Mizoj, parhez, salomatlik haqida malumot

Mizoj, parhez, salomatlik haqida malumot

Kishi mizojiga qarab ovqatlansa salomatligi soz bo‘ladi. Mizoji mo‘’tadil, sog‘lom kishilar qo‘zichoq, buzoq, echki go‘shtlaridan taom tayyorlab yeyishlari, xushbo‘y va toza ichimliklar ichishlari kerakligi qadimgi tibbiy manbalarda yozilgan.

Mizoji issiq kishilar yengil, sovuq ovqat va ichimliklar iste’mol qilishlari lozim. Ertalablari nordon anor, nordon uzum, yoki limon sharbatiga ivitilgan bir yoki ikki bo‘lak non yesalar yaxshi. Yoki nordon sharbatlardan ichishsa ham bo‘ladi. Nordon sharbat, nordon uzum bilan qaynatma sho‘rva, olxo‘rili qaynatma sho‘rva va uksus solingan yasmiqli qaynatma sho‘rvalar mizoji issiq kishilar uchun zarur ozuqalardir.

Baliq issiq xiltlarlarni kamaytiradi. Shuning uchun u issiq mizojli kishilar uchun juda foydali. Bunday kishilar baliq yeganlaridan keyin sikanjubin(asal va sirka aralashmasi) yoki biroz sirka iste’mol qilishlari lozim. Oshqozoni issiq mizojli kishilar ovqatni kechiktirib yesalar, boshlari og‘riydi. Issiq mizojli ovqat iste’mol qiluvchi kishi ovqatni tez tanovul qilmasligi va ovqatni ikkiga bo‘lib, oradan biroz o‘tib yemog‘i lozim.

Balg‘am me’yordan ortsa miya uchun zarar qilar

Sovuq mizojli kishilarga yumshoq va issiq tarkibli ovqatlar, masalan qo‘y go‘shti, no‘xat sho‘rva, yosh kaptar va chumchuq go‘shtlari, dolchin va sedana mos keladi. Mizoji sovuq, semiz odamlar grek yong‘og‘i yoki zaytun yog‘iga qovurilgan go‘shtga sedana, dolchin va sarimsoq aralashtirib yeyishlari foydalidir.

Baliq sovuq va ho‘l tarkibli bo‘lib, balg‘amni oshiradi. Shuning uchun ham sovuq mizojli va oshqozonida balg‘am ko‘p bo‘lganlarga baliq zararli. Balg‘amning me’yoridan ko‘p bo‘lishi nerv va miyaga zarar qilib, lyumbago, apopleksiya va falaj kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Balg‘amni tanadan chiqazish uchun surgi dorilar, issiq suv yoki sikanjubin qabul qilinishi zarur.

Sovuq va quruq, melanxolik mizojli kishilar ho‘l ovqatlarni iste’mol qilib, tariq, yasmiq, quritilgan go‘sht va sho‘r mahsulotlardan saqlanishlari kerak. Masalan uksus qo‘shilgan sho‘r baliq, quruq va sovuq mahsulotlar oshqozonda safro paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bu esa ovqat hazm bo‘lmasligiga va savdo oshishiga olib keladi. Shuningdek chipqon va qichimalar paydo bo‘lishiga imkon yaratadi.

Quruq mizojli xolerik odamlarga sovuq va ho‘l mahsulotlar – lapsha(ugra), guruch va go‘shtga aralashtirilgan ismaloq foyda qiladi. Ular issiq va quruq bo‘lgan oziq-ovqatlar (masalan, tuzlangan baliq)dan saqlanishi kerak, chunki bunday mahsulotlar safro oshib ketishiga olib keladi.

Safro oshishi sabablari

Ovqatlanish yil fasllari bilan chambarchas bog‘liq. Chunki fasllar xiltlarning zichligiga ta’sir qiladi. Demak parhez ham faslga qarab belgilanishi kerak.

Bahorning tabiati quruq va ho‘l. Shuning uchun sovuq va quruq oziq-ovqatlarni ko‘p miqdorda ertalab va kechqurunlari yemoqlik kerak. Bular qon buzilishining oldini oladi. Qonga salbiy ta’sir qiluvchi juda shirin oziq-ovqatlardan saqlanish lozim. Bahor paytida go‘sht va sharbat iste’mol qilinishi kerak.

Yozning tabiati issiq va quruq. Chunki safro bu faslda ko‘payadi. Safroni oshiruvchi yoki ko‘p ishlab chiqaruvchi mahsulotlardan saqlanish lozim. Mizojni sovuq va ho‘l qiluvchi mahsulotlar ko‘p miqdorda iste’mol qilinishi kerak.

Nordon ovqatlar va ichimliklar yoz uchun juda mos. Anor suvi, xom uzum, limon, atirgul va olma safroni kamaytiradi. Bodring, qovoq, semizo‘t, shuningdek sirka va boshqa nordon narsalar aralashtirilgan ovqat va sho‘rvalar foydalidir. Namakobda saqlangan sho‘r yoki o‘tkir hidli mahsulotlarni yeyishdan saqlanish lozim.

Kuzda qon kamayib, savdo ko‘payadi. Bu faslning mizoji sovuq va quruq. Shuning uchun bu faslda quruq va sho‘r ovqatlardan saqlanib, issiq va ho‘llarini yeyish kerak.

Qishda balg‘am ko‘payadi, xiltni oshiruvchi ovqat va ichimliklardan saqlanish kerak. Bu faslning tabiati sovuq va ho‘l, demak issiq va quruq mahsulotlarni yeyish maqsadga muvofiq. Masalan, sarimsoq, piyoz yoki qalampir va zanjabil kabi ziravorlar bilan tayyorlangan taomlar, o‘t ustida pishirilgan go‘shtlar(kabob) va shirinliklar qish fasli uchun xos. Sovuqlikni oshiruvchi mahsulotlardan saqlanish lozim. Qishda mizoji issiq, yozda sovuq va iliq ovqatlarni iste’mol qilish kerak. Oziq ovqat mahsulotlarining mizoji o‘ta sovuq va o‘ta issiq bo‘lmasligi lozim.

Qadimgi tabiblarimiz usuliga muvofiq go‘shtli palov va tovuqli kabob mizojni “me’yorlashtiruvchi” bo‘lib yilning to‘rt faslida iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Nomuvofiq yeguliklar

Ayrim mahsulotlar aralashtirilib yeyilmaydi. Qadimgi tabiblarimiz bu mavzuda quyidagicha maslahat berishadi:

  • Yogurt(qatiq) va pishmagan uzumdan tayyorlangan taomlar birgalikda iste’mol qilinmasligi kerak.
  • Olxo‘ri, yovvoyi o‘rik, shaftoli va nordon anorlarni ketma-ket yeyish mumkin emas.
  • Sirka qo‘shilgan ovqatlar: pishmagan uzum, sho‘r baliq yoki quritilgan go‘sht bilan yeyilmaydi.
  • Guruch sirka bilan iste’mol qilinmaydi.
  • Yosh kabutar go‘shti, sarimsoq, piyoz va xantal bilan yeyilmaydi. Agar bu uch mahsulot yosh kabutar go‘shti bilan birga iste’mol qilinsa ular qonni qaynatadi va teri kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.
  • Tovuq qatiq bilan pishirilmasligi kerak.
  • Tovuq go‘shti baliq bilan birga yeyilmaydi.
  • Tovuq go‘shti nordon ovqatlar bilan me’yorida iste’mol qilinishi kerak. Agar me’yordan ortsa qorin og‘rig‘iga sabab bo‘lishi mumkin.
  • Meva iste’molidan keyin muzdek suv ichilmaydi.
  • Piyoz sarimsoq bilan birga yeyilmaydi.
  • Bir kunning o‘zida sut va vino ichish podagra kasalligiga olib keladi.
  • Toza baliq, sut, sut mahsulotlari, toza pishloq va tuxum birga iste’mol qilinmaydi. Baliq bilan birga iste’mol qilinmaydigan mahsulotlar ichida tuxum birinchi o‘rinda keladi. Hattoki shu oddiy qoidaga rioya qilmaslik o‘limga sabab bo‘lishi mumkin deyiladi.
  • Baliq iste’molidan keyin suv ichmaslik kerak. Ammo chanqoqlikka sabr qilish kerak.
  • Qatiq bilan baliq iste’mol qilinmaydi.
  • Go‘sht iste’mol qilish ayniqsa yerda yuruvchi hayvonlar go‘shti bilan baliqni birgalikda yeyish juda zararlidir. Surunkali kasalliklarga olib kelishi mumkin.

© Abdukarim USMONXO‘JAYEV, tibbiyot fanlari nomzodi.
Anvar QOSIMXO‘JAYEV, tibbiyot fanlari nomzodi.
Fahriddin IBRAGIMOV, tadqiqotchi.

«Sihat-salomatlik» jurnali.

Kasalliklar
Mizoj, parhez, salomatlik