Mirtemir She’rlari
Mirtemir She’rlari
DO`STLARGA ULASHING:
Ka’bamsan, she’riyat, ezgu ehromim,
Og‘u ham bol to‘liq bebaho jomim.
Amalim va ishqim, umidu armon,
Uyqusiz tunlarim — jindak ilhomim…
Kerakmas inju ham sensiz, haqiq ham,
Kerakmas shaddod ham sensiz, daqiq ham,
Hayot ham men uchun sensiz bema’ni,
Sensiz o‘tmasin-da hatto daqiqam.
* * *
Qorong‘ulik tushar,
Bag‘rim uvishar,
Tanholikda qayta tug‘ilaman men.
Yorilib ketguday
Tamom yitguday,
Toki tong otguncha bo‘g‘ilaman men.
Ko‘zimga yorug‘lik,
So‘zimga yorug‘lik,
Sog‘ jonga yorug‘lik so‘rayman tongdan.
Armonli yo‘lchiman,
Armonli kuychiman,
Jahonga yorug‘lik so‘rayman tongdan.
BETOBLIGIMDA
Majnuntol tagiga o’tqazing meni,
Qovrilmay g’ashlik alangasida,
Majnuntol tagiga o’tqazing meni,
Nafasimni rostlay ko’lankasida.
Majnuntol tagiga o’tqazing meni,
Qushlar ovoziga quloq solayin.
Majnuntol tagiga o’tqazing meni,
Xayol og’ushida orom olayin.
Majnuntol tagiga o’tqazing meni,
Shu kungacha o’zni men cheklab bo’ldim.
Majnuntol tagiga o’tqazing meni,
Men uchun yig’lasin men yig’lab bo’ldim.
* * *
Ko‘zingni o‘ynatma, kulma, qarama,
Nozli nigohlaring kerakmas sening.
Bog‘lab olarman, deb endi o‘ylama…
Tortgan u «oh»laring chin emas sening.
Ko‘p kunlar sudrading tusmol yo‘llarda,
Men-da tilsizlarcha ergashdim-ketdim.
Adashgan ekanman, bilsam, cho‘llarda,
Mana endilikda tushunib yetdim…
Tushundim: u totli xayollar — xayol,
Aldanmas bu yurak shirin so‘zingta.
Yo‘qol, ey aldamchi, yondashma, yo‘qol,
Termulish yo‘q endi orsiz yuzingga!
Jilmayma, qarama, so‘zlama menga,
Eski afsonani kuylama menga…
XO’RSINIQ…
Qo‘limdan har nima keladi, yurtdosh,
G’ariblik, yupunlik — barin ko‘rganman.
Qo‘sh ham haydaganman, o‘roq o‘rganman,
Ayrilikda ko‘zdan to‘kkanman ne yosh…
G’o‘za ham ekkanman, juvari, kunjut,
Qo‘limda raqs etur teshayu randa,
Yo‘l ham, qo‘nalg‘a ham mo‘l bu Vatanda,
Kamchil ham bo‘lganman, to‘q, quvnoq va but…
Chuvak ham tikkanman, mol ham boqqanman,
Kuduq ham qazganman naq o‘n bir quloch,
Zilol suvlarida yuvishardi soch,
Ne-ne qiz sochiga lola taqqanman.
Taqdirimga hech ham o‘pka qilmayman,
Qo‘limdan kelmaydi degan pesha kam.
Ba’zan ko‘zlarimda tomchi-tomchi nam…
Hanuz she’r yozishni bilmayman.
O’LAN AVJLARIDA…
O’lan avjlarida gul ochadi dasht,
O’lan avjlarida zamon uyg‘onur.
O’lan avjlarida dunyo-dunyo gasht,
O’lan avjlarida olam to‘lg‘onur.
O’lan avjlarida tug‘ilur suygu,
O’lan avjlarida tug‘ilur jujuq.
O’lansiz na rang bor, na yorug‘ tuyg‘u,
Hayot lablariga toshadi uchuq…
O’ZIM BILAMAN…
Tagorga ergashib…
Qulog’imda yangrar doim bir nido,
Xo’rsinaman,ko’z yoshimni silaman.
Shu nidoga ne sababdan jon fido —
Bitta o’zim bilaman.
Yuragimda yonar bir o’t betutun,
Go’yoki der: qovuraman, tilaman.
Dosh beraman nechun hanuz men beun —
Bitta o’zim bilaman.
Oylar botar,tonglar otar,umr o’tar,
Olislarni ko’zlab- ko’zlab jilaman.
Mening qalbim kimni kutar,qon yutar —
Bitta o’zim bilaman.
Kelurmikan ko’klam yanglig’ kutganim,
Umidvorman,ishonmay ne qilaman?
Qachon kelur,qandoq u ko’z tutganim —
Bitta o’zim bilaman.
SARATONDA
Saratonda soyaboning bolayin,
Toqqa oshsang,ko’k dovoning bo’layin,
Ketma,jonim, ayriliqdan jon bezor,
Yarim kecha kahkashoning bo’layin.
Ketar bo’lsang, xazon yog’ar bog’imga,
Sanchiq botar dilimdagi dog’imga,
Ketma,jonim, ayriliqdan jon bezor,
Og’u sochma mening xushvaqt chog’imga.
Kerak emas sensiz gul ham, chaman ham,
Kerak emas Qandahor ham, Yaman ham.
Ketma, jonim, ayriliqdan jon bezor,
Kerak emas bo’z tarlon ham, saman ham.
Pok olamim bulg’anmasdan jilmaygin,
Olam g’amga chulg’anmasdan jilmaygin,
Ketma, jonim, ayriliqdan jon bezor,
Yurak dir-dir to’lg’anmasdan jilmaygin.
To tirikman, o’sha qaysar bolaman,
Na tinim bor, na izlashdan tolaman,
Ketma,jonim, ayriliqdan jon bezor,
Bari bir men seni topib olaman.
«QORAQALPOQ DAFTARI» TURKUMIDAN
YENGAJON
Hazil
Yengajon! — dedim.
Qaynim-ov ! — dedi.
Berroq kel! — dedim.
Aynima! — dedi.
Davra quvnoq edi,suhbat sho’x edi,
Ko’ngilda zarra ham g’ubor yo’q edi.
Yoshlik esga tushdi, avjida hazil,
Hazilga ko’p qulay edi bu manzil.
Ko’z tikib, oh chekib:- Yengajon,-dedim,-
Berroq kel, sadag’a senga jon,- dedim…
Qaynijon,inimsan,qaynim-ov,- dedi,-
Esi past boladay aynima,- dedi.
AGAR MEN…
Eshikko’l etagida qadimgi bir jangchining qabrini topishibdi. Kafanigacha oltin emish. Xanjari, etigi, qilichi, dubulg’asi, engil-boshi, qo’ying-chi, kosasi, piyolasigacha quyma oltin,tobuti ham…
Bu bizning bobolarimizning bobolariga xos burungi yer tagi sag’analaridan.Nomdor va saltanat egalaridan birining sag’anasi.Qabr ichida ustixonga bog’liq va yonma-yon to’rt yuzga yaqin o’likka kerakligu keraksiz oltin buyum sanashibdi. Ettinchi asrga qadar ko’milgan o’lik — sahroyi yigit, jangchi.Yo o’n sakkiz,yo yigirma uch yil umr ko’rgan, xolos.
Agar men mahgulik uyquga ketar kun biron bir buyum ola ketish erki berila qolsa…
Nima olib ketarkinman?
Eng avvalo hovlimdagi oq gullarning bir hovuch atri;
Ustoz Oybek bermish o’sha bir qalam;
Olis g’urbatlardan qaytganimda,onamning qabrini topolmaganim vajidan suyak-suyaklarimga singgan o’sa qirq yillik alam;
Suygulimning tirnoq yuzidekkina surati ham;
Nozim hikmatning dengiz suvlariday moviy ko’zlaridagi o’sha mung,o’sha uchqun,bir so’z bilan aytsam, uning xayolimdagi armonli siyrati ham;
Bir g’ujum Farg’ona uzumi;
Samarqanddagi yigitlik bazmi;
Qozoq qimizidan bir ko’za;
Toshkent dengizidan bir ko’za;
Hech bo’lmasa o’sha Olatov yaylovida qimiz ichgan zarang kosa;
O’sha unutilmas o’g’rincha bo’sa;
Oqsoq bobo* sag’anasidan lojuvard g’isht sinig’i;
O’lganda ham otini atashim nojo’ya birovning ko’zlaridagi tubsiz mehrdan kiprikchasi va tinig’i;
Andijon adirlarida bitgan g’o’zadan bir lo’ppi chanoq ham;
Tag’in nima? Bo’ldi, shekilli.
Yo’q,onamdan qolmish yagona esdalik — kichkina parqu bolish — tobutimda boshimga qo’yilsa-yu,o’sha bolish tagiga bir juft rayhon shoxchasi qo’yilsa…
O’lgandan keyin biron buyum olib ketish erki berilsa,men shularnigina ola ketishni istar edim.Lekin hali o’ladigan tentak yo’q,gap shunda…
TONG QUSHLARI
Tong qushlari kuylashur, bog’larda shovqun…
Buvijon, imtihonga boraman bugun.
Takrorlayman qoldirmay yorug’ dilimda
Biron chigal masala, savol yo tugun…
Muallimlar o’tirar, zal to’lgan bo’lur,
Qancha ko’zlar men sari termulgan bo’lur.
Buvijon, a’lo o’tsam bu sinovdan ham —
Otam dilida g’urur zab ulkan bo’lur!
Vatanim durdonamdir — aziz onamdir!
Oq yo’lga boshlaguvchi maktabxonamdir!
Yoshligim ko’p baxtiyor, bilaman buni,
Yuksalaman, zab zamon — o’z zamonamdir!
Ha, imtihon damlari — zab talabgor dam,
Burro javob beraman, hech bo’lmayman kam…
Ma’rifat tarixida qolur umrbod,
Daftarga naqshi tushgan nom qanday ko’rkam!
Tong qushlari kuylashur, bog’larda shovqun…
Buvijon, imtihonga boraman bugun.
Takrorlayman, qoldirmay yurakkinamda
Biron chigal masala, savol yo tugun…
HANDALAK
Polizdan handalak hidi anqiydi,
O’qariq bo’yida sahar uyg’onsam.
Atir og’ushida odam balqiydi,
Havo eliksirday, qaniydi qonsam…
Ko’krakka uradi yoqimtoy salqin,
Chechaklar tovlanur — chechaklarda noz.
Hammasi, hammasi ko’ngilga yaqin,
Hammasi dilrabo, suyuk, so’lim, soz…
Handalak uzaman muzdek va yorqin,
Beqasam handalak — chipor handalak.
Qo’limda lovullar go’yoki yolqin,
Quymadek bejirim, ifor handalak.
Ha, aslida quyosh zarrasi bu ham,
Ona tuproq toti, tuproq shirasi.
Yemishlarning tengsiz barrasi bu ham,
Jannatda yo’q o’zi, gapning sirasi!..
JALA
Qo’qqis jala quyib o’tdi qishloqdan,
To’lqin urgay yashil ko’kat dengizi,
To’lqin urgay chechaklar oq, qirmizi,
Bu darakchi sut, qaymoqdan, pishloqdan..
Qo’qqis jala quyib o’tdi qishloqdan,
Chuchmoma-yu rovoch yesak arziydi,
Qo’ziqorin, lola tersak arziydi,
Tepalardan, soydan, hatto toshloqdan…
HALIHAM
… Onam non yopadi bo’g’riqib-bo’rtib,
Dam-badam kuyadi qo’li yengsakda.
Chiviq toycham gijing, yo’rg’alab-yo’rtib,
Hadeb aylanaman shu tevarakda.
Nari ketolmayman o’choq boshidan,
Yuguruk bo’lsa ham toycham nechog’Iik.
Mazaliroq ba’zan qiyma oshidan,
Har gal bitta patir menga atog’liq…
Yalpizlik, rayhonlik yo jindak jizza,
So’lqildoq, yumaloq, cho’g’day va qumoq.
Gohi bo’lsam hamki kimdandir izza,
Sinib yotsa hatto kichik arg’umoq.
Menga o’sha patir tegsa bo’ldi, bas
Otlanib, ovloqqa jo’nayman darrov.
Ayiqmi yo qoplon — menga pisandmas,
Patir to’qligida o’ljalik-da, ov.
…Dilda armon qoldi, umrga tatir,
Ne kunlar bor ekan manglayginamda.
Qishloqda yodimga tushdi shu patir,
Hanuz ta’mi borday tanglayginamda.
BUVIM CHO’PCHAKLARIDAN
Ola qarg’a
Ola qarg’a yashar emish uch yuz yil,
Qarg’achalik yasholmasmish hatto fil,
Bobolar der: cho’qda emish bir ko’zi,
Quv va sergak. O’qda emish bir ko’zi.
Oshyoni ham tik cho’qqida — tog’damish,
Ne olg’ir qush ololmayin dog’damish,
Ola qarg’a tashlamasmish qo’shog’in,
Ardoqlarmish oshyonida ushog’in.
Qo’shog’iga hech olalik bilmasmish,
Ushog’iga hech dag’allik qilmasmish,
Agar noxos qo’shog’iga tegsa o’q,
Bu ham darhol qilar emish o’zin yo’q.
Vafodormish, ko’ngilchakmish, kuyinchoq,
Shu vajdan ham qanotida yo’l-yo’l oq.
Arzir emish oq qanotlik bo’lsa ham,
To’kis-tugal yaxshi otlik bo’lsa ham…
Qora qarg’a
Qora qarg’a olasidan kam yemas,
«Men sal kamroq yashayman» deb g’am emas.
Tik tog’larda qoraning ham uyasi,
Elga ayon qanotining kuyasi.
U ham qishda tushib kelar dovondan,
Qolib ketmas qarg’a zotlik karvondan,
U ham sergak, cho’qda doim bir ko’zi,
Olazarak, o’qda doim bir ko’zi…
U ham g’oyat sabrlik qush, chapdast qush,
o’rgatolsang — el bo’lg’ulik bor es-hush.
Qadrlamas emish biroq qo’shog’in,
Tashlab ketar emish hatto ushog’in,
Agar noxos qo’shog’iga tegsa o’q,
o’zgasini izlar emish — ko’ngli to’q.
Shu sababdan qora emish yuzi ham,
Yuz ham gapmi — qora emish o’zi ham…
1975
QUNDUZ
Sochma
Esingdami, Qunduz! Salqin yellar sochlaringni to‘lqinlatib es-gan, qalbimizda suyunch o‘sgan bir kun?
Ko‘klam.
Quyosh tabassumkor, to uzoqlarda yasharib ko‘ringan qirlar jilodor, sen esang, ma’sum qiz! — nimalarnidir to‘plovding, gunohlardan pok, ishsevar do‘stim! — Esingdami, o‘rim-o‘rim sochlaring-la shafaqday yuzingni qoplovding…
* * *
Bolalik..
Yurakda qayg‘u kezsa-da, yurakni o‘ragan muhitda baxtsizlik kezsa-da, — o‘yin sevgan bolalik!
Tush payti — barcha ko‘lankaga oshiqadi, tol ostlariga oqadi. Bolalik mavj urgan sof qalbimiz buyrug‘ida biz soy bo‘ylab ketdik. Uzoqlashib, o‘ynoqlashib ketdik…
Suv bo‘yi…
Ko‘klam bezaklari to‘la sochilgan suv bo‘yi…
— Qo‘chqor, huv… Qo‘chq-oo-r!
Yoningta bordim, sening bilan ko‘klam chechaklari terdim, senga berdim va tarqoq sochlaringga chechaklar takdim, chechaklardek ochilgan yuzingga suq bilan boqdim…
Esingdami shu?
Erta ko‘klamning shunday yoqimli kezlarida armon o‘raydi meni…
Omochlar sudragan qirlar usti, baxtsizlik kezgan dalalar siynasi kulib turgan paytlarda orzular o‘raydi meni!
Qetsammikin?
Balki, Qunduz — ma’sum Qunduz, tag‘in,barno bo‘lgandir… Kular yuz qiz bo‘lib, to‘lgandir…
Ketsammi?
* * *
— Qunduz!
Esingdami, qirlarda uyquli omochlar tentirardi — bolalikda -biz o‘ynab yurgan kunlarda…
Bu kunlarda o‘t omochlar kuylaydirgandir-a?
Sochlaring yellarda tarqalib, ko‘zlaring o‘ynaydirgandir-a?
Esingdami, to‘lqin sochgan, bola qalbimizga so‘ngsiz suyunch bag‘ishlagan bir kun…
* * *
Mirtemir She’rlari