Mirza Azizov haqida, oilasi, instagram, rasmlari
Mirza Azizov haqida, oilasi, instagram, rasmlari
DO`STLARGA ULASHING:
Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri Direktori
O‘zbekiston xalq artisti Azizov Mirza Mamadjonovich 22 may 1963 yilda Namangan viloyati Chust shahrida tavallud topgan. 1989 yili Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatriga aktyor lavozimiga ishga qabul qilinadi.
1999 yili «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, 2015 yili «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvonlari bilan mukofotlangan.
2016 yildan shu teatrning direktori sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Mirza Azizov faoliyatiga nazar solar ekanmiz, uning yuksak darajadagi musiqali teatr aktyori ekanligiga amin bo‘lamiz. Jumladan, “Yusuf va Zulayxo” da Fir’avn, “Farhod va Shirin” da Bahrom, “Nodirabegim” musiqali dramasida Madalixon, “Alpomishning qaytishi” spektaklida Alpomish, “Na malakman, na farishta” da Mashrab, “Toptalgan tuyg‘u” da Boysoat, “Medeya” da Kreont kabi obrazlarni yuksak mahorat bilan ijro etib, tomoshabinlarning mehri va e’tiborini qozongan.
1996 yili YUNЕSKO tashabbusi bilan Parijda o‘tkazilgan Amir Temurning 660 yilligiga bag‘ishlangan “Temur saltanatida shoir va shoiralar” spektaklida Mavlono Lutfiy, 1997 yili Parijda namoyish etilgan “Ipak yo‘li” spektaklida Karvonboshi rollarining mohir ijrochisi sifatida o‘zbek xalqining boy tarixi va sahna san’atini namoyish etgan.
Mirza Azizov rejissyorlik san’atida ham o‘z mahoratini namoyon qilib, g‘oyaviy-badiiy jihatdan yetuk spektakllar sahnalashtirgan. Uning “To‘da” spektakli 2005 yilda Kohira shahrida o‘tkazilgan XVII Xalqaro eksperemental teatrlar festivalida 94 mamlakat ichidan laureat bo‘lgan.
Ijodkor “Sinfdosh”, “Osmonga sig‘magan qush”, “Xasis boy va xizmatkor”, “Toshkentning nozanin malikasi”, “Uyg‘onish”, “Layli va Majnun”, “Zanjirband qorqiz” singari yana bir qancha spektakllarni sahnalashtirib, o‘zbek musiqiy teatr san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shgan.
U ko‘plab filmlarda yetakchi rollarni o‘ynagan. Jumladan, “Ko‘ngil ko‘chalari” serialida Sanjar, “Ostona” da mayor Mo‘minov, “Imom Buxoriy” da xabash, “Gulxan atrofidagilar” da Xazrat Qorayevich kabi rollari orqali milliy seriallarimizda hamda “Muhabbat sinovlari” filmida Aziz Mirzayevich, “Tubanlik”da Turg‘un xoji, “Marg‘iyona” da temirchi, “Muruvvat” da Qodir, “Muxabbatimsan” da Shuxratxo‘ja, “Gumrohlar” da Mirza Maxmudov, “Novda” da bosh vrach singari 50 dan ziyod kinolarda asosiy rollarni ijro etib, xalqimiz dilidan joy olgan.
Mirza Azizov 2014 yili “E’tirof” milliy mukofotining “Yilning eng yaxshi kino aktyori” nominatsiyasiga sazovor bo‘lgan.
Bugungi kunda xalqaro miqyosdagi muammoga aylangan islom ekstremizmi va unga yanglishib kirib qolgan o‘zbek yigit-qizlarining ayanchli taqdiri to‘g‘risidagi Q.Norqobil asari, S.Yusupov musiqasi “Dildagi dog‘ yoxud qopqon” musiqali dramasi Mirza Azizov tomonidan sahnalashtirilib muxlislar mehrini qozondi.
Mirza Azizov rahbar va ijodkor sifatida jamoada obro‘-e’tibor qozongan. Jamoadagi har bir ijodiy xodimning maslahatchisi, mehridaryo inson. U o‘zining mehnatsevarligi, izlanuvchanligi, o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondoshishi qolaversa, el-yurt uchun xolis va halol xizmat qilib kelayotganligi uchun xalqimiz va ijod ahli orasida katta hurmat va e’tibor qozonib kelmoqda.
instagram, Mirza Azizov haqida, oilasi, rasmlari