Mirtemir (1910–1978)
Mirtemir (1910–1978)
DO`STLARGA ULASHING:
Oʻzbekiston xalq shoiri Mirtemir 1910 yilda hozirda Qozogʻiston Respublikasiga qarashli Turkiston shahrining Iqon qishlogʻida tugʻildi. U eski maktabni bitirgach, 1921–1923 yillarda Toshkentdagi Almaiy nomli bolalar namuna ish maktabida tarbiyalanadi. Soʻng 1925 yili Oʻzbek erlar bilim yurtiga oʻqishga kirib, uni 1929 yilda tamomlaydi va shu yili Samarqanddagi Pedagogika akademiyasiga oʻqishga kiradi.
Mirtemir 30-yillarning boshlarida nomaʼlum sabablarga koʻra qatagʻon etilib Moskva – Volga kanali qurilishiga yuboriladi. Ammo koʻp oʻtmay Oʻzbekistonga qaytib, turli oʻquv yurtlarida dars beradi, tahririyatlarda adabiy xodim, teatrlarda adabiy emakdosh, Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi, nashriyotlarda muharrir boʻlib ishlaydi.
Shoir xalq ijodidan ilhomlanib “Ajdar”, “Dilkusho”, “Suv qizi”, “Oysanamning toʻyida” kabi dostonlarini yaratdi. Bu asarlar 30-yillar oʻzbek sheʼriyatining rivojlanishiga muhim hissa boʻlib qoʻshilgan.
Uning urush yillarida yaratilgan “Vabo”, “Oʻch”, “Bu – mening Vatanim”, “Ona shahrim”, “Dengiz boʻyida”, “Mard yigit, yoring boʻlay”, “Pilla”, “Koʻzlarim yoʻlingda” kabi sheʼrlarida dushmanga nafrat hislari jangovar ruhda ifodalangan.
Urushdan keyingi yillar Mirtemir ijodida davrning eng muhim masalalarini, zamondoshlarimizning barkamol obrazlarini yaratish tamoyili keng oʻrin tutadi.
Mirtemirning tarjimonlik sanʼati ham tahsinga loyiqdir. A. Pushkin sheʼrlarini, N. Nekrasovning “Rusiyada kim yaxshi yashaydi”, Sh. Rustavelining “Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon”, Abay, Maxtumquli va Berdaq asarlarini hamda qirgʻiz xalq eposi “Manas”ni tarjima qilgan.
Mirtemirning “Qoraqalpoq daftari” sheʼrlar turkumi oʻzbek sheʼriyatining 60-yillardagi yutuqlaridandir. Shoirning “Surat” dostoni oʻzbek dostonchiligining eng nodir namunalaridan biri hisoblanadi. Shoirning “Men seni…”, “Chagʻalay”, “Qirgʻiziston”, “Maxtumquli toʻyida”, “Onaginam”, “Qozogʻim”, “Qaydadir buloq” kabi sheʼrlari xalqlar doʻstligini kuylovchi eng yaxshi asarlar sirasiga kiradi. 1979 yilda unga “Togʻday tayanchim” sheʼriy toʻplami uchun Respublika Davlat mukofoti berilgan. Ayni paytda u Berdaq nomidagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Davlat mukofoti sohibi hamdir.
2001 yili oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun Mirtemir “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.
Mirtemir (1910–1978)