Maymuna binti Horis
Maymuna binti Horis
DO`STLARGA ULASHING:
Hazrati Maymunaning Islomni qabul qilishi din uchun ham musulmonlar uchun ham xayr va barakot vasilasi bo‘ldi. Chunki uning musulmon bo‘lishi uzoqyillardan beri Islomga qarshi urush e’lon qilgan ba’zi kishilardan jaholat pardasini ko‘tardi, kin va kibr bilan to‘la qalblarni tozaladi.
Hazrati Maymuna (roziyalohu anho) Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) uylangan eng so‘nggi ayoldir. U payg‘ambar xonadonida yashagan qisqa davrda ko‘ngilga og‘ir botuvchi hech qanday voqea ro‘y bermadi. Hazrati Paytambarimizning vafotlaridan keyin uning bugun hayoti Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) xotiralariga hurmat va taqvo bilan yashashning go‘zal bir ramzi bo‘ldi.
Nasabi
Mo‘minlar onasi Maymuna (roziyallohu anhu) kurayshning obro‘-e’tiborli kishilaridan bo‘lgan Horis ibn Hilolning qizidir. Onasi Makkaning fazilat va yuksak nasabi bilan mashhur ayollaridan biri bo‘lgan Hind binti Avf bo‘lib, Xolid ibn Validning xolasidir.
Maymunaning Ummul Fazl va Salma ismli qiz qardoshlari bor edi. Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) amakilaridan Abbos ibn Abdulmuttalib (roziyallohu anhu) Ummul Fazlga, shahidlarning ulug‘i Hamza ibn Abdulmuttalib (roziyalohu anho) Salmaga uylangan edilar. Shu bois Abdulmuttalib ibn Hoshim o‘g‘illari bilan Hazrati Maymunaning opa-singillari o‘rtasida avvaldan juda mustahkam qarindoshlik rishtalari bor edi.
Tug‘ilishi
Maymuna Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) payg‘ambar bo‘lishlaridan olti yil avval Makkada tug‘ildi.
Islomiyat kelganida hali yaxshi-yomonni ajrata olmaydigan bir yosh qizcha edi. Johiliyat davrida tug‘ilgani bois o‘zlari yasab olgan buglarga sig‘ingan ota-ona tarbiyasini olib, buzuq e’tiqod va urf-odatlar ta’sirida o‘sib-ulg‘aydi. Ammo u payg‘ambarlik, vahiy va shu mavzudagi boshqa narsalar haqida eshitar, tushunishga harakat qilar edi.
* * *
Balog‘atga yetgach, uni Makkaning ko‘zga ko‘ringan yigitlaridan Mas’ud ibn Amrga uzatishdi. U Abbos ibn Abdulmuttalibning zavjasi bo‘lgan opasi Ummu Fazlning uyiga tez-tez borib turardi. Opasidan Islom dini, musulmon muhojirlar, Badr va Uhud g‘azotlari haqidagi xabarlarni eshitar, bu voqealar uning qalbiga boshqacha ta’sir qilar edi.
Ajralish
Haybar g‘azoti haqidagi yolg‘on xabarni eshitgan makkalik quraysh mushriklari juda sevindilar. Abbos ibn Abdulmuttalibga (roziyallohu anhu) aziyat beruvchi so‘zlar aytib, masxaralay boshladilar. Abbos (roziyallohu anhu) mahzun holda uyiga kaytdi. Ammo oradan ko‘p vaqt o‘tmay, haqiqiy xabar yetib keldi. Musulmonlar jangda g‘alaba qozongan va yahudiylar Haybardan quvilgan edilar.
Abbos (roziyallohu anhu) o‘rnidan turdi, eng chiroyli kiyimlarini kiydi. Xuddi bayramdagidek yasanib, viqor bilan odamlar oldiga chiqqi. Bu safar u mushriklarga gapirdi. Biroz oldin yolg‘on xabarni yoygan kishi uning so‘zlarini tasdikdagach, mushriklar jim bo‘lib, pushaymonda qoldilar.
Abbos musulmonlarning Haybar jangida zafar qozonganini aytayotganida Maymuna opasi Ummul Fazlning uyida edi. Bu xabardan uning ham boshi osmonga yetdi. Uyiga qaytib eri Mas’ud ibn Amrni tushkun holatda ko‘rdi. Mas’ud zavjasining xursandligidan achchiklanib, u bilan tortishib qoldi va oxir-oqibat uni tark etganini aytdi. Maymuna ham ortiq uning oldida qolmay, yana pochchasi Abbos ibn Abdumuttalibning uyiga ketdi.
Qazo umrasi
Hudaybiya sulhi tuzilganiga bir yil to‘ldi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) musulmonlar bilan birga umra ibodatini ado etish uchun Makka tomon yo‘l oldilar. Shaharga yaqinlashgach, barcha musulmonlarni to‘xtashga buyurdilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu yerda jangdagidek bir usul qo‘llashni rejalashtirib, musulmonlarni ikki kismga ajratdilar. Birinchi kism Ka’bani tavof qilish uchun Makkaga kiradigan, ikkinchi qism esa, qurollangan holatda Makka tashqarisida tayyor turadigan, biror xavf tug‘ilsa, mushriklarga hujum qiladigan bo‘ldilar.
Hammaga vazifalar aniq bo‘lgach, yana yo‘lga chiqishdi. Nihoyat, uzoqdan bir yildirki, ko‘rish istagida intizor bo‘lganlari, ular uchun eshiklari yopilgan Makka ko‘rindi. Uni ko‘rar-ko‘rmas hammayoqni musulmonlarni «Labbayk Allohumma labbayk…» degan ovozlari tutib ketdi.
Musulmonlar ulug‘vorlik va haybat bilan Hazrati Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) atroflarini o‘rab olgan edilar. Hamma bir og‘izdan takbir va tahlil aytardi. Musulmonlarning ovozlarini eshitganlar tog‘larga qarab yugurdilar, darhol shaharni bo‘shatdilar. Chunki ular Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) va ashobi chorasiz kishilardek, necha yillar ilgari qorong‘i tunda Makkani tark etganlaridan so‘ng, quvvatli va haybatli ko‘rinishda, kechqurun emas, kuppa-kunduzi shaharga bemalol kirib kelishlarini tasavvur ham qilolmas edilar.
Makkada faqat erkaklardan bir necha kishi, Alloh taolo va Rasuliga imon keltirgan ayollar qolishdi, xolos.
Maymunaning taklifi
Maymuna musulmon bo‘lgan, ammo imonini yashirin tutardi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) va ashobi bir quyoshdek Makka ufqlaridan ko‘tarilgach, u jasoratlanib, Allohga imon keltirganini hammaga bildirdi.
Bu xayrli voqeadan so‘ng, Maymuna Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) zavja bo‘lish istagida Abbos ibn Abdulmuttalibni (roziyallohu anhu) elchi qilib yubordi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uning istagini qabul etdilar va unga mahr sifatida 400 dirham berdilar.
Hudaybiya sulhida ko‘rsatilgan uch kunlik muhlat bitdi. Qurayshliklar Nabiyga (sollallohu alayhi va sallam) elchi yuborib:
«Makkada qolish payting tugadi, endi chiqib ket», dedilar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) kulimsiradilar va:
«Meni o‘z holimga qo‘ying. Undan ko‘ra bir to‘y qilib, siz uchun taom hozirlatsam va to‘yimga siz ham kelsangiz bo‘lmaydimi?» dedilar.
Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) Maymunaga uylanishlari sababli Makkada qolish muddatini uzaytirmoqchi va qurayshliklar bilan qayta bitim tuzishni mo‘ljallagan edilar.
To‘y uchun dasturxon tuzaldi. Kurayshning ulug‘lari taklif etildi. Ular taklifni qabul etmadilar.
— Sening amalingga bizning ehtiyojimiz yo‘q. Tezroq chiqib ket, — dedilar.
Ular bu gaplarni Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) Makkada uch kundan ortiq qolishlaridan qo‘rqishlarini yashirish uchun aytdilar. Zero, Payg‘ambarning (sollallohu alayhi va sallam) ziyoratlari ba’zi kishilarning aqli va ruhiga ta’sir qilgani ko‘rina boshlagan edi. Masalan, Maymuna hammadan yashirib kelgan imonini musulmonlar Makkaga kirishlari bilanoq ochiq e’lon etdi. Ustiga-ustak, Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) zavja bo‘ldi. Bu hol mushriklarni g‘azablantirgan edi.
Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) ushbu majlisda Maymunaga uylanganlarini e’lon qildilar. Ammo Hudaybiya sulhiga amal qilib, jarchini chaqirib, darhol Madinaga qaytishni e’lon qilinshi buyurdilar. Makkadan o‘n mil uzoqliqdagi Saraf degan joyga kelganlarida Maymuna (roziyallohu anhu) bilan go‘shangaga kirdilar.
Islom yo‘lida xayr va barakotga vasila bo‘lishi
Makkadan chiqayotganlarida Maymuna hayqirib qurayshiylarni musulmon bo‘lishga chaqirdi. Uning ovozi qurayshiylarga kuchli ta’sir kildi. Xolid ibn Valid shunday dedi:
«Endi har bir aqli joyida bo‘lgan odamga ochiq ayon bo‘ldiki, Muhammad aslo sehrgar yo shoir emas! U olamlar Robbisining kalomi bilan gapiradi».
Ikrima ibn Abu Jahl uning bu gaplariga qo‘shilmadi, Badrda o‘ldirilgan yaqinlarnin eslab, unga qarshi chiqdi. Xolid ibn Valid unga shunday javob berdi: «Bu so‘zlaring johiliyat ishi va g‘ururidandir. Lekin men, vallohi, haq menga ayon bo‘lgan zamon musulmon bo‘ldim…»
Xolid ibn Valid Amr ibn Os bilan birga Madinaga borib, Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) bay’at qildilar. Ularning musulmon bo‘lishi bilan Islom yanada quvvatlandi.
Shubha yo‘qki, Maymunaning ochiq murojaat etishi qurayshdan bir qancha kshnilarning Islomga kirishlariga katta ta’sir ko‘rsatgan edi.
Muborak xonadonda
Maymuna Madinaga kelganidan so‘ng Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) pokiza xonadonlarida qadrli zavja bo‘lib yashadi. Musulmonlar uchun fazilatli ona bo‘ldi. Itoatli, samimiy, vafodor ayol sifatida zavjalik vazifalarini ado etdi.
Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) unga Hamza ibn Abdulmuttalibdan beva qolgan opasi Salma bilan birga yashashga izn berdilar. Keyinchalik uning turmush qurmagan singlisi Umara ham shu xonadonda qoldi.
Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) katta qizlari Zaynab vafot etgan yili Maymuna hali yigirma besh yoshda edi. U Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) tasalli berib, imkoni boricha dardlariga malham bo‘lish harakat qildi.
Vafo ramzi
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafot etganlaridan so‘ng, Maymuna uzoq yillar sog‘-omon yashadi. Odam o‘g‘illarining sayyidi, hidoyat elchisi va insoniyatning muallimi bo‘lgan Muhammad Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) xotiralarini hurmat qilib, ellik yilcha umrini taqvo bilan o‘tkazdi.
Uning sadoqati, muhabbati shu qadar samimiy ediki, vafot etganidan so‘ng Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan turmush qurishgan joyga dafn etishlarini vasiyat qildi. Shunga ko‘ra uni Sarafga dafn etdilar.
Alloh taolo Hazrati Maymuna onamizdan rozi bo‘lsin. Omin.
«Qahramon mo’mina ayollar» kitobidan (Toshkent, «Movarounnahr», 2005) olindi.
Maymuna roziyallohu anho hijratdan oldin (melodiy besh yuz to‘qson to‘rtinchi yili) tug‘ilganlar.
Maymuna binti Horis roziyallohu anhoning otasining ismi: Horis ibn Hazn ibn Bujayr ibn Hazm ibn Ruvaybah ibn Abdullohdir.
Maymuna binti Horis roziyallohu anhoning onasining ismi: Hind binti A’vf ibn Zuhayr ibn Hammaatoh ibn Jurshdir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Maymuna binti Horis roziyallohu anhoga hijriy yettinchi yilning oxirlarida uylandilar. Bu muborak turmush Makkai Mukarramada, Umratul Qazo arafasida bo‘lgan edi.
Maymuna roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oxirgi uylangan ayollaridir. Maymuna roziyallohu anho o‘zining taqvodorligi va ser ibodatligi bilan mashhur edi. Oyisha roziyallohu anho uning xaqida: “Maymuna bizlarning oramizdagi Allohga eng takvodorrog‘imiz va qarindoshlar bilan aloqasi eng ko‘prog‘imiz edi”, deydi.
Maymuna roziyallohu anho va opa-singillarining iymoni baquvvat ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari guvohlik berganlar.
Tabuk jangida Maymuna roziyallohu anho yaradorlarga yordam ko‘rsatar, bemorlarga hamdardlik bildirar edi.
Rivoyat qilinishicha, Maymuna roziyallohu anho ayollardan birinchi bo‘lib “tez yordam” guruhini tuzgan ayol edi. U jarohatlanganlarga malham qo‘yib, kerakli ko‘maklarni yetkazishni yo‘lga qo‘ygan edi. Jang paytida Maymuna roziyallohu anho yaradorlarga suv tarqatib yurganida, unga dushman o‘qi tegib, yaralanadi. Biroq Allohning inoyati va mehribonligi ila u omon qoladi. Maymuna roziyallohu anho Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi va sallamning amakilari Abbos roziyallohu anhuning xotini Lubobai Kubroning singlisi, Abdulloh ibn Abbosning xolasi edi.
Maymuna roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan 76 ta hadis rivoyat qilganlar.
Hijriy ellik birinchi (melodiy olti yuz yetmish uchinchi) sanada Maymuna binti Horis roziyallohu anho, Makkai Mukarrama ziyoratiga borib qaytayotganda, vafot etdilar.
Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li| Muslim.uz
Maymuna binti Horis