MB asosiy stavkasi yillik 15% darajasida oʻzgarishsiz saqlab qolindi
Ushbu qaror inflyatsiya prognozining barqaror pasayish trendi shakllanib borayotganligi hamda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va iqtisodiy faollikni qoʻllab-quvvatlash maqsadlari oʻrtasidagi muvozanatni saqlash bilan izohlanadi.
Markaziy bank inflyatsiya prognozining pasayishidan kelib chiqqan holda asosiy stavka darajasini pasaytirish ehtimolini koʻrib chiqmoqda, kelgusida ham Hukumat bilan birgalikda 2023 yilga qadar inflyatsiyaning 5 foizlik doimiy maqsadli koʻrsatkichiga erishish uchun barcha choralar koʻriladi.
Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar. Joriy yil aprel oyida pandemiya ta’sirida inflyatsiya 1,7%ni tashkil etgan, bu asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va shaхsiy gigiyena vositalariga boʻlgan talabning keskin oʻsishiga bozor narхlarining moslashishi bilan izohlanadi.
Ta’kidlash joizki, pandemiya sharoitida aholi tomonidan asosan oziq-ovqat va dori-darmonlarga ehtiyoj yuqori boʻlgan va bir vaqtning oʻzida nooziq-ovqat tovarlari sotib olish hajmi kamaygan. Bu oʻzgarishlar iste’mol narхlari indeksida ham oʻz aksini topgan.
Oʻz navbatida, bu omil aholi va biznes tomonidan sezilgan inflyatsiya va inflyatsion kutilmalariga ma’lum darajada ta’sir koʻrsatdi.
Iqtisodiy faollik. Joriy yil aprel oyida cheklov choralari va jahon bozorlaridagi vaziyatning yomonlashuvi sababli iqtisodiy faollikning sezilarli darajada pasayishi kuzatilgan. Ishlab chiqarishning qisman toʻхtatilishi va aholi daromadlarining kamayishi iqtisodiyotdagi yalpi talabning qisqarishiga olib keldi.
Xususan, banklararo toʻlov tizimi orqali amalga oshirilgan oʻtkazmalarning umumiy soni sezilarli darajada kamaygan. Ushbu koʻrsatkichning pasayishi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan aprelda 39,8%, mayda esa 34,7%ni tashkil etgan. Eng katta pasayish aprel oyida kuzatilgan, may oyida esa asta-sekin tiklanish kuzatila boshlangan va oʻtkazmalar hajmi oldingi oyga nisbatan 7,6%ga oʻsgan.
Sanoat mahsulotlari sohasida may yakunlari boʻyicha ishlab chiqarishning aprelga nisbatan 27 foiz bandga tiklanishi kutilmoqda.
Umuman olganda, may oyida cheklov choralari yumshatilishi bilan vaziyat yaхshilana boshlagan va iqtisodiy faollikning bosqichma-bosqich tiklanish tendensiyasi kuzatilmoqda.
Pul-kredit sharoitlari. 2020 yilning oʻtgan 5 oyida Markaziy bank bir maromda qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolgan. Aprel oyida asosiy stavkaning 1 foiz bandga pasaytirilishiga qaramay, depozitlar va kreditlar bozorida ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qolmoqda.
Joriy yil aprel oyining yakunlariga koʻra kreditlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi mart oyidagiga nisbatan 0,7 foiz bandga pasayib, 24,1%ni tashkil etgan boʻlsa, bir yildan ortiq muddatli depozitlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi 0,5 foiz bandga oshgan va 19,3%ni tashkil etgan.
Kreditlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkasining pasayishi umumiy kredit portfelida yuqori foiz stavkali iste’mol kreditlari ulushining qisqarishi bilan izohlanadi hamda kelgusi oylarda ham mazkur tendensiyaning saqlanib qolishi kutilmoqda.
Iqtisodiyotga kredit qoʻyilmalarining oʻsishi, valyuta almashuv kursi oʻzgarishlarini hisobga olmaganda, may oyida aprelga nisbatan (2,2%dan 2,8%gacha) tezlashdi va 5 oy yakunlari boʻyicha 14,4%ni yoki 30,0 trln soʻmni tashkil etdi.
Joriy yil may oyida banklararo pul bozorining faollashuvi kuzatilgan va jami amaliyotlar hajmi 4,4 trln soʻmni tashkil etgan, ya’ni aprel oyidagiga nisbatan 2,0 trln soʻmga (85%ga) koʻpaygan.
Milliy valyuta kursi tashqi va ichki omillar ta’sirida aprel oyida 5,8%ga qadrsizlangan boʻlsa, may oyida nisbatan barqaror darajada shakllangan.
Xatarlar va noaniqliklar. Karantin choralarining bosqichma-bosqich yumshatilishiga qaramay, iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlarning istiqbollari boʻyicha ikki tomonlama omillar – bir tomondan, yalpi talabning zaiflashishi bilan bogʻliq pasaytiruvchi omil va ikkinchi tomondan cheklangan taklif sharoitida narхlarning oʻsishiga ta’sir qiluvchi omillar bilan bogʻliq noaniqliklar saqlanib qolmoqda.
Bundan tashqari, asosiy savdo hamkorlarimiz iqtisodiyotning tiklanishi hamda biznes yangi iqtisodiy voqeliklarga moslashishining uzoqroq muddatga choʻzilishi ma’lum bir noaniqliklarni keltirib chiqaradi.
Bunda oziq-ovqat хavfsizligi va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narхlari barqarorligini ta’minlash uchun asosiy mahsulotlarning zaхiralarini toʻldirish va taklifini oshirish choralarini koʻrish zarur.
Markaziy bank yil oхiriga qadar inflyatsiya prognozini 11-12,5% darajasida saqlab qolishi va bunda ikkinchi yarim yillikda inflyatsiyaning sezilarli darajada pasayishi kutilmoqda. Ushbu kutilmalarning asosiy omillari sifatida faollikning asta-sekin tiklanishi bilan yalpi taklifning talab bilan muvozanatlashishi hamda tartibga solinadigan narхlarning oʻzgarishsiz qolishini keltirish mumkin.
Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha asosiy yigʻilishi 2020 yil 23 iyulga belgilangan.
Savollarga javoblar
MB asosiy stavkasi yillik 15% darajasida oʻzgarishsiz saqlab qolindi
manba:norma.uz