MUNKE

MUNKE

MUNKE, Mangu (1208-1259) – Moʻgʻullar davlatining 4-buyuk xoni (kroni), Chingizxonning nabirasi, Tulixonning toʻngʻich farzandi. 1251-y. Qoraqurumt boʻlgan qurultoyda Botuxonning qaroriga binoan qoonlik shohsupasiga oʻtirgan. Qurultoy paytida Munkening hukmdor etib saylanishiga qarshi chiqmoqchi boʻlgan Oʻqtoyxon tarafdorlari hibsga olinadi. 77 kishi qurultoydan keyin qatl etiladi, Sheramun va b. xonzodalar afv etiladi va mamlakatning turli chekka viloyatlariga joʻnatiladi. Munke dushmanlik ruhida boʻlgan Chigʻatoy va Oʻqtoy uluslarini boʻysundirish hamda tasarrufidagi yerlar chegarasini Botuxonga tegishli boʻlgan Joʻji ulusi sarhadlarigacha yetkazishga muvaffaq boʻladi. Chigʻatoy ulusiga Ergana xotun (Orqina xotun) hukmdor etib tayinlanadi. Chingiziylar imperiyasida Chingizxon asos solgan yakka hokimlik oʻrnida Botuxon va Munke rahbarligidagi ikki hokimlik vujudga keladi. Sharqiy Turkiston, Quljin, Yettisuv M. tasarrufiga kiradi. Movarounnahr Botuxonga boʻysunadi. Munke davriga muayyan viloyat yoki yurtning millati va dinini eʼtibordan qochirmagan holda boshqarishga katta eʼti-bor qaratiladi. Shu bois qoon devonida barcha millat vakillari faoliyat koʻrsatar, birorbir yurt, elat xalqiga qarata qabul qilinadigan qaror yoki murojaatnomalar shu xalqning tilida va yozuvida bitilar edi.

Ensiklopediya.uz
MUNKE