MEVALI DARAXTLARNI YoSHARTIRISH
MEVALI DARAXTLARNI YoSHARTIRISH — yangi novdalar oʻsib chiqishi uchun daraxtlarning eski va qurigan shoxlarini kesish; daraxt umrini uzaytirish va hosil berishini tiklash usullaridan biri. Mevali daraxtlar kariganida, asosiy shoxlarini tiklash, novdalarining oʻsishini tezlashtirish hamda meva hosil qiluvchi organlarini shakllantirish maqsadlarida qoʻllaniladi. Koʻpgina 25—30 yoshdagi olma, nok, 15—20 yoshdagi oʻrik, 8—12 yoshdagi olxoʻri, gilos va b. yoshartiriladi. Asosan, fev. — mart oylarida utkaziladi. Yoshartirishning yengil, kuchli hamda butab yoshartirish xillari bor. Yengil yoshartirishda asosiy shoxlar, qulay tomonga rivojlangan yon shoxlar yuqorisidan, kuchlisida asosiy shoxlarning uchdan ikki qismi kesiladi. Bunda ulardan bir nechta yangi novda oʻsib rivojlanadi. 3—4 yildan soʻng ulardan yangi shox-shabba shakllantiriladi. Butab yoshartirish da asosiy shoxlar qisqartirilib, ulardagi 1—2 yillik novdalarning ayrimlari olib tashlanadi. Bu usulda zaxira oziq moddalar daraxtlarning koʻp gullashi uchun sarf boʻlmaydi, tutgan mevalar toʻkilib ketmaydi.
Ensiklopediya.uz
MEVALI DARAXTLARNI YoSHARTIRISH