MENINGOKOKK INFEKSIYASI
MENINGOKOKK INFEKSIYASI — meningokokklar qoʻzgʻatadigan oʻtkir infeksion kasallik. M. i. ning manbai bemor, asosan, bakteriya tashuvchilar; ulardan mikrob atrofdagilarga havotomchi yoʻli orqali tarqaladi. Qish va bahorda koʻproq uchraydi (mavsumiy koʻtarilish). Meningokokk infeksiyasi burun va halqum shilliq pardasining yalligʻlanib zararlanishi (nazofaringit), bosh miya yum-shoq pardasining yiringli yalligʻlanishi (yiringli meningit) yoki miya moddasining miya pardasi bilan birgalikda yalligʻlanishi (meningoensefalit) yoki meningokokklar qonga tushganda roʻy beradigan meningokokksemiya sifatida oʻtishi mumkin. Aksari ayni bir bemorda kasallikning sanab oʻtilgan barcha shakllari avj oladi. Koʻpincha kasallik alomatlari boʻlmagani holda meningokokklarni tashuvchanlik kuzatiladi, bu, ayniqsa, xavfli. Tumov, yoʻtal, aksirish bilan oʻtadigan yalligʻlanish belgilari boʻlgan (nazofaringit) bemor, kasallik qoʻzgʻa-tuvchisining tez tarqalishiga sabab boʻladi.
Ensiklopediya.uz
MENINGOKOKK INFEKSIYASI