Maymoqlik

Maymoqlik

Maymoqlik

Mundarija скрыть
Maymoqlik
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Shifokor olimlar kuzatishlariga koʼra, soʼnggi yillarda bolalarda oyoq kaftidagi tugʼma nuqsonlar (ayniqsa maymoqlik) koʼp uchramoqda. Аslida bunday holat roʼy berishining sabablari nimada? Davolash choralari bormi?
maymoqlik 624x240 1
Travmatologiya va ortopediya ilmiy-tekshirish institutining “Bolalar ortopediyasi” boʼlimi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Аhror JOʼRАEV shu savollarga javob beradi:
– Bolalar oyoq kaftidagi nuqson irsiy yoki genetik muammolar bois yuzaga kelishi mumkin. Homiladorlikda suvsizlanish sababli bolaning ona qornida notoʼgʼri joylashib, siqilib qolishi koʼpincha tugʼma maymoqlikka sabab boʼladi. Shuningdek, homiladorlik vaqtida onaning turli infektsion kasalliklarga chalinishi, kuchli depressiya holatida boʼlishi, notoʼgʼri ovqatlanishi oqibatida ham ushbu xastalik kelib chiqadi. Yaʼni, notoʼgʼri turmush tarzi ona qornidagi homilaning rivojlanishiga salbiy taʼsir koʼrsatishi mumkin.
Homiladorlikning 16 haftasida boladagi oyoq maymoqligini UTT apparati tekshiruvi orqali aniqlash mumkin. Bola tugʼilgach, unda oyoq barmoqlarining turli anatomik kasalliklari (masalan barmoqlarning kalta boʼlishi, bir-biriga yopishib qolishi – sindaktriya, kaft suyaklarining yaxshi rivojlanmay qolishi) koʼzga tashlanadi. Bunday holatda shifokor neonatolog chaqaloqqa tugʼma maymoqlik tashxisini qoʼyishi va davolash choralari haqida maslahat berishi mumkin. Oʼz vaqtida olib borilgan davolash muolajalari xastalik uzoq choʼzilishining oldini oladi.
Oyoq panjasi qiyshiqligi (maymoqlik) tez-tez kuzatiladigan holat hisoblanib, bunda ikkala oyoq (toʼpiqdan pastki qismi) panjalari bir-biriga qaragan, tovon esa yumaloq boʼladi. Juda kuchli rivojlangan maymoqlikda bola oyoq panjasining tashqi chekkasiga, hatto ichki yuzasiga tayanib yuradi. Bolada tugʼma maymoqlik aniqlansa, bolani tezroq davolash lozim. Bunda oyoq qiyshiqligini toʼgʼrilaydigan bogʼlovlar, maxsus gipslar qoʼyiladi. Oyoq mushaklarini mustahkamlash uchun fizioterapevtik muolajalar buyuriladi. Bu usullar yordam bermasa, bola 1,5-2 yoshga toʼlgach operatsiya yoʼli bilan davolanadi.
Аslida bolalarda tugʼma kasalliklar paydo boʼlishining ekzogen va endogen sabablari mavjud. Ekzogen (tashqi) sabablar qatoriga ekologik ahvolning yomonlashuvi, oziq-ovqatlarga kimyoviy ishlov berilishi, shuningdek, homiladorlik paytida onaning turli antibiotiklarni qabul qilishi va kuchli stresslarni kiritish mumkin. Kamqonlik, yurak-qon tomir kasalliklari, oshqozon-ichak tizimidagi va endokrin kasalliklar, moddalar almashinuvining buzilishi kabilar esa endogen (ichki) sabablardir.
Dunyoga kelajak bolada tugʼma nuqsonlarning oldini olish uchun ona homiladorlik vaqtida oʼzini ehtiyotlashi, kun tartibiga rioya qilishi, toza havoda koʼproq boʼlishi, boʼlar-boʼlmas narsalarga asabiylashavermasligi, toʼgʼri ovqatlanishi va dorilarni shifokor nazorati ostida qabul qilishi lozim. Аgar tugʼma maymoqlik oʼz vaqtida davolanmasa oyoq kafti suyagini xirurgik yoʼl bilan kesib toʼgʼrilash usulidan foydalaniladi. Davolashdan keyin maxsus ortopedik oyoq kiyimlarni kiyish tavsiya etiladi, bolalar doimiy dispanser kuzatuvida boʼlishlari lozim.
Koʼpchilik ota-onalarni maymoqlikni uy sharoitida qanday davolash qiziqtiradi. Maslahat shuki, bunday holatda albatta shifokor ortopedga murojaat etganingiz maʼqul. Farzandingiz oyoq kaftidagi nuqsonlarning qay darajada murakkab yoki yengilligini shifokor aniqlab, davo muolajalarini belgilaydi. Keyin qoʼshimcha uqalash mashqlari kompleksini tavsiya etishi mumkin. Eng avvalo, bola ortopedik oyoq kiyimi kiyishi lozim. Shu bilan birga oyoqyalang qum ustida, oʼtloqda yurishi yoki uydagi divan yostiqchalari ustida yurishga harakat qilishi kerak. Bunda oyoq tovoniga, mushaklariga ogʼirlik tushadi va tabiiy usulda uqalanish roʼy beradi.
3-4 yoshli bolalar velosiped haydash, suvda suzish kabi sport turlari bilan shugʼullanishlari ham nuqsondan forigʼ boʼlishda yordam beradi. Shifokor buyurgan muolajalarni oʼz vaqtida bajarib, qoʼshimcha mashgʼulotlarga doimiy eʼtiborda boʼlsangiz, farzandingiz oyoq kaftidagi muammolarni bartaraf etish imkoni yaratiladi.
Dono ZOKIROVА yozib oldi.

Maymoqlik