METALLSHUNOSLIK
METALLSHUNOSLIK — metallarning tarkibi, ichki tuzilishi va xossalarini, ular orasidagi bogʻlanishni oʻrganadigan fan. Shartli ravishda nazariy va amaliy kismlarga boʻlish mumkin. Nazariy qismda turli taʼsirlar natijasida metall va krtishmalarda yuz beradigan jarayonlar hamda ularning tuzilishiga oid umumiy qonuniyatlar oʻrganiladi. Asosiy boʻlimlari: metall va qotishmalarning metall holati va fizik xossalari nazariyasi, kristallanish, metall va qotishmalardagi faza muvozanati, diffuziya, qattiq holatdagi faza aylanishlari, plastik deformatsiya, tartiblanish, yemirilish va qayta kristallanish jarayonlarining fizik nazariyasi. Nazariy Metallshunoslik koʻp jihatdan metallar fizikasi bilan bogʻliq. Amaliy (texnik) qismda metallarga ishlov berish (termik ishlash, quyish, bosim bilan ishlash) dagi texnologik jarayonlarning asoslari hamda metall materiallarning konkret klasslari oʻrganiladi (q. Metallar texnologiyasi, Metallarni ishlash). M. metallarning kristall tuzilishi, metallografiya, rentgenografiya, korroziya, metallarning fizik-mexanik xossalari va termik hamda kimyoviytermik ishlashning bu xossalarga taʼsiri, legirlovchi elementlarning metallar xossalariga taʼsiri, metallarni sinash toʻgʻrisidagi taʼlimotlarni oʻz ichiga oladi. Metallshunoslikda metallga musbat ionlarning davriy maydonida harakatlanadigan elektronlar yigʻindisi sifatida qaraladi (q. Metallar). Metallar va qrtishmalar elektron nazariyasining rivojlanishi aloqida fizik xossali (oʻta oʻtkazuvchan, magnit xossali va b.) qotishmalar yaratilishida muhim ahamiyat kasb etdi. Metallshunoslikning rivojlanishida plastik deformatsiya va kristallik tuzilish nuqsonlari fizik nazariyasi muhim rol oʻynaydi.
Ensiklopediya.uz
METALLSHUNOSLIK