MEDEYa

MEDEYa

MEDEYaKolxida malikasi. Medeya ismi argonavtlar haqidagi yunon mifologiyasi bilan uzviy bogʻliqsir. Medeya afsungarlikni onasidan oʻrgangan. Yason boshchiligidagi argonavtlar oltin terini olib ketish uchun Kolxidaga kelishganda Gera va Afrodita M. qalbida Yasonga nisbatan muhabbat olovini yoqqanlar. Medeyaning moʻjizakor surtma malhami Yasonni qudratli va oʻtda yonmas qiladi, u olov purkayotgan buqalarni oʻziga boʻysundiradi, ular bilan katta dalani haydaydi; M. afsun qilib oltin terini qoʻriqlayotgan ilonni uxlatib qoʻyadi va Yason oltin terini qoʻlga kiritadi. Kelishuvga koʻra, Medeyaning xizmatlari evaziga Yason unga uylanishi va oʻzi bilan Yunonistonga olib ketishi lozim edi. Ancha mashaqqatlarni yengib ular Yunonistonga yetib olganlar. M. Yason bilan 10 yil turmush kechirgach, Yason unga xiyonat qilgan. Bundan gʻazablangan Medeya uning yosh qalligʻini va otasini oʻldirgan. Bunda u kelinga qilingan sovgʻa — zaharlangan koʻylak va tojdan foydalangan. Shu zahoti M. Yasondan boʻlgan oʻzining ikki farzandini ham oʻldirgan, oʻzi esa ajdarho qoʻshilgan aravada Afinaga, Egey huzuriga qochgan. Mifning bir variantiga koʻra, M. Kreont vafot etgach, Korinf pod-shosi boʻlgan; krrinflik ayollar yovvoyi va afsungar Medeyaning hukmronligidan xalos boʻlish uchun uning 14 bolasini Akrandagi Medeya panoh topgan Gera mehrobi yonida oʻldirganlar. Afinada. M. Egeyga oʻgʻil farzand — Medni tugʻib beradi. Biroq shohning oʻgʻli Tezeyni zaharlashga harakat qilgani uchun u yerdan ham haydalgan. Medeya umrining oxirgi damlarini oʻgʻli bilan Kolxidada oʻtkazgan. Bu yerda u otasini qayta taxtga oʻtqazgan, uning dushmani — amakisi Persesni esa oʻldirgan; boshqa bir rivoyatga koʻra, Kolxida podshoxligini u oʻgʻli Medga bergan, uning nomidan ular bosib olgan mamlakat Mediya (Midiya) deb atalgan.

Ensiklopediya.uz
MEDEYa