Mikroblarning antibiotiklarga bardoshliligi

Mikroblarning antibiotiklarga bardoshliligi

mikroblarning antibiotiklarga bardoshliligi 660ee6a1359bcMikroblarning antibiotiklarga bardoshliligi

Mikroorganizmlarning populyatsiyasida (alohida bir a’zosida emas) vaqt o‘tishi bilan muayyan kimyoviy moddalarga, xususan, antibiotiklarga va pestitsidlarga qarshi chidamlilik shakllanishi mumkin.

Albatta, antibiotik dorilarga nisbatan chidamli bo‘lgan va dori ta’sir qilmaydigan mikroblar haqidagi vahimali gaplar ba’zan quloqqa chalinib turadi. Bu to‘g‘risida tibbiyot sohasi mutaxassislari yaxshiroq bilishadi albatta. Ayrim bemorlarda davolash jarayonida foydalanilgan muayyan bir antibiotikni boshqasiga, ya’ni, yanada kuchlirog‘iga almashtirishga to‘g‘ri kelganligi turgan gap. Mikroorganizmlar populyatsiyasida dori preparatlariga nisbatan bunday chidamlilik shakllanishi hodisasi, ba’zi hissiyotga beriluvchan jurnalist va yozuvchilar aytganidek, «ona tabiatning odamzotdan o‘ch olishi» emas, balki, tabiiy evolyutsiya qonuniyatlarining amaldagi ifodasi xolos.

 

Populyatsiyaning alohida bir a’zolari orasida farq va tafovutlarning mavjud bo‘lishi evolyutsiyaning eng asosiy tamoyillaridan biri sanaladi. o‘zbekona ibora bo‘lmish «besh qo‘l barobar emas» degani aynan shu o‘rinda ilmiy asosda namoyon bo‘ladi. Hozirgi kun genetika faniga yaxshi ma’lumki, populyatsiyaning a’zolarining o‘zaro tafovutga ega bo‘lishligi aslida har bir turning genetik darajasida kodlangan bo‘lar ekan. Boz ustiga, biokimyoviy nuqtai nazardan olganda, har qanday populyatsiyaning avlodlar davomiyligi aslida muayyan kimyoviy-molekulyar shakl almashinishlar ketma-ketligidan iborat jarayondir. Antibiotikning ta’sir mexanizmi esa, muayyan mikroorganizm turining hayoti uchun favqulodda muhim bo‘lgan biror kimyoviy reaksiyani sekinlashtirish yoki, uni butkul to‘xtatib qo‘yishga asoslanadi. Natijada, antibiotik ta’siriga tushgan mikrob populyatsiyasi halok bo‘lishi kerak. Masalan, penitsillin bakteriyalarning yangi hujayra qobiqlarini shakllanishida ishtirok etuvchi molekulalarni reaksiyaga kirishishdan to‘xtatib qo‘yadi. Natijada, mikroblarning tanasini tashkil qiluvchi hujayralari qobiqsiz qoladi va nobud bo‘ladi. Qo‘pol o‘xshatish bilan aytish mumkinki, penitsillinning mikroblarga ta’sirini, xuddi, kalit uchiga saqich yopishtirilganiga taqqoslash mumkin. Tasavvur qiling, shunday kalit eshikdagi teshikka kira olmay, aksincha, kalit teshigida yopishib qoladi va natijada eshikni ocholmaydigan qilib qo‘yadi. Penitsillin odam va hayvonlarga ta’sir qilmasligining oddiy sababi shundaki, bizning hujayralarimizning tashqi qoplamasi, ya’ni, qobig‘i, mikroorganizmlarning hujayra qobig‘idan mutlaqo farq qiladi.

Mikroorganizmlarning muayyan populyatsiyasida oz sonda bo‘lsa ham shunday tuzilishga ega a’zolar bo‘ladiki, ularning molekulyar tuzilishi va shakli, bemor tanasiga yuborilgan antibiotiklarning ta’sir mexanizmiga mos kelmaydi. Natijada, antibiotik bilan davolash kursidan so‘ng aynan o‘sha oz sondagi bakteriyalar yashab qoladi. Ular dastavval oz sonda bo‘lgani sababli, yangi kasalliklar qo‘zg‘atishga qodir bo‘lmaydi. Lekin, mazkur oz sonli a’zolari bilan yashab qolgan populyatsiya yashashda va ko‘payishda davom etadi. Bir necha avlod davomidan keyin, o‘sha populyatsiyada tabiiy tanlash qonuniyatlari asosida antibiotiklar ta’siriga beta’sir bo‘lgan a’zolar soni ko‘pchilikni tashkil qila boshlaydi. Oxir-oqibatda, ushbu populyatsiyaning aynan bir antibiotikka nisbatan ta’sirlanmaydigan butun boshli yangi avlodi shakllanadi. Mikroblar shu tariqa evolyutsiyalanib, yangidan-yangi tur vositasida odamzotga va xususan, ilm-fanga qarshi chiqaverardi.

Yana bir bora ta’kidlab o‘tish joizki, mikroorganizmlarning muayyan aniq bir antibiotik turiga nisbatan chidamlilik effekti ularning faqat bir necha avlodi almashishidan keyingina yuzaga chiqadi. Buning uchun esa muayyan vaqt ketadi. Boz ustiga, alohida olingan bir dona bakteriya bir o‘zi antibiotikka nisbatan mustaqil immunitet shakllantira olmaydi. Chunki, har qanday organizmning molekula shakli genetik darajada oldindan belgilanadi va uning hayoti davomida shakl o‘zgarishlariga uchramaydi.

Mikroblarning antibiotiklarga nisbatan chidamliligini o‘rganishga oid klassik eksperimentni 1952-yilda AQSHlik genetik olimlar Joshua va Ester Lederberglar o‘tkazishgan. Bunda, avvaliga Petri chashkalaridagi oddiy ozuqaviy muhitda muayyan bakteriyalar koloniyasi o‘stirilgan. Keyin esa, koloniyani qismlarga ajratib, ozuqa muhitiga penitsillin qo‘shilgan sharoitdagi boshqa chashkalarga ko‘chirilgan. Shunda, koloniyalarning aksariyat qismi yangi muhitda penitsillin mavjudligi sababli, qirilib ketgan. Lekin, muayyan juda oz sonli koloniyalar baribir yashab qolgan. Keyin esa, bu shunchaki tasodif emasligini isbotlash uchun, olimlar penitsillinsiz ozuqa muhitida o‘stirilgan eng birinchi — boshlang‘ich koloniyadan namuna olib, o‘sha yashab qolgan koloniya yoniga ko‘chirib o‘tqazishgan. Natijada, yashab qolgan va antibiotik ta’siriga uchramagan koloniya oldida, garchi avval bunday ta’sirga uchramagan bo‘lsa-da, yangi qo‘shilgan a’zolar ham barqaror yashab ketgan. Keyingi kuzatishlar esa shuni ko‘rsatdiki, endi bu koloniya shunchaki yashab qolishdan tashqari, uning keyingi avlodi penitsillinli muhitda bemalol o‘sib, rivojlana boshlagan. Ushbu tajriba, mikroorganizmlarning antibiotiklarga chidamliligi mexanizmi aslida tabiiy tanlash qonuniyatiga asoslanganini ko‘rsatib berdi.

Qizig‘i shundaki, muayyan populyatsiyaning o‘ziga qarshi bo‘lgan zararkunandasi yoki kushandasiga qarshi chidamliligi effekti faqat mikroorganizmlarda emas, balki, yuksak organizmlarda ham kuzatiladi. Masalan, hashoratlar vaqt o‘tishi bilan pestitsidlarga nisbatan, o‘simliklar esa gerbitsidlarga nisbatan bardoshli bo‘lib qoladi. Bu o‘rinda ham, ta’sirga beta’sirlashish mexanizmi mikroorganizmlardagi singari kechadi. Ya’ni, populyatsiyaning muayyan alohida bir a’zolari tanasida pestitsid yoki, gerbitsid ta’siriga beta’sir kimyoviy o‘zgarishlar mavjud bo‘ladi va populyatsiyaning aynan o‘sha qismi yashab qoladi. Masalan, bu kimyoviy o‘zgarish hashorat yoki o‘simlik tanasidagi qandaydir noyob bir molekula bo‘lib, u pestitsid yoki gerbitsid molekulasini neytrallab qo‘yishi mumkin. Yoki, o‘sha hashorat yoki, o‘simlik tanasida maxsus bir kimyoviy modda shakllanib, pestitsid yoki gerbitsid molekulasini tanaga tushishi bilan, hali uning ta’siri boshlanmasidan avvali, uni hujayralardan darhol yana qayta chiqarib tashlashi mumkin. Natijada, tabiiy tanlash asosida, populyatsiyaning shunday xususiyatlarga ega bo‘lgan a’zolari yashab qoladi va keyingi avlod ulardan tarqaladi. Ulardan tarqagan keyingi avlod esa, endi ushbu foydali xossaga to‘liq ega bo‘ladi va endilikda mazkur tur o‘ziga qarshi zararkunandalarga chidamli bo‘lib qoladi.

Shunisi ajablanarliki, tabiiy tanlash va evolyutsiya haqidagi ilmiy ta’limot, antibiotiklar kashf etilishi va ulardan mikroblarga qarshi kurashda foydalanish boshlanishidan ancha avval paydo bo‘lgan edi. Ya’ni, olimlar har qanday populyatsiyada, shu jumladan, mikroorganizmlarda ham tabiiy tanlash qonunlari amal qilishini avvaldan bilishgan. Lekin, antibiotik qo‘llaganda mikroorganizmlarda shunday chidamlilik effekti yuzaga kelishini olimlar avvaldan inobatga olishlari, yoki, hech bo‘lmaganda, ushbu faktni taxmin qilishlari kerak edi. Lekin, nima uchundir bunday bo‘lmadi. Mikroblarning antibiotiklarga bardoshliligi effekti bir necha bemorlarda amalda ko‘zga tashlanmaguncha, bu jarayon hech kimning xayoliga kelmagan. Aslida ushbu holat, antibiotiklar va boshqa kimyoviy preparatlarning foydali effekti yetarlicha emasligini emas, aksincha, inson tabiatining mukammal xilqat emasligini ko‘rsatadi. Lekin, shu bilan birga, mikroblarning dori antibiotiklarga nisbatan chidamli bo‘lib qolishi, endilikda antibiotiklarning insoniyatga keltirgan ulkan nafiga ha soya solmasligi kerak. o‘z vaqtida, penitsillin va boshqa antibiotiklarni qo‘llash tufayli, bemorlarning tezroq oyoqqa turishi, butun boshli armiyalarning askarlari tezroq safga qaytishi ta’minlangan. Umuman olganda, II-jahon urushidan keyingi davra odamzot populyatsiyasining deyarli ikki barobar ortishi va sayyoramizda o‘rtacha umr davomiyligi 47,7 yoshdan 71 yoshgacha uzayishi, aynan antibiotik dorilar yordamida ko‘plab kasalliklarni yengganimiz sababidandir. Mikrob va bakteriyalarning endilikda allaqachon shakllanib qolgan chidamliligi esa, ularning kurashda hali beri bizdan bo‘sh kelmasligini bildiradi. Ya’ni, ularni shunchaki bitta urush bilan yengib bo‘lmaydigan armiya deb tasavvur qilish to‘g‘ri bo‘ladi. Buni yana bir qo‘pol o‘xshatish bilan ifodalash mumkin: mikroblar va odamzotning ularga qarshi antibiotik qurollar bilan qarshi kurashi, xuddi siyosiy qutblarning qurollanish va biri-biriga nisbatan tahdid qilish poygasiga o‘xshaydi. Qurollanish poygasida ham taraflarning biri muayyan kuchli qurol ixtiro qilib, vaqtinchalik tashabbus va gegemonlikka ega bo‘ladi. Ikkinchi taraf esa unga qarshi, undanda kuchli qurol tayyorlaydi. Keyin birinchi taraf yanada kuchliroq qurol o‘ylab topadi. Narigi taraf esa undan ham battarini ishlab chiqadi va ho kazo. Statistikaga ko‘ra, so‘nggi 3500 yil tarix mobaynida odamzot faqat 230 yil hech qanday urushlarsiz, tinch totuv yashagan ekan. Ibtidoiy odamlar davrida shunchaki tosh va suyak qurollar bilan boshlangan qurollanish poygasi, keyinchalik o‘q-yoy, miltiq, artilleriya va mana nihoyat qirg‘inbarot yadroviy qurollargacha yetib kelganidan xulosa qilsak, bizning qurollanish borasidagi ahmoqona dunyoqarashimizga ona tabiatning o‘zi bas kelmasa, odamzotning o‘zi qurollanish poygasini hech qachon ongli ravishda to‘xtatmaydigan ko‘rinadi. Taxminimcha, mikroblar bilan jangimiz ham xuddi shunday: ular hech qachon taslim bo‘lmaydi va ularga qarshi kurash hech qachon to‘xtamaydi. Mikroblarni butunlay mag‘lub qilish imkonsiz. Chunki, mikroorganizmlarning evolyutsion potentsialini biz aniq bila olmaymiz. Mikroblar bilan jangda eng asosiysi shuki, bizning ularga qarshi qo‘yadigan texnologiyalarimiz ularning evolyutsion potentsialidan imkon qadar oldinga o‘zib ketishi kerak. Bu esa bizga kasalliklarni nazoratda tutish va ulardan uzoqroq yurish imkonini beradi. g‘alaba uchun shuni o‘zi ham kifoya qilishi mumkin…


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Tabiat qonunlari
Mikroblarning antibiotiklarga bardoshliligi

Manba:orbita.uz