Mening mahallam Insho (Эссе)
Mening mahallam Insho (Эссе)
DO`STLARGA ULASHING:
INSHO
MAVZU: “MЕNING MAHALLAM”
RЕJA:
Mahalla – Vatan ichra kichik vatandir.
Mahalla – ulug‘ qadriyatlarimiz beshigi.
Bobom – mahallamiz faxriylaridan.
Buvimga o‘xshashni havas qilaman.
Xulosa.
Mahalla… Shu birgina so‘z zamirida butun olam ezguliklari, urf –odat va an’analari, qaynoq tafti mujassam. Mahallam mening uchun mehri beminnat onam misoli. Onam har tong boshim silab uyg‘otib, yaxshiliklarga undasa, mahallam ulug‘-ulug‘ maqsadlar sari qo‘limdan tutib hamdam bo‘ladi. Onaizorim oq yuvib oq taragan bo‘lsa, mahallam mana shu oqlikni yuragimga ko‘chirgan Ka’bam desam xato bo‘lmaydi. Boisi, kindik qonim to‘kilgan bu zaminim oq niyatlarni ko‘nglimga tugishni o‘rgatgan. Birovning haqqi hech qachon birovniki bo‘lmasligini, xalqimizdagi sabr-u qanoat tushunchalarining qanchalik qon-qonimizga singib ketganligini ko‘nglimga qadagan.
Azaldan Vatanni ulug‘lab, uning uchun jonini fido qilgan ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz bizga yurtni sevishni, uni ardoqlashni o‘rgatib kelishgan. Shuning uchun ham Vatan ona so‘zi bilan doim birga qo‘llanadi. Vatanim – onam…
Shu Vatan ichra vatanim deya ulg‘laganim esa mening mahallamdir. Vatanim mening uchun barcha ezgu ishlarga undovchi ostonam bo‘lsa, mahallam qo‘llaguvchi hamdamimdir. Birinchi prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Davlatchiligimiz tarixida birinchi marta mahalla tushunchasi Konstitutsiyamizga kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va maqomi belgilab qo‘yilgan”. Bu maqom hali-haligacha o‘z o‘rnini saqlab, kundan kunga yuksalib boryapti. Birgina bizning mahallamiz misolida oladigan bo‘lsak, barcha kishilar ahil, inoq yashashadi. Bu, albatta, mahalladoshlarimizning birdamligidan. Barcha insonlar holidan, ayniqsa, keksalarimiz, mehrga muhtoj kishilasrni tez-tez yo‘qlab, ularning yumushlariga biz, mahallamiz bolalari, qizlar yordamlashib, og‘irlarini yengil qilamiz. Ularning arzimaz yumushlarni bajarganimizda uzundan uzoq duo qilishlari, avvalo, yurtimizga tinchlik tilashlari meni doim to‘lqinlantiradi. Axir shu emasmi buyuk baxt. Axir shu emasmi kelajakka ishonch. Azaldan xalqimizda “Oltin olma duo ol, duo oltin emasmi” maqoli bejizga aytilmagan. Bu oltinga teng duolar bizlarni katta-katta marralarga undaydi. Har gal vatanimiz yoshlarining fan va sport sohasida erishgan yutuqlari, qo‘lga kiritgan medallari haqida eshitganimda yoki ko‘rganimda qalbim hayajonga to‘lib, ko‘zimda yosh aylanadi. Keksalarimizning qilgan duolari ijobatini ko‘rgandek bo‘laman.
Biz, yurt farzandlarining bunday marralarga erishishi uchun oilamizda, mahallamizda berilayotgan e’tiborning samarasi deb bilaman. Oilalamizda keksa bobolarimiz har bahor yoshgina nevaralarini yetaklab ko‘chak ekish uchun bog‘ga yo‘l oladilar. Bu oddiy odat zamirida qanchadan qancha ma’no bor. Yosh go‘dak jajji qo‘llari bilan niholni ushlab, bobosining qilayotgan harakatlarini kuzatib turadi. Bu orqali uning qalbiga ko‘chak bilan birgalikda ezgulik urug‘i qadaladi. U bolakay ulg‘ayganda ham yoshligida o‘rgangan odatini har bahor takrorlayveradi. Buvilarimiz keksa bo‘lishlariga qaramay qo‘llariga igna-ip olib kashtalar tikishadi. Yoshgina jajji qiz nevaralari esa ularning atroflarida girdikapalak bo‘lib, tikishga urinishadi. Bu oddiygina urinish ulardagi fazilatlar eshigini ochadi. Qizlarimiz qo‘liga igna olishi bilan sabr atalmish yuksak tuyg‘uni o‘zida shakllantirib boradi. Sababi, kashtachilik, tikish-bichish kishidan alohida mehr, sabr-toqatni talab qiladi. Shu birgina ish bilan buvilarimiz bizlardagi hayot mashaqqatlari oldida sabrimizni mustahkamlashni o‘rgatadilar. Shunday yuksak odatlarni ko‘rganimda beixtiyor yurtboshimizning aytgan so‘zlari qulog‘im ostida jaranglaydi: “Azaldan o‘zbek mahallasi milliy qadriyatlar maskani bo‘lib kelgan. O‘zaro mehr-oqibat, ahillik va totuvlik, ehtiyojmand, yordamga muhtoj kimsalar holidan xabar olish, yetim-yesirlarning boshini silash, to‘y-tomosha, hashar va ma’rakalarni ko‘pchilik bilan bamaslahat o‘tkazish, yaxshi kunda ham, yomon kunda ham birga bo‘lish kabi xalqimizga xos urf-odat va an’analar, avvalombor, mahalla muhitida shakllangan va rivojlangan”. Mustaqillik yilarida esa mahallaning bu azaliy qadriyatlari, xususiyatlari qatoriga ko‘pgina yangi vazifalar, majburiyatlar kelib qo‘shildi. Mahallaning jamiyatdagi o‘rni, mavqeyi, vakolatlari kengaytirib berildi. Har bir mahalla o‘z oqsoqoliga, maslahatchi va posbonlariga ega bo‘ldi. Bu mahallaning Vatan ichra kichik Vatan ekanligining isboti emasmi? Mahalla o‘zini – o‘zi boshqaruvchi jamiyat tarkibidagi kichik bir davlat bo‘ldi. Bu mustaqilligimiz bergan ulug‘ ne’mat emasmi? Mahalla raislari mahalladoshlarining bergan ovozlari bilan saylana boshlandi, bu haqiqat bizga erkinlikning bergan mevasi emasmi? Bu kunlarga yetgunimizcha qancha qurbonliklar berdi xalqimiz. Qanchadan qancha bobolarimizning qonlari nohaq to‘kilmadi, deysiz? Urushga Vatanining sha’nini saqlash, himoyalash uchun necha-necha yosh yigitlar, otalarimiz safarbar qilinmadilar deysiz?
Bobom ko‘pincha urush davridagi, azobli o‘tgan voqealarni, eshitgan va ko‘rgan-bilganlarini bizlarga so‘zlab berganlarida, “bu kunlarga, tinch zamonamizga shukr, bolam” deya bot-bot takrorlaydilar. Bobomning har bitta yuzlaridagi ajin ko‘rgan azoblarining belgisi deb o‘yga tolaman ba’zan. Haqiqatan ham, bobomning ko‘rgan mashaqqatlarini, yoshlik chog‘laridayoq ham o‘qib, ham ishlab kun ko‘rganliklari, ota-onalariga ko‘mak berish uchun har qanday og‘ir ishlardan ham qaytmaganliklari men uchun jasoratli inson qiyofasini yaratib beradi. O‘z davrlarida chekkan azoblari, mashaqqatlari uchun bugungi kunda shunday sharofatli kunlarga erishdik. Bir kuni biz, sho‘x nabiralarining ko‘cha-ko‘yda qo‘limizda non yeb yurganimizni ko‘rgan bobom darrov yonlariga chaqirib, tushgan nonning ushoqlarini bittalab terib ko‘zlariga surdilar-u, bir voqeani so‘zlab berdilar.
Bobomning bu holatlarini ilgari ko‘rmagandim. Bobomning nazarimda yuzlaridagi ajinlar yana bittaga ko‘payganday bo‘ldi xayolimda. Biz bunday sho‘xligimizdan qattiq ranjigan bo‘lsalar-da, hech bizga qattiq gapirmadilar. Aytishlaricha, bolalik paytlarida kun kechirish juda og‘ir bo‘lgan ekan. Otalari ertadan kechgacha temirchilik qilib, kishilarga mehnat qurollari yasab berar ekanlar. Gohida otalariga yordam berish uchun ustaxonaga borsalar, gohida esa onalariga ko‘maklashish uchun kolxozning yerlariga ishlashga oshiqar ekanlar. Hatto tunda ham oyimning qandaydir tikish ishlari bilan band bo‘lib, tun yarmisigacha mijja qoqmay chiqqanlarining guvohi bo‘lganman, deydilar. Shunday kunlarning birida yarim tungacha mijja qoqmagan oyim, erta tong qorong‘usida tandir yoqib non yopishga urinardilar. U davrning nonlarini bu kunlardagi, siz uvol qilayotgan nonlar bilan solishtirib bo‘lmaydi bolam. Garchi biz yeyayotgan nonlar qop-qora bo‘lsa ham, ko‘zimizga surtar edik. Chunki, birinchi sinf bolasi bo‘lganimda men ham akalarim va mahallamizdagi o‘rtoqlarimga qo‘shilib boshoq tergani borar edim. O‘rilgan bug‘doyning ostida tushib qolgan butun va yarim boshoqlardan qancha ko‘p topsak, shuncha quvonardik. Kolxozimiz raisi har bir bolaning etagiga boshoqlardan mehnati evaziga solib berardilar. Uyga kelganimda oyimning meni suyib peshonamdan o‘pib, “yasha bolam” deyishlarining o‘zi men uchun katta mukofot edi. Otam non ushog‘ini ko‘zlariga surib o‘ziga shukur deb qayta-qayta aytardilar.
Bu so‘zlarni shunchaki oddiygina tinglab bo‘lmasdi. Butun vujudim, qalbim larzaga keldi. Ko‘zlarimda yosh aylandi va bobomning “O‘ziga shukur, yaratganiga shukur” deb ko‘p takrorlaydigan so‘zlari yodimga tushdi.
Yaratganim o‘zingga shukur, dorilomon kunlaring uchun.
Madadkorim o‘zingga shukur, tinchlik berib suyganing uchun.
Neki qilsak, sen uchun kamdir bizga bergan non tuzing uchun.
Suyanganim, boringga shukur, bizni shunday asraganingchun.
Vatanim – onam deya doim faxr bilan aytib kelamiz. Chunki Vatanni mehribon onajonlarimiz-u, duogo‘y buvijonlarimiz timsollarida ko‘ramiz. Har gal buvimni ko‘rgani borganimda peshonamni silab, bagirlariga bosib, neki asrab qo‘yganlari bo‘lsa dasturxonga oladilar. Men uchun atay tikib qo‘ygan ko‘ylaklari-yu, yostiqchalarni menga ilinadilar. Shu onda xayolimdan bir savol o‘tadi. Buvijonimning bunday iltifotlari uchun nimalar qilsam, kongillari ko‘tariladi. O‘zlaridan so‘raganimda, “Bolam, tez-tez kelib tursang bo‘lgani”, deydilar. Qo‘shni ayollar buvimning oldilariga tez-tez chiqib turadilar. Ba’zilari tikish sirlarini o‘rganish uchun, ba’zilari esa maslahat olgani yo‘qlab turishadi. Kimki nima maqsadda chiqmasin, buvimlar hech qachon noumid qilib qaytarmasdilar. Ayollarga doim sabr-qanoat haqida so‘zlab, doim “Qizlarim, hech qachon mehnatdan qaytmang. O‘zingizning mehnat qilib topganingiz, eng beminnat, eng shirin luqma. Sabr bilan qancha intilsangiz, shuncha boylikdan-da ulug‘ ne’matlarni qo‘lga kiritasizlar.Men bu so‘zlarni tinglab beixtiyor bobom va buvjonimdan faxrlanib ketaman.
Fikrim so‘nggida shuni xulosa qilib aytmoqchimanki, keksalarimiz bizning farishtalarimiz. Ularning duolari bizning yo‘ldoshimiz, mahallamiz rivoji va uning kengbag‘r, serfayz bo‘lishida ularing o‘rni beqiyos. Mening mahallam mening faxrimdir. Men doim mahallam bilan g‘ururlanaman.
Mening mahallam Insho (Эссе)