Milliy o‘yinlar

tarix.uz
Milliy o‘yinlar
DO`STLARGA ULASHING:
Mustaqillik yillarida milliy an’ana va qadriyatlarimizni asrab-avaylab, kelajak avlodga bekamu ko‘st yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda unutilib ketayotgan xalq og‘zaki ijodi namunalari, an’ana va urf-odatlar, milliy o‘yinlar qayta tiklanayotir.
O‘yin – turli ifodali vositalar bilan ma’lum qoida yoki oldindan kelishilgan shartlar asosidagi jismoniy musobaqalar, bellashuvlar, tafakkur bahslari va ijrochilik talablaridan vujudga kelgan milliy qadriyat hisoblanadi.
Milliy o‘yinlar tarixini o‘rganishda Mahmud Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk” asarining o‘rni beqiyos. Asarda xalq o‘yinlarining bir yuz ellikdan ziyod turi tilga olingan. Jumladan, “qorang‘uni” (qorong‘ida qo‘rg‘on olish), “bandol” (asir olish), “o‘tish-o‘tish” (davra o‘yini), “chavgon” (to‘p o‘yini), “o‘t bandal” (tayoq o‘yini), qilichbozlik, nayzadorlik va boshqa o‘yinlar haqida ham ma’lumot beriladi. Lug‘atda izoh berilgan o‘yinlarning bir nechtasi hozirgi kunda ham bolalar uchun qiziqarli mashg‘ulot sanaladi.
Doimiy o‘tkaziladigan o‘yinlar bilan birga har bir faslga xos o‘yinlar ham mavjud. Masalan, bahorda daraxtlar uyg‘onib, tollar kurtak chiqarganda – “tol bargak”, dala gullari ochilganda – “gul o‘yini”, pishiqchilik paytida danak, yong‘oq o‘yinlari, arg‘imchoq uchishlar sevib o‘ynalgan. Kech kuz, qishda yog‘ingarchilik boshlanib, yer yumshaganda qoziq, oshiq, tosh o‘yinlar odat tusiga kirgan. Qor yoqqanda “qorxat”, “qorbo‘ron”, yomg‘ir yoqqanda “yomg‘ir yog‘aloq”, kuchli shamol esganda “bo‘ron-bo‘ron”, sovuq o‘z kuchini ko‘rsatganda barcha sandal atrofida yig‘ilib, “topishmoq top”, “tez aytish”, “kim aytdi” kabilar o‘ynalgan. Kech kuzdan to bahorgacha “uloq-ko‘pkari” musobaqalari o‘tkazilgan.
Qadimdan yurtimizda to‘y-tomoshalar, bayramlar xalq o‘yinlari bilan yanada fayzli, ko‘tarinki ruhda o‘tgan. Xususan, eng ommaviy bo‘lgan milliy o‘yinlardan uloq-ko‘pkari va kurash to‘y va bayramlarning sevimli tomoshasiga aylangan.
Xalq orasida kurash tushuvchi kuchli odamlar juda hurmat qilingan, atrofdagilar ularga havas bilan qaragan. Shuning uchun belini bog‘lab kurash tushadigan polvonlar xalq shodiyonalarining ardoqli mehmoni sanalgan.
– Kurashda polvonning ori, mahorati sinovdan o‘tgan, – deydi surxondaryolik Abdug‘ani Toshmurodov. – Hozirgi kunga kelib kurash yanada takomillashtirildi. Shu bois unga qiziquvchilar tobora ko‘paymoqda. Kurash bayramlarda, xalq sayillarida muntazam o‘tkazilayotir.
Mustaqillik yillarida urf-odatlarimiz nafaqat asl qiyofasiga qaytdi, balki mazmunan boyidi va yanada sayqal topdi. Ayni vaqtda bayramlarimizda kuy-qo‘shiqlar, folklor-etnografik jamoalarning chiqishlari, lapar, o‘lan, alla ohanglari, milliy xalq o‘yinlari uyg‘unlashtirilib ijro etilmoqda.
Xalq o‘yinlari kishiga o‘zgacha xushnudlik ulashadi, insonning kayfiyatiga ijobiy ta’sir etadi. U yoshlarning jismoniy, aqliy, axloqiy rivojlanishida, kuchli, chaqqon, topqir, farosatli, mard insonlar bo‘lib kamol topishida katta ahamiyat kasb etadi. O‘zbek xalqining betakror samimiyatini o‘zida aks ettiruvchi urf-odat va marosimlarimiz qadimiy madaniyatimizning go‘zalligini namoyon etuvchi bir ko‘zgudir.
Milliy o‘yinlar