MODDALAR ALMASHINUVI
MODDALAR ALMASHINUVI, metabolizm — tirik organizmlarning oʻsishi, hayot faoliyati, koʻpayishi, tashqi muhit bilan munosabatlarini do-imiy taʼminlaydigan kimyoviy oʻzgarishlar majmui. Moddalar almashinuvi tufayli xujayra tarkibiga kiradigan molekulalar parchalanadi va sintezlanadi, hujayra strukturalari va hujayralararo moddalar hosil boʻladi, yemiriladi va yangilanadi. Mas, odamda barcha toʻqima oqsillarining yarmisi taxm. 80 sutkada parchalanib, yangidan hosil boʻladi; jigar va qon zardobidagi oqsillarning yarmi har 10 kunda, muskul oqsillari 180 kunda, ayrim jigar fermentlari xar 2—4 soatda yangilanib turadi. Moddalar almashinuvi energiya almashinuvi bilan chambarchas bogʻlangan boʻlib, ularni bir-biridan ajratib boʻlmaydi. Hujayralarda sodir boʻladigan Moddalar almashinuvi b-n energiya almashinuvi biologik katalizatorlar — fermentlar ishtirokida amalga oshadi. Energiya almashinuvida murakkab organik molekulalardagi kimyoviy bogʻlar shaklida mavjud boʻladigan potensial energiya kimyoviy oʻzgarishlar tufayli hujayra strukturasi va funksiyasini, tana haroratini saqlab turish, ish bajarish va b. jarayonlar uchun sarf boʻladigan energiyaga aylanadi.
Ensiklopediya.uz
MODDALAR ALMASHINUVI