Mirzo Ulug’bek va uning akademiyasi (referat, insho, matn)

Mirzo Ulug’bek va uning akademiyasi (referat, insho, matn)
mirzo ulugbek va uning akademiyasi referat insho matn 65caeeb103a8c

1564118801 mirzo ulugbek mirzo ulubek 1394 1449 1 210x300 1

Mirzo Ulug’bek va uning akademiyasi (referat, insho, matn)

Mundarija скрыть
Mirzo Ulug’bek va uning akademiyasi (referat, insho, matn)
DO`STLARGA ULASHING:
Baxtga qarshi, Ulug‘bek rasadxonasining qurilgan vaqti haqida tarixiy manbalardan aniq, hozirgacha uchraydigan bahslarga nuqta qo‘yadigan ma’lumot hali-hanuz topilgani yo‘q. V.Bartold “Ulug‘bek va uning davri” asarida 1420 yil voqealari haqida tarixchi Abdurazzoq aytganlaridan xulosa qilib, madrasa va observatoriyaning qurilish ishlari 1420 yili yakunlangan degan fikrga keladi. Arxeolog V.Shishkin rasadxona qoldiqlarini qazish paytida uning janub tomonidan topilgan uchta tanga haqida gapirib, ulardan ikkitasining chetida 823 hijriy yil(melod bo‘yicha 1420 yil) degan yozuv bo‘lganini ma’lum qiladi. Mirxondning “Ravzat us-safo”da yozishicha, rasadxona binosi jadal sur’atlar bilan qurilganini inobatga olinsa, u 1420 yoxud 1421 yili qurilganligi ayon bo‘ladi. Solih Zakiyning “Osor al-Boqiya” asarida “Ulug‘bek 824 hijriy yili(ya’ni 1420 yili) qurilgan rasadxonaga G‘iyosiddin Jamshid va Qozizoda Rumiyni yetakchi shaxslar etib tayinladi”, – deb yozadi. “Ziji Guragoniy”ning so‘zboshisida: “Biz yoritg‘ichlarni kuzatish masalasini hal qildik. Ularni Qozizoda Rumiy va G‘iyosiddin Jamshid hamkorligida bajardik… Bunda muhim ish(“Zij”)ni yozish va rasmiylashtirishning (G‘.Jalolov forscha “soxta va pardoxta” so‘zlarini shunday tarjima qilib, unga bir necha misollar keltiradi) boshida G‘iyosiddin, keyinroq Qozizoda Rumiy vafot etdi. Shundan so‘ng ishni oxirigacha rasmiylashtirish (Ulug‘bekning) qimmatli o‘g‘ilxoni Ali ibn Muhammad Qushchi bilan birgalikda amalga oshirildi”.

DO`STLARGA ULASHING:

Mirzo Ulug’bek va uning akademiyasi
Dunyo astronomiya fani taraqqiyotida o‘rta asr Sharq astronomiyasi, jumladan, Markaziy Osiyo olimlarining faoliyati alohida o‘rin tutadi. Bu davrda, ayniqsa, Quyosh, Oy va sayyoralarning harakat nazariyasi, amaliy astronomiyaning vaqt va joyning geografik koordinatalarini aniqlashga doir masalalari bo‘yicha O‘rta Osiyo, xususan, o‘zbek allomalari juda boy meros qoldirdilar. Bu davrda musulmon mamlakatlarining yuzlab buyuk mutafakkirlari astronomiya, matematika va falsafa fanlari bo‘yicha tadqiqot ishlari bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Ular ichida Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Nasr al-Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Umar Xayyom, Abu Mahmud Hamid al-Xo‘jandiy, Nasiruddin at-Tusiy, Mahmud al-Chag‘miniy, Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Ulug‘bek kabi mashhur siymolar o‘z ijodlari, ilmiy meroslari bilan Markaziy Osiyo xalqlarininggina emas, balki dunyo xalqlarining boyligiga aylanib, bugun jahonning barcha ellari orasida hurmat bilan tilga olinadilar.
Dastlab xalifa Ma’mun zamonasida (IX asr) ishga tushirilgan va Al-Xorazmiy ishlagan Bag‘dod rasadxonasi, so‘ngra Umar Xayyomning Isfahondagi, Nasiruddin at-Tusiyning Marog‘adagi va Abu Mahmud Hamid al-Xo‘jandiyning rasadxonalari va, nihoyat, bular ichida kattaligi, bosh astronomik asbobining aniqlik darajasi yuzasidan hammasidan ustun turadigan Ulug‘bek rasadxonasi va uning maktabining ilmiy merosi o‘rta asrlarda astronomiyaning fan sifatida shakllanishida muhim bir bosqichni boshlaganligini dunyo olimlari tan oladilar.
Salkam yetti asr davom etgan Sharq astronomiyasining jo‘shqin faoliyati Ulug‘bek va uning akademiyasining boy ilmiy merosi bilan yakunlandi. Mazkur rasadxona ishga tushirilganda uning bosh “teleskop”ining aniqlik darajasi atigi bir necha yoy sekundigacha borib, to optik teleskoplar ixtiro qilingan XVII asrga qadar uning samaralari o‘rta asr astronomlari uchun astronomik kuzatishlarda erishilgan rekord natija bo‘lib xizmat qildi. Bu asbob Quyosh, Oy va sayyoralar harakat nazariyalarini yangi bosqichga ko‘tarish, tutilishlar nazariyasi va amaliy astronomiyaning asosiy predmetlaridan bo‘lgan vaqtni o‘lchash ishlarida yuksak aniqlikka erishish imkonini berdi.
Ulug‘bek astronomiya maktabi vakillarining tadqiqotlari natijasi bo‘lgan buyuk meros – “Ziji jadidi Ko‘ragoniy”dan keyingi yuz yillar mobaynida faqat Sharq emas, balki G‘arb mamlakatlari ko‘pgina yirik rasadxonalarining olimlari dasturul-amal sifatida keng foydalandilar.
Rasadxona qurilishi tarixi
Odatda, o‘rta asrlarda, har bir podshoh saroyida munajjimlar bo‘lgan. Munajjimlar astrologik maqsadlarda osmon jismlarini kuzatib, Oy, yulduz va sayyoralarning holatlarini aniq o‘rganish, shularga ko‘ra, saroy a’yonlari, mamlakat hamda podshohlik taqdiri haqida “bashorat” qilish bilan shug‘ullanganlar. Jumladan, Amir Temur saroyida ham Mavlono Ahmad va Mavlono Abdulloh kabi munajjimlar ishlagani tarixiy manbalardan ma’lum. Shulardan saroyda hakimlik ham qilgan Mavlono Ahmad sayyoralarning 200 yillik holatlarini oldindan belgilab, ulardan turli maqsadlarda foydalanish uchun jadvallar tayyorlagan. Binobarin, o‘rta asrlarda munajjimlar uchun sayyoralarning oldindan hisoblangan holatlari bilan kuzatishdan olingan natijalarning mos kelishi juda muhim ahamiyat kasb etgan.
Shuni e’tiborga olib, IX-XII asrlarda Sharqda ishga tushirilgan rasadxonalarda olib borilgan kuzatishlarning natijalari asosida tuzilgan jadvallarni yangilashga ehtiyoj tug‘ildi. Bu esa, o‘z navbatida, yangi, aniq samaralar beradigan quvvatli astronomik asboblar bilan jihozlangan rasadxonalar qurilishini taqozo etardi. Natijada Chingizxonning nevarasi Huloguxon saroyining munajjimi taniqli olim Nasiriddin at-Tusiy XIII asrda Ozarboyjonning hozirgi Tabriz(Eron) yaqinidagi Marog‘a shahrida rasadxona qurdirdi. Ko‘pyillik kuzatishlar asosida Tusiy yangi astronomik jadvallar tayyorladi va uni Huloguxonga bag‘ishlab, “Ziji Elxoniy” deb atadi. Biroq, ko‘p o‘tmay, ya’ni XIV asrning oxirlariga kelib Nasiriddin tuzgan jadvallarda keltirilgan ma’lumotlar ham kuzatish natijalaridan sezilarli farq qila boshlagani ma’lum bo‘ldi. Shu munosabat bilan yanada aniq ma’lumotlar olish imkonini beradigan, oldingilaridan afzalroq va aniqroq astronomik qurilmalarga ega bo‘lgan rasadxona bunyod etish ehtiyoji tug‘ildi.
Shularni e’tiborga olib, Ulug‘bekning otasi Shohrux hukmron bo‘lgan mamlakatning Koshon shahrida istiqomat qilayotgan matematik va astronom G‘iyosiddin Jamshid “Ziji Xoqoniy” dar takmil “Ziji Elxoniy” (“Xoqon ziji” – “Ziji Elxoniy”ning takomillashtirilgani) degan mashhur risolasini bitdi. 1413 yili yozib tugallangan bu asar Ulug‘bekning otasi Shohruxga bag‘ishlangan edi. “Xoqon Ziji”ning nazariy qismi va astronomik jadvallari “Ziji Elxoniy”ning bunday qismlaridan biroz farq qilib, yangi ma’lumotlar bilan boyitilgan edi.
Biroq mazkur tuzatishlar Quyosh, Oy va sayyoralarning topilgan holatlari aniqligini faqat bir necha yil mobaynidagina ta’minlay olardi, xolos. Quyosh, Oy va sayyoralarning bir necha o‘n yillarga doir holatlarini oldindan aniq topish uchun esa, ularning orbita elementlarini(Quyoshning yillik ko‘rinma yo‘li-ekliptikaga og‘maligini, ularning davrlarini, Oy va planetalarning ekliptikani kesib o‘tish onlarini, ekliptikaning osmon ekvatoriga og‘maligini, kuzatishlar uchun muhim bo‘lgan bahorgi tengkunlik nuqtasining o‘rnini aniq belgilashni va boshqa bir qancha astronomik kattaliklarni) yangidan aniqlash talab etilardi. Bu, o‘z navbatida, Quyosh, Oy va planetalarning koordinatalarini, shu asosda yerda joyning geografik uzunlama va kenglamalarini, Quyosh va Oy tutilishlarining vaqtlarini, astrologik tole’nomalar tuzish uchun Oy va sayyoralarning o‘zaro yaqinlashish va “qo‘shilish” paytlarini, yulduz yili va tropik yil uzunliklarini, yil fasllarini aniq belgilash uchun juda muhim hisoblanardi. Aynan shu masalalarni hal qilish uchun kuzatishlar va o‘lchashlarga imkon beradigan aniqlik darajasi yuqori astronomik asbobni ishga tushirish, ya’ni yangi rasadxona qurish astronomlar uchun dolzarb muammo edi.
Shohrux mamlakati hududida yangi rasadxona qurish niyati o‘sha paytlari matematika va astronomiya sohasida bir necha e’tiborli asar yozib tanilgan koshonlik G‘iyosiddin Jamshid Koshiyni anchadan buyon o‘rtab kelardi. Shu boisdan Koshiy Shohruxga bo‘lgan hurmatini unga bag‘ishlab bitgan “Zij”i orqali izhor etish bilan chegaralanmay, unga yangi rasadxona qurish rejasi borligini ham bildirgan deb taxmin qilinadi. Biroq Amir Temur vafoti munosabati bilan uning avlodlari orasida taxt uchun ixtiloflarning boshlanib ketishi, jumladan, 1415 yili Koshon va uning atrof viloyatlarining voliysi Said Vaqqos Shohruxga qarshi ko‘targan qo‘zg‘olon unga bunday xayrli ishlarni boshlashga xalal berdi.
Temur farmoni bilan 1399 yili Umarshayx o‘rniga Farg‘onaga hokim etib tayinlangan uning o‘g‘li Iskandar(Shohruxning eng katta jiyani), Said Vaqqosning Ozarboyjon tomon yurishidan foydalanib, Jamshid Koshiyning vatani Koshonga bostirib kirib, uni zabt etadi. Endi Iskandar hukmronlik qilayotgan yurtda qolgan Jamshid Koshiy 1415 yilning qishida rasadxona qurish rejasi bilan Iskandarga murojaat qiladi. Iskandarning roziligini olgach, akademik Bartoldning aniqlashicha, 1416 yilning yanvarida Koshiy rasadxonani jihozlash uchun zarur bo‘lgan astronomik asboblarning bayoni aks etgan “Astronomik asboblarga sharh” (“Risolai dar sharhi olati rasad”) risolasini yozib Iskandarga taqdim etadi va bu bilan uning oldiga yangi rasadxona qurish haqidagi taklifni qo‘yadi. Biroq Iskandarning bevaqt vafoti sabab bo‘lib, Koshiyning rejasi bu daf’a ham amalga oshmay qoladi.
Fors tilida bitilgan mazkur asar 1918 yili Petrogradda bosilgan akademik V.Bartoldning “Ulug‘bek va uning davri” asariga ilova qilingan edi. 1940-yillar boshida Koshiyning eslatilgan risolasi sharqshunos, astronom olim G‘. Jalolov tomonidan birinchi marta tarjima qilinganda rasadxona uchun taklif etilayotgan asboblarning beshinchisi X asrda hamyurtimiz – astronom Abu Mahmud Hamid ibn Xidr al-Xo‘jandiy tomonidan ixtiro qilinib, Eronning Ray shahri yaqinidagi Taborak tog‘i etagida qurilgan va “sudsi Faxriy” deb nom olgan katta kuzatish asbobi bo‘lganligi aniqlandi (“Suds”- arabcha oltidan bir, ya’ni aylana yoyining 1/6 qismi – sekstant degani). O‘sha davrda Xo‘jandiyning rasadxonasi Faxr ud-davla saltanati hududida bo‘lib, uning rahnamoligida qurilganidan asbobga “Sudsi Faxriy” deb nom berilgan.
Ulug‘bek maktabining shakllanishi
Astronom G‘.Jalolovning fikricha, Koshiy Iskandar o‘limidan keyin, ya’ni 1416 yilning yozidayoq Ulug‘bek tomonidan Samarqandga taklif etilgan. Sharqshunos olimlar B.Rozenfeld bilan G.Matvievskaya esa, Koshiy Samarqandga 1417 yili kelgan deb uqtirishadi. Nima bo‘lganda ham, Koshiy Samarqandga kelgach, bu yerda rasadxona qurdirish niyati borligini Ulug‘bekka bildirib, unga rasadxona qurilishi uchun mo‘ljallangan va yuqorida eslatilgan “Astronomik asboblarga sharh” risolasini topshiradi. Bunday iltimosning sababini tarixchi Solih Zakiy shunday bayon qiladi: “Ulug‘bek “Ziji Elxoniy”da keltirilgan ma’lumotlar eng so‘nggi kuzatishlar natijalari bilan mos kelmasligini G‘iyosiddin Jamshiddan ko‘p marta eshitganini ta’kidlaydi…”.
Oqibatda matematika va astronomiyadan katta bilimga ega bo‘lgan Ulug‘bek rasadxona qurilishiga rozilik beradi. Shu munosabat bilan Ulug‘bek ko‘p olimlarni to‘plab, 1417 yili rasadxonani qurishga bag‘ishlangan majlis ham chaqirgan. Rasadxona qurilishi bo‘yicha Ulug‘bekning zamondoshi tarixchi Abdurazzoq Samarqandiy bu majlis haqida shunday yozadi: “Majlis bo‘lajak rasadxonani shunday qurish kerakki, oqibatda u vaqt o‘tishi bilan tebranmasin, siljimasin, uzoq yillar abadiy tursin. Buning(rasadxona qurish) uchun (yig‘ilish) Samarqandning Shimoli-Sharqidan ma’qul joy ko‘rsatdi. Uni qurish yakunlangunga qadar quyidagilar bajarilsin: rasadxona bo‘lajak xodimlarining bilimlari takomillashtirilsin, qo‘shimcha jadvallar tuzilsin va zarur (kuzatish) asboblarning uzvlari tayyorlansin…”.
Baxtga qarshi, Ulug‘bek rasadxonasining qurilgan vaqti haqida tarixiy manbalardan aniq, hozirgacha uchraydigan bahslarga nuqta qo‘yadigan ma’lumot hali-hanuz topilgani yo‘q. V.Bartold “Ulug‘bek va uning davri” asarida 1420 yil voqealari haqida tarixchi Abdurazzoq aytganlaridan xulosa qilib, madrasa va observatoriyaning qurilish ishlari 1420 yili yakunlangan degan fikrga keladi. Arxeolog V.Shishkin rasadxona qoldiqlarini qazish paytida uning janub tomonidan topilgan uchta tanga haqida gapirib, ulardan ikkitasining chetida 823 hijriy yil(melod bo‘yicha 1420 yil) degan yozuv bo‘lganini ma’lum qiladi. Mirxondning “Ravzat us-safo”da yozishicha, rasadxona binosi jadal sur’atlar bilan qurilganini inobatga olinsa, u 1420 yoxud 1421 yili qurilganligi ayon bo‘ladi. Solih Zakiyning “Osor al-Boqiya” asarida “Ulug‘bek 824 hijriy yili(ya’ni 1420 yili) qurilgan rasadxonaga G‘iyosiddin Jamshid va Qozizoda Rumiyni yetakchi shaxslar etib
tayinladi”, – deb yozadi. “Ziji Guragoniy”ning so‘zboshisida: “Biz yoritg‘ichlarni kuzatish masalasini hal qildik. Ularni Qozizoda Rumiy va G‘iyosiddin Jamshid hamkorligida bajardik… Bunda muhim ish(“Zij”)ni yozish va rasmiylashtirishning (G‘.Jalolov forscha “soxta va pardoxta” so‘zlarini shunday tarjima qilib, unga bir necha misollar keltiradi) boshida G‘iyosiddin, keyinroq Qozizoda Rumiy vafot etdi. Shundan so‘ng ishni oxirigacha rasmiylashtirish (Ulug‘bekning) qimmatli o‘g‘ilxoni Ali ibn Muhammad Qushchi bilan birgalikda amalga oshirildi”.
“Ziji Ko‘ragoniy” – Ulug‘bek akademiyasidan yodgorlik
Astronom G‘.Jalolov sobiq ittifoq FA Astronomik kengashi qoshidagi astronomiya tarixi bo‘yicha komissiyaning a’zosi sifatida 1950-yillari Sharq astronomiyasi tarixi, jumladan, Ulug‘bek astronomiya maktabi tarixini o‘rganishda qizg‘in qatnashib, davriy ravishda chop etiladigan “Astronomiya tarixidan tadqiqotlar” kitobining birinchi sonidayoq “Ziji Ko‘ragoniy”ning shu kabi boshqa bir qancha “Zij”lardan farqi va afzalliklarini yetarlicha to‘la yoritgan maqolasini e’lon qilgan edi.
Samarqand rasadxonasi tadqiqot ishlarining asosiy mahsuli “Ziji Ko‘ragoniy” so‘zboshi, nazariy qism va zijdan(jadvallardan) iborat bo‘lib, ja’mi 430 sahifani egallaydi. “Zij”ning jadvallarsiz matnli qismi 60 sahifani, qolgan 370 sahifasi esa, astronomik, trigonometrik, geografik va astrologik jadvallarni tashkil qiladi.
So‘zboshi atigi ikki sahifadan iborat. Unda rasadxona va “Zij”ni tayyorlashda ishtirok etgan olimlar haqida gap boradi. Nazariy qism esa to‘rt bo‘limdan(maqoladan) iborat bo‘lib, birinchi bo‘lim o‘sha paytda asosiy taqvimlardan hisoblanmish – hijriy, Yezdigird, Jaloliy(Umar Xayyom loyihasi bo‘yicha XI asrda Malikshoh tomonidan isloh qilingan taqvim), xitoy, uyg‘ur va boshqa bir qancha taqvimlar hamda ularning biridan ikkinchisiga o‘tish haqidagi hisob-kitoblarni o‘z ichiga oladi.
Ikkinchi bo‘lim sferik va amaliy astronomiya masalalaridan tarkib topib, yoritgichlarning azimutlarini, Makkaga tomon yo‘nalishni aniqlash hamda yerda aholi punktlarining geografik uzunlama va kenglamalarini hisoblash usullarini bayon qiladi. Bu yerda mazkur jadvallarning tarkibi, ularning ishlatilishiga doir metodik ko‘rsatma va maslahatlar beriladi.
Uchinchi bo‘lim Quyosh, Oy va boshqa sayyoralarning harakat nazariyasiga bag‘ishlangan. Ularning astronomik uzunlama va kenglamalar bo‘yicha o‘rinlarini aniqlash va u bilan bog‘liq hodisalar, xususan, Quyosh va Oy tutilishlari haqida gap boradi.
Nihoyat, to‘rtinchi bo‘lim uncha katta bo‘lmay, “boshqa astronomik ishlar haqida”gi ma’lumotlarga, jumladan, bir necha sahifasi astrologiyaga oid jadvallarga bag‘ishlangan.
Bular ichida Quyoshning yulduzlar fonidagi yillik ko‘rinma harakati nazariyasi bilan bog‘liq muhim astronomik doimiylik-Quyoshning yillik ko‘rinma yo‘li tekisligining(ekliptikaning) osmon ekvatori tekisligiga (Yer ekvatori tekisligiga parallel tekislik) og‘ish burchagining kattaligi bo‘lib, uni aniqlash bilan o‘rta asr astronomlarining juda katta ko‘pchiligi shug‘ullangan. Quyida ularning ayrimlarini tanishtirib, Ulug‘bek rasadxonasi erishgan natija bilan solishtiramiz:
Navoiyning zamondoshi astronom Birjandiy “Ziji Ko‘ragoniy»ga sharh”ida: “Faxriy sekstanti yordamida(astronomik kuzatishlarni) yoy sekundlarigacha aniqlikda o‘lchash mumkin. Samarqandlik astronomlar eslatilgan og‘ishni(ekliptikaning osmon ekvatoriga og‘ishini – M.M.) Faxriy sekstanti yordamida o‘lchadilar. Unda Quyoshning zenitdan uzoqligi uning kulminatsiyasi paytida(ya’ni aniq tush paytida) aniqlanadi. Bu yoy masofani o‘lchash asosida vaqt o‘tishi bilan mazkur og‘malikning kattaligi o‘zgarib borishini topdilar”, – deb yozadi.
Birjandiy yana ekliptika og‘maligi haqida “Asturlobga sharh” risolasida shularni bayon qiladi: “Ekliptikaning og‘maligi turli davrda turlicha kattalikka ega bo‘ladi… Biroq handasa ilmi olimlarining ichida eng bilimdoni G‘iyosiddin Jamshid Samarqand rasadxonasida 23o 30” 17″ga teng qiymatni olishga muvaffaq bo‘ldi. Shuni eslatish joizki, ekliptikaning ekvatorga og‘ish burchagi vaqt o‘tishi bilan o‘zgaruvchi (o‘rta asrlarda kamayuvchi) xarakter kasb etib, Ulug‘bek zamonasi uchun aniqlangan uning qiymati 23o 30′ 49″ga to‘g‘ri keladi. Binobarin, Samarqand olimlarining bu masalada xatosi atigi 32 yoy sekundini tashkil etib, juda yuqori aniqlik hisoblanadi.
Ulug‘bek rasadxonasining bosh “teleskopi” – sekstantning tekisligi aniq meridian tekisligi bo‘yicha o‘rnatilishi, ya’ni azimuti nolga teng bo‘lishi zarur edi. Bu masala o‘rta asrda qay darajada aniq hal etilganini aniqlash uchun 1941 va 1946 yillari zamonaviy asboblar yordamida o‘lchash ishlari olib borildi. Natijada sekstant o‘qining azimuti(ya’ni Olam o‘qi, zenit orqali o‘tuvchi osmon meridiani tekisligiga og‘maligi – M.M.) 7,5’ga teng chiqdi. Garchi bu xatolik yoritg‘ichlarning meridiandagi balandliklarining qiymatiga deyarli ta’sir etmasa-da, biroq tush paytining 30 sekundgacha xatolik bilan aniqlanishiga olib kelardi.
Toshkent Astronomik observatoriyasining direktori, akademik V.P.Shcheglov bu xatolik haqida yozib: “Ulug‘bek davrida asbob meridian bo‘ylab aniq o‘rnatilgan bo‘lib, ehtimol, besh asr davomida asbob tekisligi azimutining o‘zgarishi, yuz bergan turli hodisalar(er silkinishlari, asbobning cho‘kishi va hokazo – M.M.) oqibatida qurilmaning deformatsiyasi tufayli sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Shuni alohida qayd etish lozimki, Ulug‘bek rasadxonasi sekstanti uchun meridian yo‘nalishi o‘sha davr uchun eng yuqori darajada aniqlik bilan topilgan Yerdagi yagona va qadimiy qurilmadir”.
Ulug‘bek maktabi olimlari rasadxonaning geografik kenglamasini 39o 37′ 28″ga teng deb topishdi. Biroq V.P.Shcheglov tomonidan bu kattalikning qiymatini qayta aniqlash maqsadida 1940-yillari aniq optik qurilmalar yordamida kuzatish o‘tkazilganda, u 39o 40′ 40″ga teng chiqdi. Boshqacha aytganda, o‘rta asrlarda Samarqand rasadxonasining kenglamasini o‘lchashda atigi 3,2′ xatolikka yo‘l qo‘yilgan ekan, xolos.
Arab va fors Sharqi mamlakatlari chegarasida joylashgan ko‘plab aholi punktlarining geografik koordinatalari astronomik kuzatishlar asosida topilib, “Zij”da keltirilgan xalifalikdan tashqaridagi joylarning koordinatalari esa, aftidan, oldingi “Zij”larda keltirilgan ma’lumotlar asosida berilgan.
“Ziji Ko‘ragoniy”ning Quyosh, Oy va sayyoralarning holatlariga tegishli jadvallari, mingdan ortiq bevosita ko‘rinadigan yulduzlarning jadvali, aksariyat hollarda, Samarqand rasadxonasi olimlarining bevosita kuzatishlari natijalari bo‘lib, o‘rta asr astronomiyasining eng aniq jadvallaridan hisoblanardi. Shu boisdan “Ziji Ko‘ragoniy” qo‘lyozmasi o‘rta asrda turli joylarda katta tezlik bilan ko‘chirilib ko‘paytirila boshlandi.
Bobur “Ulug‘bek ziji” haqida gapirib, asar XVI asrda dunyoda eng keng tarqalgan astronomik jadvallardan bo‘lganligini ta’kidlaydi. Ayniqsa, keyingi asrlarda “Ulug‘bek ziji”ga tegishli yulduzlar katalogi aniqligi bilan ko‘p G‘arb astronomlarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Eramizdan oldingi II asrda 1000dan ortiq yulduzning koordinatalari va ravshanliklarini aks ettirgan yulduzlar jadvali yunon astronomi Gipparx tomonidan tuzilgan edi. Bu katalog keyinchalik mashhur misrlik astronom Ptolemey(eramizning II asri) tomonidan muayyan darajada aniqlashtirilib, yulduzlar soni 1028taga yetkazildi.
Rayda yashab, ijod etgan Abu Husayn ibn Umar as-So‘fiy(903-998) birinchilardan bo‘lib Ptolemeyning “Al-Majistiy” kitobida keltirilgan 1017 yulduzning koordinatalarini aniqlashtirib, ravshanliklarini belgilab, yulduz turkumlarining o‘zaro joylashishlarining allegorik tasviri orqali yulduzlar atlasini tuzdi.
“Ziji Ko‘ragoniy”ning yulduzlar katalogida 1018 yulduz o‘rin olgan bo‘lib, yulduz turkumlari bo‘yicha Beruniyning yulduzlar katalogidagi kabi joylashtirilgan edi. Mazkur jadval o‘zbek astronomi G‘.Jalolov tomonidan yaxshi o‘rganilgan. Olimning ma’lum qilishicha, mazkur “Zij”da yulduzlarning ravshanliklarini xarakterlovchi kattaliklarini aniqlashda As-So‘fiy katalogidan keng foydalanilgan.
Astronom G‘.Jalolov “Zij”dan yana shu so‘zlarni keltiradi: “Biz o‘z katalogimizda keltirgan yulduzlarning o‘rinlarini hijriy 841 yilning boshiga(ya’ni 1-muharramiga, u melodiy hisobda 1437 yilning 4 iyuliga to‘g‘ri keladi – G‘.J.) nisbatan aniqladik. Biroq ularning to‘g‘ri chiqishlari (ularning bahorgi tengkunlikning o‘rni bilan bog‘liq koordinatasi) 70 Quyosh yilida 1 daraja (to‘g‘ri chiqish deyiluvchi koordinata bo‘yicha – M.M.) oldinga ketganligini e’tiborga olib, istalgan vaqt uchun ularning har birining o‘rnini aniq topish mumkin”.
Shunga ko‘ra, yulduzlar to‘g‘ri chiqishining o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan va astronomiyada pretsessiya nomi bilan tanilgan bu hodisani (pretsessiya, bu – Yer o‘qining ekliptika o‘qi atrofida 26 mingyillik davr bilan bir to‘la aylanishi tufayli ro‘y beradigan va kichikligi tufayli 5-10 yilda ham ilg‘ash juda qiyin bo‘lgan nozik hodisa) Samarqand astronomlari yaxshi bilibgina qolmay, juda katta aniqlik bilan topganliklarini ham alohida ta’kidlash lozim. Ular aniqlagan pretsessiya kattaligini topish uchun 70 yilda topilgan 1o ga teng siljishni 70 Quyosh yiliga bo‘lish zarur bo‘ladi, ya’ni 1o : 70 = 3600″ : 70 = 51″,4 bo‘ladi. Aslida, pretsessiya kattaligi 50″,2 tengligini e’tiborga olsak, Ulug‘bek maktabi olimlarining bu masalada yo‘l qo‘ygan xatosi atigi 1,2″ ekanligi oydin bo‘ladi. Bu – o‘rta asr astronomiyasi uchun juda katta aniqlik edi.
“Ulug‘bek ziji” yulduzlarining jadvalini amerikalik sharqshunos olim E.Nobl har tomonlama o‘rganilib, Samarqand rasadxonasida astronomik uzunlamasi bo‘yicha 900,kenglamasi bo‘yicha esa 878 yulduz o‘rganilganligini, qolgan yulduzlarning koordinatalari esa, As-So‘fiy yulduzlar katalogidan uzunlamasi bo‘yicha tuzatish kiritib, aniqlanganini ma’lum qiladi.
430 sahifali “Ziji Ko‘ragoniy”ning atigi 5 foizi yulduzlar jadvalini tashkil etadi. Shuni aytish joizki, Samarqand rasadxonasi astronomlarining o‘z oldilariga qo‘ygan asosiy vazifalari, ko‘pchilik o‘ylaganidek, yulduzlar katalogini tuzish bo‘lmay, balki Quyosh, Oy hamda sayyoralarni(jumladan, Utorud, Zuhro, Mirrix, Mushtariy va Zuhalni) sistemali kuzatish asosida, astronomiya-dagi asosiy doimiy kattaliklarni – ekliptikaning ekvatorga og‘maligini, yillik protsessiyani, yulduz yilining uzunligi va shu kabi bir qancha boshqa astronomik kattaliklarning aniq qiymatlarini topish bo‘lgan.
“Ziji Ko‘ragoniy” jadvallarining qariyb 80 foizi Quyosh, Oy va beshta sayyoraga bag‘ishlangan. Bu jadval ma’lumotlari asosida “Ulug‘bek ziji”ning so‘ngida astrologiya ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan bir necha jadvallar keltirilgan. Shu munosabat bilan Navoiyning zamondoshi astronom Abd al-Ali Birjandiy o‘zining “Ziji Ko‘ragoniy»ga sharh”ida: “Astronomlar oldida eslatilgan yetti yoritg‘ichning harakatini o‘rganish, ularga tegishli asosiy doimiy kattaliklarni aniqlash vazifasi turadi. Natijaviy maqsad esa, bu kattaliklarga tayangan holda, ularning kelajakdagi o‘rinlarini aniqlash va Yerda ularning osmondagi o‘rinlariga bog‘liq ravishda ro‘y beradigan hodisalarni oldindan aytishdir”, – deb yozadi.
Turli astronomik hodisalar, ayniqsa, Quyosh va Oy tutilishlari vaqtini oldindan aniqlash maqsadida mazkur tutilishlar kuzatiladigan shaharlar, aholi punktlarining uzunlama va kenglamalarini aniqlash zaruriyati tug‘iladi. “Ziji Ko‘ragoniy”-
da 247 shahar va aholi punktlarining koordinatalari keltirilgan. Rasadxona olimlari tomonidan qancha shaharning geografik koordinatalari bevosita aniqlanganini aytish qiyin. Chunki “Zij”da keltirilgan shaharlarning muayyan qismi Nasiriddin at-Tusiyning “Ziji Elxoniy”sida ham keltirilgan.
Samarqand akademiyasi olimlari “Ziji Ko‘ragoniy” jadvallarini tuzishda aniq kalendar sifatida oy-hijriy kalendarini tanlaganlar. Oy, Quyosh va sayyoralarning istalgan paytdagi o‘rinlarini topish uchun hisob boshi qilib(bu xildagi jadvallar uchun tanlangan bunday kunni astronomlar tengkunlik deb yuritishadi) hijriy 841 yil muharram oyining boshini, boshqacha aytganda, o‘sha yilning boshlanish – yangi yil kirish kunini olishgan edi. Bu kun milodiy hisobda 1437 yilning 4 iyul(payshanba) kuniga to‘g‘ri keladi. Bu davrni yulduzlar katalogining tengkunligi sifatida olinishi, birinchidan, bu kun Samarqand rasadxonasida astronomik kuzatishlar o‘tkazilgan davrning(1420-1450 yillar), taxminan, o‘rtalariga to‘g‘ri kelishidan bo‘lsa; ikkinchidan, mazkur tengkunlik, hijriy yil hisobining kabisa yillarini belgilash uchun qabul qilingan navbatdagi 30 yillik tsiklning(tartibga ko‘ra, 29-tsiklning) boshlanishiga to‘g‘ri kelardi. “Zij” jadvallarida Quyosh, Oy holatlarining o‘zgarishi va boshqa ayrim ma’lumotlar 841-871 yillar(ya’ni to‘la 30 yillik tsikl yillari) uchun berilgan bo‘lib, bunday hol mazkur jadvallardan foydalanishda sezilarli qulayligi bilan muhim edi.
* * *
Yan Geveliyning “Astronomiya darakchisi” kitobida berilgan gravyura (XVII asr). 
Astronomiya ilohasi Uraniya o‘rtada. Uning o‘ng tomonida Mirzo Ulug‘bek, Vilgelm IV (nemis olimi), Yan Geveliy. Chap tomonida Ptolomey, Tixo Brage (daniyalik astronom), Richchi Ole (italiyalik olim).
Bundan salkam olti asr muqaddam azim shahar – Samarqand etagida Ulug‘bek va uning safdoshlari tomonidan ishga tushirilgan rasadxonadan Koinot qa’riga tashlangan nazar faqat Sharqdagina emas, balki jahon fani, madaniyatining “ochilmagan qo‘rig‘i”ni ochish – Koinotni o‘rganishga qo‘yilgan buyuk bir qadam bo‘ldi. Shu ilk qadam sabab bo‘lib Yevropada birin-ketin yirik, yaxshi jihozlangan rasadxonalar ishga tusha boshladi. Polshada Olam tuzilishining geliotsentrik nazariyasi(N. Kopernik tomonidan), Milanda (Italiya) Koinotning cheksizligi va unda Quyosh sistemasi – oddiy bir yulduzning yo‘ldoshlari bilan tashkil etgan sistemasi ekanligini g‘oyasi (Jordano Bruno tomonidan), Germaniyada osmon jismlarining harakat qonunlarini ifodalovchi osmon mexanikasi (I. Kepler tomonidan), Angliyada osmon jismlarining massalarini hisoblash usuli(I. Niyuton tomonidan) kabi muhim kashfiyotlar daryosining vujudga kelishida Samarqand astronomlari “ko‘zini ochgan buloq” dastlabki irmoq bo‘lib Quyosh, Oy va sayyoralarning harakatlarini o‘rganish bo‘yicha Ulug‘bek maktabi qo‘ygan poydevor – nazariy astronomiya deyiluvchi maxsus fanning shakllanishida o‘zining ulkan hissasini qo‘shdi.
Olamni o‘rganish, uning sir-asrorlaridan voqif bo‘lish – insonning Yer yuziga kelishdan maqsadini aniqlab berishdek dunyoqarash vazifasini bajarishi bilan muhim hisoblanadi. U insonni cheksiz Koinotning bir zarrasi va milliardlab yillar davom etgan uning evolyutsiyasining mahsuli ekanligini, u yashagan umr Koinotning yoshi oldida atigi bir daqiqa ekanligini, har bir insonning “bir zumlik” hayotga kelishi mo‘’jizaviy bir holligini va bu “bir zumlik” umrni pala-partish emas, balki buyuk maqsadlarga qaratib yashash zarurligini, bu ulug‘ nomga dog‘ tushirmay yashash lozimligini sezdirishi bilan beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Bu esa, o‘z navbatida, insonni o‘z hayotini, boshqalar taqdiri va shaxsini qadrlashga, tabiatning nodir in’omi – hayotga yengil-elpi qaramaslikka, buyuk ezgu maqsadlarni ko‘zlab ish tutishga, o‘z ijobiy faoliyati bilan uning mazmunini boyitishga, sermazmun qilishga undaydi.

insho, matn), Mirzo Ulug’bek va uning akademiyasi (referat