Mir u – Mir haqida to’liq ma’lumot oling
Post Views:
44
Muhtaram o‘quvchilar, ushbu sarlavha sizga qiziq, balki, g‘alati tuyulayotgandir, o‘ttiz – qirq yillar oldingi shiorbozlikni eslatayotgandir. Ha, topdingiz, shunday shior yaqin o‘tmishda deyarli har bir katta maydonda yozig‘liq turadigan, bayram namoyishchilari ham uni ko‘tarib yuradigan ruscha “Miru mir” (dunyoga tinchlik) degan shior edi. Lekin shunday sarlavha qo‘yilgan bizning maqolamiz mutlaqo boshqa mazmunda bo‘lib, mir u – mir (mir va yana mir), yaʼni faqat “mir” istilohi xaqida bahs yuritadi.
O‘zida juda ko‘p maʼno va mazmunni aks ettirgan mazkur istiloh bizdan oldin ham ko‘pgina sharqshunos, tilshunos, tarixchi mutaxassislarni qiziqtirib kelgan va ular bu borada o‘zlarining turfa fikrlarini bayon etganlar. Biz ularni nomma – nom, so‘zma – so‘z takrorlab o‘tirmasdan, o‘z tadqiqotlarimiz asnosida kelib chiqqan xulosalarni bayon etmoqchimiz.
Deyarli barcha tadqiqotlarda “mir” atamasi “amir” istilohidan qisqartirib olinganligi eʼtirof etiladi. Amir so‘zi arab tilida amr etuvchi, boshliq, hokim degani bo‘lib, quyidagi maʼnolarni anglatadi:
1) Arab xalifaligida dastlabki xalifalar unvoni;
2) Ummaviylar davrida alohida qo‘shin qo‘mondonlari;
3) Xalifalik tomonidan zabt etilgan viloyatlar hokimi;
4) Qadimgi podshohlar naslidan bo‘lmagan hukmdor;
5) Markaziy Osiyoda Chingizxon naslidan bo‘lmagan hukmdor;
6) Yirik podshoh qo‘l ostidagi (imperiya tarkibidagi) alohida bir mamlakat hukmdori;
7) Islom xalifasining chet o‘lkalardagi noibi;
8) Viloyat hukmdori;
9) Lashkarboshi, kattagina bir qo‘shin boshlig‘i;
10) Boshliq;
11) Islom xalifasining hamda boshqa podshohlarning kanizakdan bo‘lgan o‘g‘li.
Talaffuz shunday bir qudratli kuchki, u ifodani osonlashtirish uchun ko‘pgina atama, so‘z hamda istilohlarni ixchamlashtirib, qisqartirib, mahalliy lahjaga, shart – sharoitga, boshqa tillarda aytishga moslab yuboradi. Shu tariqa, arab bo‘lmagan xalqlarda “amir” so‘zi qisqartirilib, “mir” tarzida talaffuz qilinadigan bo‘ldi. Demak “mir” – “amir”ning qisqartirilgan shakli bo‘lib, quyidagi maʼnolarda qo‘llaniladi:
1) “Amir”ning ko‘pligi.
2) Tariqat yo‘liga kirgan sayyidlar (Payg‘ambar (sav) avlodari)dan muayyan qismining unvoni. Payg‘ambarimiz (sav)ning yigirmanchi avlodlari, Hazrati Burhoniddin Qilichning o‘g‘illari Sayyid Mir Ati Devona; Amir Temurning pirlari Mir Sayyid Baraka; yetti ulug‘ pirlardan bo‘lmish Mir Sayyid Kulol; shayboniylardan bo‘lmish Ubaydulloxon tomonlaridan berilgan tortiq hisobiga madrasa qurgan “Mir Arab” taxallusli Shayx Sayyid Abdulloh; Shayx Mir Sayyid Bahrom Karminagiy; Mir Jalil Xalifa Xo‘qandiy Mir Badal Eshon o‘g‘illari va boshqa ko‘plab sayyid, xoja, eshonlarga ham Mir unvoni berilgan. Qo‘qon xonligining atoqli davlat arboblaridan bo‘lmish Sayyid Mir Qurbon Oxund ham shu toifadagi zotlardan edilar. Qo‘qon xoni Sayyid Muhammad Umarxon Qo‘qon xonligi davlatining boshqa musulmon davlatlari tomonidan tan olinishiga erishish, Usmonli turk davlati bilan doimiy diplomatik munosabat o‘rnatish, o‘zlariga ulamolar tomonidan berilgan “Amir al muslimin” (musulmonlar amiri) maqomini rasman tasdiqlatish, Buxoro va Xo‘qand xonliklari, Xitoy va Rusiya o‘rtalaridagi Qashqar masalasini hal etishda yordam so‘rash maqsadlarida Usmonli turk davlatiga Xo‘qandning obro‘ – eʼtiborli ulamolaridan bo‘lmish Hoji Sayyid Mir Qurbon Oxund hazratlarini elchilikka yuborganlar. Sayyid Mir Qurbon Oxund Sayyid Mir Burhon Aʼlam o‘g‘illari taxminan 1177 (milodiy 1763) yilda Xo‘qandning Chitgarlik mahallasida tavallud topganlar. Savodni otalari va u kishining shogirdlari qo‘llarida chiqarib, dastlab Xo‘qanddagi Madrasai Hishtinda, so‘ngra, Buxorodagi Ulug‘bek madrasasida tahsil oladilar. Xo‘qandga qaytganlaridan so‘ng Madrasai Mirda mudarrislik hamla Olimxon saroyida mirzolik vazifasida xizmat qiladilar. Amir Umarxon taxtga o‘tirganlaridan so‘ng Sayyid Mir Qurbonni mudarrislik vazifasidan ozod qilmagan holda vakillik, elchilik ishlariga safarbar etib turadilar. Sayyid Mir Qurbon o‘zlarining chuqur bilimlari, yuqori saviyadagi mudarrislik va voizlik faoliyatlari tufayli ellik yoshga yetar – yetmas “Oxund” ilmiy unvoniga sazovor bo‘ladilar. 1231 (milodiy 1816) yilda Amir Umarxonning ijozatlari bilan haj farzini o‘tab, Hojiyi Haramayn rutbasiga erishadilar. Nihoyat, yuqorida eslatib o‘tilganidek, 1235 (milodiy 1820) yilda Rum (Usmonli turk imperiyasi)ga elchilikka yuboriladilar. Mir Qurbon Oxund o‘zlarining tug‘ma diplomatik mahoratlari, so‘zga ustaliklari bilan Xo‘qand xonligining mustaqil davlat sifatida tan olinishi hamda Amir Umarxonning “Amir al muslimin”degan unvonlarini tasdiqlatishga muvaffaq bo‘ldilar.
3) Choryorlardan Abu Bakr Siddiq (ra), Umar Foruq (ra), Usmon Zullinurayn (ra) avlodlarining ayrim tarmoqlari unvoni;
4) Ilmda, tariqatda, sanʼat va hunarda, adabiyotda, umuman, kishilik faoliyatining turli jabhalarida yuqori darajaga ko‘tarilgan shaxslar unvoni; musavvir, naqqosh, xattotlar ichida ko‘proq uchraydi: Mirak Naqqosh, Mir Sayyid Ali, Mir Husayn ibn Mir Hasan al – Husayniy, Mir Husayn Kulankiy Buxoriy, Mullo Mir Afzal Xo‘qandiy, Mir Olim Xo‘qandiy, Mirzo Mir Mahmudiy Xo‘qandiy, Mir Mahmud Qoriy Xo‘qandiy Mir Shamsiddin o‘g‘li, Mir Sayyid Noʻmon Xoja – Mahzun, Mullo Mir Ubaydullo Muhandis Xo‘qandiy; qozilardan Mullo Mir Maʼsum Domullo Muhammad Yusuf o‘g‘li, Mir Muhammad Oqil…Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.
5) “Biy”, “bek” tariqasida, yana bir toifa nasliy zodagonlar unvoni;
6) Ko‘p hollarda “hukmdor” maʼnosida ham qo‘llaniladi. Qo‘qon shahridagi “Mir” madrasasini 1798 yilda Qo‘qon xoni Norbo‘taxon qurdirgan. Shu tufayli, madrasaning rasmiy nomi “Madrasai Mir” tarzida, baʼzan “Norbo‘tabiy madrasasi” tarzida keladi.
7) Murakkab tarkibli so‘z bo‘laklarida “mutasaddi”, “boshliq”, “boshqaruvchi” maʼnolarida keladi, masalan: Mirasad – forsiyda “sherlar (arslonlar) amiri” degan maʼnoni anglatib, aslida jamoat tartibini saqlovchi qism boshlig‘i mansabi nomidir.
Mir asas – poytaxtda tartibni saqlash, osoyishtalikni taʼminlash masalalari bilan shug‘ullanuvchi o‘rta darajali mansabdor.
Miri bor – podshoh qabulini boshqaradigan amir.
Miri Majlis – Davlat Kengashi raisi.
Miri ponsod – ponsodlar boshlig‘i.
Miri tabboh – saroy oshpazlari boshlig‘i.
Mirob (miri ob) – suv amiri. Suv taqsimoti va sug‘orish tarmoqlarini nazorat qiluvchi mansabdor. Mirobboshi – bosh sug‘orish tarmog‘i va asosiy sug‘orish tarmoqlaridan suv taqsimlovchi mirob.
Miroxur (miri oxur) – o‘rta darajali mansablardan. Bu so‘zning tarjimasi “oxur amiri”, “oxur xo‘jayini” bo‘lib, “miroxur” deganda hukmdorning otlarini boqish ishiga rahbarlik qiluvchi mansabdor tushuniladi. Miroxurboshi – yuqori darajali saroy mansabdori; miroxurlar boshlig‘i.
Mirsipoh (miri sipoh) – harbiylar boshlig‘i. Mirshab (miri shab) – arab tilida (mir – hukmdor va shab – tun) – tun amiri maʼnosini beradi. Mirshab – O‘rta Osiyo xonliklarida maʼmuriy lavozim; tungi shahar soqchisi. Mirshabboshi – kichik shaharlarda shahar mirshablari, katta shaharlarda daha mirshablari boshlig‘i
Mirshablar sadri – so‘zning mag‘zi sadr (yuqorida turuvchi, peshvo, sardor, vazir, bosh vazir) bo‘lib, mirshablar sadri – mirshablar va mirshabxona sardori deganidir.
Mirshikor (miri shikor) – ov amiri deganidir. U xonning qo‘rig‘i, yaʼni, ov xo‘jaligini boshqargan. Xonlikning turli joylarida xon va uning yaqinlari uchun shikor (ov) tashkil etgan..
Mirshikorboshi – mirshikorlar boshlig‘i.
Mirg‘azab (miri g‘azab) – ichki ishlar tizimi bilan bog‘liq atama:
1) Mirshablar boshlig‘i;
2) Jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i.
Mirhoj (miri hoj) – hojilar boshlig‘i. Haj mavsumida shayxulislom tomonidan tayinlanadigan mansab.
Islom dini va arab tili taʼsiri o‘laroq, yuqorida taʼkidlanganidek, “mir” atamasi Sharq xalqlari tillari, jumladan, turkiy, Usmonli turk, fors, pushtu, bengal, baluj, singh, o‘rdu va boshqa ko‘pgina tillarda qabul qilingan bo‘lib, yirik etnik guruhlar, ittifoqdosh qabilalar yetakchisi, rohnamosi maʼnolarini anglatadi.
Shuningdek, Sharq mamlakatlarida “mir” bilan bog‘liq yana quyidagi so‘z birikmalari muomalada bo‘lgan:
Miri somon – bosh boshqaruvchi;
Miri otash – dushman tomonga o‘t ochuvchi jangchilar boshlig‘i, artilleriya qo‘mondoni;
Miri mahallun – mahallalar, shahar boshlig‘i;
Miri manzil – muayyan bir manzil xojasi;
Mirdah (miri dah) – o‘n kishilik dasta boshlig‘i
Miri munshiy – munshiylar (kotiblar, mirzolar ) boshlig‘i
Miri umaro – amirlar amiri;
Miri miron – amirlar amiri istilohi Usmonlilar saltanatida “Beylar bey” (beklarbegi) unvoni bilan birgalikda qo‘llangan;
Mir – yazidiylar madaniyatida diniy va maʼmuriy hukmdor;
Miri tuzak – tuzatuvchi, tuzuvchi, islohotchi, boshqaruvchi. Imomi Rabboniy Ahmad Foruq Sarhandiy quddisa sirruhu noto‘g‘ri yo‘ldan ketib qolgan Naqshbandiya tariqatini to‘g‘ri yo‘lga solganliklari, isloh qilganliklari uchun ul zoti bobarakotga “Ikkinchi ming yillikning mujaddidi (islohotchisi)” degan oliy unvon berilgan. Hindistonda esa, u kishi xuddi shu maʼnodagi “Miri tuzak” unvoniga sazovor bo‘lganlar.
Tog‘li Osiyo, yaʼni, Pomir, Hindikush, Himolay tog‘li o‘lkalari va ularning atroflarida umrguzaronlik qiladigan xalqlar tillarida “mir” istilohi ko‘proq hukmdor, shahzoda, dohiy, homiy (himoyachi) maʼnolarida qo‘llanadi. “Pomir” so‘ziga ko‘pincha “Bomidunyo” (dunyo tomi”) tarzida izoh beradilar. Biroq mahalliy aholida boshqacha izoh ham bor. Geodeziya va kartografiya ekspeditsiyasida xizmat qilgan davrimizda bir mavsum Pomirda ish olib borganmiz. Paytdan foydalanib, Ro‘shan degan joyda fozillar va ko‘pni ko‘rgan mo‘ysafidlar bilan bo‘lgan suhbatda mavzuni Pomir tarixi, nomning kelib chiqishi masalalariga burib yuborganmiz. Ularning aytishicha, bu so‘zning asli “poyi mir”, yaʼni, “xalq homiysi oyog‘i osti” ekan.
Bobur Mirzo o‘zining asarida Kashmir o‘lkasi va xalqi xaqida shunday yozadi: “…Ushmuncha deydurlarkim, bu tog‘ elini Kas derlar. Xotirg‘a yettikim, Hinduston eli “shin”ni “sin” talaffuz qilur. Chun bu tog‘da muʼtabar shahr Kashmirdur, balki Kashmirdin o‘zga bu tog‘da yana shahre eshitilmaydur. Bu jihatdin bo‘la olurkim, Kashmir demish bo‘lg‘aylar…” Boburning so‘zlarini mantiqiy davom ettirsak, Kashmir – Kash eli hukmdorining shahri deganidir. Shuningdek, Kashmirdagi Mirpur, Sinddagi Mirpurxas shaharlari nomlari ham “Shahzodaning shahri” (“mir” – shahzoda, “pur” – shahar) maʼnosini beradi.
Hindiston yozma yodgorliklari tarkibiga kiruvchi fors tilidagi ayrim manbaʼlarda “Pir” istilohining assimilyatsiya jarayoni natijasida “Mir” shakliga kirishiga ishoralar bor. Buning isboti sifatida har ikki so‘zning asl maʼnosi bir – biriga yaqin ekanligi ko‘rsatib o‘tsak bo‘ladi:
Pir. Fors tilida keksa, qari maʼnolarini beradi.
1) Uzoq umr ko‘rgan odam, keksa, qariya. Mumtoz adabiyotimizda keksa, hurmatli erkak qariyalarni “Piri mard”, keksa, hurmatli ayollarni “Piri zan” tarzida yozganlar.
2) So‘fiylik anʼanasida tariqatlarning oliy rohnamolari yoki obro‘li rohnamolar. Shuningdek har bir murid o‘z murshidini ham pir, pirim deb atagan.
3) Homiy, himoyachi;
4) Boshliq, rais;
5) Biror kasb – hunarning asoschisi deb tushuniladigan shaxs. Bunday pirlar har bir kasbda bo‘lib, birini “ko‘hna pir”, ikkinchisini “zinda pir (hayot pir)” deb ataganlar. Ko‘hna pir asosan payg‘ambarlar yoki mashhur avliyolardan bo‘lgan.
6) Ko‘chma maʼnoda biror ish, kasb yoki sohani puxta egallagan kishi, shu sohada eng mohir, usta odam, ustoz.
Bu ishorat baʼzi tadqiqotchilarning asarlarida ham tasdig‘ini topgan.
Buyuk Britaniya va Rossiya imperiyasi manfaatlarining Osiyodagi to‘qnashuvlari tarixi bilan shug‘ullangan tadqiqotchi A.V. Postnikovning “”Dunyo tomidagi olishuv” nomli asarida quyidagi maʼlumotni keltiradi: “Britaniyalik diplomat Niy Ileyas Shug‘nonning kelib chiqishi haqida shunday hikoya qiladi: Shug‘non mirlarining ajdodlari bu yerning aholisini pir sifatida dini islomning sunniylik ravishiga kiritgan va ularning miriga aylangan buxorolik sayyid va darvesh Shoh i – Hamoshga borib tutashadi…”.
Pomir tadqiqotchilaridan biri kapitan Putyata o‘zining “ Bosh Shtabning Pomirga ekspeditsiyasi ocherklari” kitobida ham yuqoridagi fikrni biroz boshqacha tarzda takrorlaydi: “Mamlakatni (Shug‘nonni) oxirgi paytlargacha bu yerda dini islomni tarqatgan eronlik Shoh i – Kamosh avlodlaridan bo‘lmish xon Yusuf Ali boshqarib kelgan…”. Farq – Shoh i – Kamoshning eronlik deb taʼkidlanishida. Biz bu kishining shaxsi bilan qiziqib, manbaʼlardan maʼlumot qidirib ko‘rdik, ammo, hech bir tazkira va manoqibda bu nomni uchrata olmadik.
Hindistonlik Mir Izzatullo ham Kashmir zodagonlari xonadonidan bo‘lib, o‘z nomi yoniga Mir unvonini qo‘shish huquqiga ega bo‘lgan kishilar sirasiga kirgan. XVIII – XIX asrlarda O‘rta Osiyo xonliklariga safar qilish yevropaliklar uchun xavfsiz emas edi. Shu tufayli mashhur “Ost Ind” kompaniyasi bo‘ o‘lkalarni o‘rganish uchun Mir Izzatulloni 1812 yilda sayohatga yuboradi. U “Mir Izzatulloning 1812 yilda Qo‘qon xonligiga sayohati” asarida xonlik xaqida qimmatli va qiziqarli maʼlumotlar beradi.
Endi esa, “mir” istilohi eng ko‘p qo‘llangan sohaga o‘tamiz. “Mir” so‘zi kishi ismlarida ham old qo‘shimcha tarzida ismning oldiga qo‘shilib kelib, shu ismli yoki taxallusli kishilar hukmdori maʼnosini anglatadi. Masalan: Mirziyo – nuri ilohiyga musharraf bo‘lganlar hamda ziyo taratuvchilar hukmdori, ziyolilar amiri; Mirzokir – barcha zokirlar (zikr aytuvchilar) hukmdori; Mirsolih – barcha solihlar (yaxshi odamlar) hukmdori, Mirkomil – barcha komillar, kamolotga yetganlar amiri. Bunday nomlar ajdoddan avlodga uzluksiz ravishda o‘tib keladi, yaʼni, mir old qo‘shimchasi bilan boshlangan nom egalari anʼana asosida o‘z o‘g‘il farzandlariga ham shu tariqa mir old qo‘shimchasi bilan boshlanadigan ism qo‘yadilar. Bunday anʼana boylar sulolalarida yaxshi saqlanib qolgan. Darvoqe, aksariyat boylarning ismlari ham mir old qo‘shimchasi bilan boshlanadi. Bu tasodifmi yoki qonuniyatmi? Tarixiy tadqiqotladan maʼlum bo‘lishicha, boylarning ko‘pchiligi qadimgi zodagonlarning avlodlaridir.
Misol tariqasida bir qancha boylarning ismi – sharifini keltirib o‘tamiz:
-
Mirbarot Mirmoʻminboyev
-
Mirayyubboy Miraʼzamboy o‘g‘li
-
Mirvohid Qori Mirofurjonboy o‘g‘li
-
Mirsolih Boyvachcha Mirolimboy o‘g‘li
-
Mirgulshanboy Foziljonboy o‘g‘li
-
Mirjaʼfar Boyvachcha Mirgulshanboy o‘g‘li
-
Mirolim Mirmuhammedov
-
Mirpo‘lat Mirtohirov
-
Mirrabbiboy Mirmahmudov
-
Mirtohirboy Mirzokirboy o‘g‘li
-
Mirfayziboy Mirhalilboy o‘g‘li
-
Mirfozil boyvachcha Mirqobilboy o‘g‘li
-
Mirg‘ofir Qori Mirtojiboyev
-
Mirhabibboy Mirmahmudov
-
Mirhalilboy Hoji Mirjalilboy o‘g‘li
-
Mirhalil Niyozmatov
-
Mirhamzaboy G‘ofurjonboy o‘g‘li
-
Mirkomilboy Mirmo‘minboyev
Hozircha “Mir” istilohi haqida topganimiz shu. Biz bu tadqiqotchamizni tugal deb hisoblamaymiz, manbaʼlarda, kishilar shuurida yana boshqa maʼlumotlar mavjud ekanligiga shubha qilmaymiz.
Muhammad Yahyoxon Xo‘qandiy (Ya. Dadaboyev)
Qo‘qon davlat muzey – qo‘riqxonasi ilmiy xodimi
Malumotlar
Mir u – Mir