METALLAR STRUKTURASI
METALLAR STRUKTURASI — metallarning ichki tuzilishi manzarasi; oddiy koʻz bilan yoki lupa va mikroskopda, rentgen nurlari yordamida aniqlanadi. Oddiy koʻz bilan yoki lupa orqali koʻrinadigan Metallar strukturasi makrostruktura, mikroskopda koʻrinadigani mikrostruktura, rentgen nurlari yordamida aniqlanadigani rentgenostruk-tura deyiladi. Makrostruktura ni aniqlashda namunaga reaktiv eritma (kuchsiz kislota eritmasi) taʼsir ettiriladi, yaʼni xurushlanadi, metallning ayrim komponentlariga reaktiv turlicha taʼsir etganidan namunada makrorelyef hosil boʻladi. Bunday na-muna sirti makroshlif deb ataladi. Quyma metallning makrostrukturasi dendrit tuzilishida boʻladi. Quyma metall bosim bilan ishlansa, dendritlar choʻzilib, tolalar hosil qiladi. Bunda metall makrostrukturasiga qarab, deformatsiyalanganlik darajasini va tolalarning yoʻnalishini aniqlash mumkin. Maxsus xurushlash usullaridan foydalanib, metallning bir jinsligini, ichki nuqsonlari (darz, aralashma, gʻovak va b.) ni bilish mumkin. Makrostrukturani tekshirish usuli sanoatda va i. t. ishlarida qoʻllaniladi.
Ensiklopediya.uz
METALLAR STRUKTURASI