflarining tasavvufiy mayl va eʼtiqodlarini ifodalaydi. Munojot liro-epik asarlar oxirida berilishi ham mumkin.
Ensiklopediya.uz
MUNOJOT