MOCHIN

MOCHIN

MOCHIN (Ulugʻ Chin, Buyuk Chin) qadimda Xitoyning shim. va shim.gʻarbida yashagan xalqlar nomidan kelib chiqqan joy nomi. Mochinning oʻrni ijtimoiysiyosiy vaziyat yoxud xalqlarning koʻchishi natijasida oʻzgarib turgan. Mahmud Koshgʻariy «Devonu lugʻotit turk»da 20 ona turk qabilasidan biri, Yuqori Chinda istiqomat qilgan tabgʻachlarni keyingi davrda «Mochin» deb atalganligini aytib oʻtib, jumladan, «Chin va Mochin xalqlarining alo-hida tillari boʻlsa ham, shaharliklar turkiychani yaxshi biladi. Bizga yozgan xatlarini turkiy yozuv bilan yozadi», deb xabar bergan. Mahmud Koshgʻariy chizgan xaritada Mochinning 3 tomoni dengiz bilan oʻralgan boʻlib, uning Yaponiya (Jabrqa) bilan dengiz orqali ajralib turganligi koʻrsatilgan. Bundan Mochin deb Manjuriya hududi nazarda tutilganligi ayon boʻladi. Shuningdek, asarda «Rum oʻlkasidan Mochin gacha boʻlgan turk ellari yashagan qududning uz. 5 ming farsang, eni 3 ming farsang» boʻlganligi aytilgan. 19-a. da NM. Prjevalskiy bergan maʼlumotga koʻra, Mochin liklar Sharqiy Turkistonning qad. tub joy qabilasi boʻlib, ushbu mamlakatning jan.-sharqiy qismida, Xoʻtandan Keriyya orqali Charchanga boradigan qad. karvon yoʻlidagi Qorongʻutogʻ etaklarida yashaganlar. 19-a. da togʻlik Mochin liklar 2000 ga yaqin oilani tashkil etib, ular mongoloid va yevropeoid irqiga mansub boʻlganlar.

Ensiklopediya.uz
MOCHIN