MUHAMEDOV
MUHAMEDOV Abdurahim (1923.10.7 – Toshkent — 1980.10.2) — kompozitor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1975). Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1955). 2-jahon urushi qatnashchisi (1942—43). Oʻzbek davlat filarmoniyasida sozanda (1945—52), musiqa rahbari (1965—71 va 1975— 77), Madaniyat vazirligida yoʻriqchi, boshqarma boshligʻi (1955—56, 1960— 64), Oʻzbekiston televideniyesi (1958— 60) va Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida (1972—74) musiqa muharriri. Ijodida musiqali komediya va qoʻshiq janrlari asosiy oʻrin egallagan. Kuylari oʻzbek musiqa merosi anʼanalariga tayangan, oʻziga xos intonatsionritmik uslubi bilan ajralib turadi. Muhamedov «Jon qizlar» (K. Shangʻitboyev, K. Boyseitov pyesasi, 1963), «Gavhari shamchiroq» (S. Ulugʻzoda, 1967), «Togʻ goʻzali» (S. Saidmurodov, 1972), «Olifta» (F. Musajonov; N. Xalilov bilan hamkorlikda, 1974) kabi musiqali drama va komediyalar yozgan. Muhamedovning «Jon kizlar», «Yetti qiz», «Jon Oʻzbekiston», «Shohi soʻzana», «Alla», shuningdek, bolalar qoʻshiqlari («Kapalak», «Archa qoʻshigʻi», «Qoʻgʻirchogʻim, alla-yo» va b.) ommaviylashgan.
Ensiklopediya.uz
MUHAMEDOV