MENGLI-GARAY

MENGLI-GARAY

MENGLI-GARAY (? – 1515) – Qrim xoni (1468—1515). Garaylar sulolasidan. Qrim xonligi asoschisi HojiGarayning kichik oʻgʻli. Taxtga HojiGarayning katta oʻgʻli Nur-Davlat oʻtirishi kerak edi, lekin mahalliy xalq va Kafa sh. dagi genuyalik kolonistlar M.-G. ni qoʻllab-quvvatlashgani uchun u taxtni egallagan. U xonlik poytaxtini Solxat (hoz. Eski Qrim) sh. dan Boqchasaroy sh. ga koʻchirgan. Hoji-Garay davrida Qrim xonligi Oltin Oʻrdadan uzil-kesil ajralib chiqqan (1443), ammo M.-G. davrida Turkiyaga qaram boʻlib qolgan (1475-y. dan). M.-G. Katta Oʻrda xoni Ahmad va uning oʻgʻillari bilan uzoq muddat urush olib borgan. Turk sultoni va Moskva knyazi Ivan III bilan doʻstona munosabatlari tufayli 1502-y. da Katta Oʻrda ustidan gʻalaba qozongan. M.-G. Polshaga qarshi urushgan va Turkiyaning Moldaviyaga qarshi urushida katnashgan. M.-G. hayotining oxirlarida uning oʻgʻillari Rus yeriga bir necha marta talonchilik yurishlari uyushtirgan.

Ensiklopediya.uz
MENGLI-GARAY