Maykl Faradey
Maykl Faradey
Faradey o‘z umri davomida shunchalik ko‘p ixtiro va kashfiyotlar qilganki, ular asosida yana boshqa o‘nlab olimlar o‘z nomini fan tarixiga muhrlashi mumkin edi.
Maykl Faradey 1791-yilning 22-sentyabrida Londonda tavallud topdi. U tug‘ilgan joy Londonning eng qashshoq mahallalaridan biri edi. Faradeyning otasi oddiy temirchi usta, onasi esa uy bekasi bo‘lgan. Ular otxona ustiga qurilgan bostirma uyda yashashgan. Faradeyning bolalik yillari shunday og‘ir sharoitda, moddiy nochor ahvolda o‘tgan. U muttasil to‘yib ovqatlanmaslik va yupun kiyinishga majburligi tufayli juda nozik bola bo‘lgan.
Maykl Faradey maktab yoshiga yetgach, ota-onasi unga boshlang‘ich ta’lim berish uchun yaqin oradagi maktabga berishadi. Maktabda esa kambag‘al oila farzandlari uchun mo‘ljallangan eng birlamchi minimum o‘quv dasturi bilan cheklanilgan. Shunga ko‘ra, Maykl o‘qishni, yozishni va sanashni o‘rganib olishi bilan uni yana maktabdan chiqarib yuborishgan. Boshqa bilimlar, xususan, matematika, biologiya, tarix singari jiddiy fanlarni o‘zlashtirishga maktabda imkon berilmasdi va buning uchun pullik maktablarga borsh kerak edi. Lekin bunga Faradeylar oilasining moddiy imkoni yetmasdi.
Aksar kambag‘al oilalarda bo‘lgani kabi, Faradeylar oilasida ham bolalarning tezroqda ota-onaning yoniga kirib, ishlab pul topa boshlashi muhim bo‘lgan. Shu sababli, Maykl 13-yoshga hali kirib ulgurmagan bola paytidayoq o‘z mahallasidagi kitob muqova qiladigan ustaxonada ishlashga majbur bo‘lgan.
Faradey ishlagan ustaxona kitob muqova qilish bilan birga, chog‘roqqina kitob do‘koniga ham ega bo‘lgan. Ishdan bo‘sh paytlarda Maykl o‘zi muqova qilayotgan va yoki, buyurtmachi hali olib ketmagan kitoblarni birin-ketin, tartibsiz mutolaa qilib chiqar edi. U qo‘liga tushgan kitobni, mavzusi va mazmunidan qat’iy nazar albatta o‘qib chiqardi va shu orqali, o‘ziga-o‘zi bilim berishni maqsad qilgandi. Shu asnoda, u asta-sekinlik bilan, avvaliga matematika va fizikaga oid, keyinroq esa kimyoga oid kitoblarni saralab o‘qiydigan bo‘ldi. o‘z-o‘ziga ta’lim usuli Faradeyda shunchalik yaxshi samara bera boshladiki, u biror o‘qituvchining ko‘magisiz ham, murakkab matematik masalalarni, hamda, fizikaga oid mavzularni mustaqil o‘zlashtira olgan edi. Boz ustiga, u keyinchalik, o‘zi o‘qigan va uqqan narsalarni daftarga tushirib, tizimli ravishda, mavzuma-mavzu konspekt qilib borishga odatlandi. o‘smir yoshdagi Maykl Faradeyning yana bir muhim xislati shu ediki, u juda kuchli xotira egasi bo‘lish bilan birga, o‘qigan narsalarini mohirona tarzda qayta mulohaza qilib, yozma shaklda o‘zi uchun o‘zi hisobot yuritib borardi. Boz ustiga, Faradey muqovachilik ustaxonasida ustlaridan husnixat va matn terish qoidalarini ham puxta o‘zlashtirgani unga juda qo‘l kelardi.
Faradey ko‘p o‘tmay ustaxonada turgan fizika va kimyo kitoblaridagi mavzular asosida turli eksperimentlar qilib ko‘ra boshladi. Oladigan arzimas puliga u tajriba uchun qandaydir zaruriy jihozlar va moddalarni xarid qila olmasdi. Shu sababli, Faradey ilk tajribalarini faqat qo‘l ostida mavjud bepul narsalar bilan, masalan, osh tuzi, loy, siyoh va ho kazo shunga o‘xshashlar bilan qilgan.
Uning omadi chopgan kunlari, ustaxonaga yoki do‘konga kelgan badavlat shaxslar bolakayga qandaydir xizmati uchun (masalan, kitoblarni aravaga tashib bergani uchun) oz-moz choychaqa qoldirib ketishardi. Muqova buyurtmachilari ichida esa turli olimlar va ziyoli insonlar ko‘p bo‘lganidan, ular ustaxonadagi ziyrak va zehni o‘tkir bolakay — Maykl Faradeyni yaxshi eslab qolishardi va u haqida bir-birlariga aytib berishardi. Faradeyning bolalik yillarida Buyuk Britaniyada Gemfri Devi juda mashhur olim sifatida tanilgan bo‘lib, u Londonda tez-tez ommaviy ma’ruzalar qilib, odamlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini orttiradigan turli tajribalar namoyish qilib turardi.
Kunlarning birida muqova ustaxonasiga kelgan ziyoli buyurtmachilardan biri yosh bolakay Maykl Faradey bilan qiziq ilmiy sihbat qilib, uning noyob zehni va o‘tkir tafakkuridan lol qoladi. o‘sha odam Londondagi eng dongdor pullik maktablardan birida fizika o‘qituvchisi bo‘lgani haqida ayrim ma’lumotlar bor. Xullas, kim bo‘lgan bo‘lsa hamki, o‘sha yaxshi inson Maykl Faradeyni Gemfri Devining bepul ommaviy ma’ruzasiga birga olib ketadi. Aynan shu yaxshilik yosh Faradey uchun haqiqiy ilm-fan eshiklarini ochgan edi.
Faradey o‘z odatiga ko‘ra, Devi ma’ruzasini mukammal konspekt qilib oladi. U mavzu yuzasidan o‘z mulohazalarini ham qo‘shib, uni ustaxonada bosma matn tarzida qaytadan terib, chiroyli kitobcha shaklida muqovalab, Gemfri Deviga jo‘natadi. o‘z ma’ruzasi matnini ajoyib bejirim kitobcha ko‘rinishida, mukammal yozma shaklda qayta tartiblagan odam aslida muqova ustaxonasidagi yosh o‘spirin bola ekanini bilgach, Devi hayratdan yoqa ushlab qolgan ekan. U Faradeyning o‘tkir zehniga qoyil qolgan bo‘lsa, qo‘li gul muqovachilik hunariga tasanno aytib yuborgan edi. Olim ushbu bolakayni ilmiy faoliyatga zudlik bilan jalb qilish kerakligini aytib, yordamchilari orqali tezda uni topishni tayinlagan. Shu tariqa, Faradey o‘z zamonasining eng yetuk olimlaridan biriga shogird bo‘lib qolgan edi.
Faradey Deviga shogird bo‘lish bilan birga, uning barcha yozishmalarini ham yuritgan; ya’ni, u ustoziga kotib sifatida ham xizmat qilgan (uning ajoyib husnixat egasi bo‘lganini yuqorida ham aytdik). Shu sababli, Devi sevimli shogirdi Faradeyni ilmiy safarlarga ham birga olib chiqqan. Ular ikkalasi Yevropa bo‘ylab ikki yillik katta ilmiy safarga chiqishgan va ko‘hna qit’aning deyarli barcha yirik universitetlariga va ilmiy markazlariga tashrif buyurib, o‘sha zamonning eng dolzarb ilmiy mavzulari yuzasidan muhokamalarda ishtirok etishgan. Bu birinchidan Faradeyga ham butun qit’a bo‘ylab ajoyib kuchli olimlar bilan shaxsan tanishish va mustahkam aloqalar o‘rnatish imkonini bergan bo‘lsa, ikkinchidan, u o‘z davrining eng ilg‘or ilmiy maktablari faoliyati bilan tanishib, ularda yuritilayotgan izlanishlarning mohiyatini shaxsan o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan edi. Bu esa, bo‘lajak olimga eng dolzarb ilmiy mavzularni tizimli ravishda tahlil qilish va ularning yechimi ustida izlanishga kirishish imkonini bergan.
Devi bilan Yevropa bo‘ylab ikki yillik sayohatdan qaytgan Faradey 1815-yilda London Qirollik institutiga oddiy assistent lavozimiga ishga joylashadi. o‘sha paytda ushbu institutning laboratoriyalari jahondagi eng yaxshi jihozlangan va kuchli moddiy ta’minotga ega ilmiy maskanlar sirasiga kirardi. Endi bo‘lajak olimda faqat qo‘l ostida mavjud bepul narsalar bilan emas, balki, haqiqiy kimyoviy reaktivlar va fizik asbob-uskunalar bilan tajribalar o‘tkazish imkoni paydo bo‘ldi. Vaziyatdan unumli foydalangan Faradey 1816-1818 yillar orasidayoq bir necha ajoyib tajribalarni o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi va ular haqida qisqa-qisqa risolalar tayyorladi. o‘sha yillardagi tajribalarda Faradey asosan kimyoviy moddalarning xossalarini o‘rganish bilan shug‘ullangan va ko‘pincha, yonayotgan olovning ta’siri bilan bog‘liq eksperimentlar o‘tkazgan. 1818-yilda esa u olovning xossalariga bag‘ishlangan o‘zining ilk ilmiy ishini e’lon ham qilgan edi. Lekin, bu ishlar Faradey uchun qandaydir boshlang‘ich tayyorgarlik ishlari singari ahamiyat bilan qolib ketdi. U jiddiyroq ilmiy mavzularga qo‘l urishga tayyor edi.
Faradeyning shaxsiyati haqida xotiralarini yozib qoldirgan ko‘plab zamondoshlari uning o‘ta uyatchan va kamtar odam bo‘lganini eslashgan. U haqida gap borgan hamma o‘rinda, olimning bolaligida ham, yosh navqiron yigitga aylangan paytida ham, keyinchalik keksayib qolgan chog‘ida ham, xullas — har doim o‘ta mehnatkash bo‘lgani, hech qachon qo‘l mehnatidan qochmagani haqida albatta yodga olib o‘tishgan. Uning do‘stlaridan biri «Faradey erinchoqlik nima ekanini bilmaydigan odam edi» — deb xotirlagan. Qolaversa, u haqida ma’lumotga ega bo‘lgan hamma-hamma, Maykl Faradey o‘ta xushmuomala, muloyim odam bo‘lgan deb aytishgan.
1821-yilning 12-iyunida Faradey o‘zi bilan bolalikdan yaqin do‘sti bo‘lgan Sara Bernard ismli qizga uylanadi. Ularning to‘yi ham Faradeyning odatiga muvofiq dabdaba va hashamatdan holi, juda kamtarona o‘tkazilgan. Oila boshlig‘i sifatida ham Faradey juda mas’uliyatli, jiddiy va shu bilan birga mehribon ota bo‘lganligi ma’lum. Faradeylar oilasi juda baxtli va uzoq turmush kechirgan.
Bu paytga kelib, Maykl Faradeyning ilmiy salohiyati allaqachon munosib baholangan va Qirollik instituti tomonidan kattagina maosh ham tayinlangan edi. U avvaliga Qirollik institutida mas’ul kotib, keyinroq esa kimyo laboratoriyasi direktori etib tayinlangan. Endi u moddiy qiyinchiliklardan holi ravishda ishlab, o‘z zehni va salohiyatini to‘laligicha ilmiy tadqiqotlarga yo‘naltirishi mumkin edi.
o‘zidan avvalgi bir necha fiziklarning tajribalarini tahlil qilib chiqib, Faradey o‘zining g‘oyalari bilan boyitilgan bir necha yangi tajriba usullarini ishlab chiqdi. o‘z uslubiga ko‘ra o‘tkazilgan va mohiyatiga ko‘ra mutlaqo yangi amaliyot bo‘lgan tekshirishlarda u elektr va magnit hodisalarining o‘zaro uyg‘unlik qonuniyatlarini qidiradi. 1821-yilda olim o‘zining bu boradagi ilk ilmiy ishini e’lon qildi. «Elektromagnetizm muvaffaqiyatlari» deb nomlangan asarda Faradey elektr toki ta’sirida magnit strelkasining og‘ishiga sabab bo‘layotgan kuchlarning tabiatini to‘g‘ri ochib bergan edi. Biroq, elektromagnetizm sohasida ilk tadqiqotlari muvaffaqiyatli chiqqaniga qaramay, Faradey nimagadir ushbu yo‘nalishni bir muddat chetga surib qo‘yib, o‘zini mutlaqo boshqa sohalarga urib ko‘radi. Xususan, u simobning odatiy sharoitlarda bug‘lanishi hodisasini tekshirishga juda ko‘p vaqt sarflaydi. Natijada, olim ungacha bo‘lgan olimlar tomonidan biroz g‘aliz izohlangan va unchalik ham katta e’tibor qaratilmagan fizik hodisa — bug‘lanish jarayonining mohiyatiga butunlay yangicha nazarni ochib bergan. Lekin, Faradeyning tabiatiga xos bir qiziq va balki salbiy jihat bor edi. U ham bo‘lsa, olim agar biror ish bilan sidqidildan shug‘ullanib turgan bo‘lsa-yu, lekin, shu orada uning diqqatini yana biror boshqa qiziqarliroq narsa o‘ziga jalb qilsa, u bajarib turgan tajribasini qolgan joyida shundoq tashlab, o‘zini o‘sha yangi qiziqishga urib yuboraverar edi. Bundan esa olimning ko‘plab yaxshi-yaxshi tajriba va tadqiqotlari chala qolib ketardi. Aynan shu xarakter simob bilan tajribalarda ham o‘zini ko‘rsatdi. U simob fizikasini o‘rganish chog‘ida qandaydir sabab bilan po‘lat va uning xossalariga qiziqib qoladi va simob bilan bog‘liq hamma ishni yig‘ishtirib, barcha e’tiborini po‘latga qaratadi. Natijada u po‘latning optimal tarkibini aniqlash bo‘yicha tekshiruvlarni boshlab yuboradi. U har gal po‘lat bilan yangi-yangi tajribalarni bajarib, olingan namunada o‘tkir tig‘li ustara yasab o‘z tanish-bilishlariga sovg‘a qilishni odat qilib olgan ham edi. o‘sha paytlarda esa, London ziyolilari orasida Faradey tayyorlangan po‘lat ustaralar ta’rifoti chiqib, ancha mashhur bo‘lganini ham olimning shogirdlari yaxshi eslashgan. 1823-yilda esa Faradey po‘lat xossalarini tekshirishni ham tashlab, gazlarni suyultirish ustidagi tajribalarga sho‘ng‘ib ketdi. Bu safar u ishlarni mantiqiy yakuniga qadar mukammal yetkazdi va fizikadagi eng muhim kashfiyotlardan birini amalga oshirdi. U gazlarni suyuqlantirishning oson va samarali usulini ochib berdi. Tajribalar asnosida u tarixda ilk bora gazni suyultirishni uddaladi. Olimning 1824-yilgi ishlari uning fizika rivojiga qo‘shgan hissasi ichida «ikkinchi darajali» deb qaraladigan tajribalar bilan bog‘liq. Shu yili Faradey yorug‘likning shisha rangiga ta’siri yuzasidan bir necha tadqiqotlar yuritgan va oqibatda, shisha tayyorlash jarayonida yorug‘likdan optimal foydalanish natijasida shishaning shaffofligini yaxshilash, yoki, uni muayyan rang bilan chiqarish texnologiyasini ishlab chiqqan. 1825-yilda esa endi u yana kimyoviy tajribalarga qaytadi va naftalin kislotasi, hamda, benzinni kashf qiladi. Ushbu moddalarning insoniyat uchun qanchalik katta ahamiyatga ega ekanini siz yaxshi bilasiz albatta.
1831-yilda Faradeyning ketma-ket ikkita ilmiy ishi nashrda chiqadi. Ulardan birinchisi — «xromotrop» nomli optik snaryadning paydo bo‘lishiga asos bo‘lgan «Optik aldanishning muayyan turi haqida» nomli risola bo‘lib, unda olimning optikaga oid tajribalari natijalari bayon qilinadi. Ikkinchi asar esa «Titrayotgan plastinkalar haqida» deb nomlangan. Unda vibratsiya hodisasi haqida so‘z borgan.
Ushbu ishlarning o‘ziyoq Faradey nomini ilm-fan tarixiga o‘chmas harflar bilan yozish uchun yetarli edi. Lekin, olimning 1931-yil va undan keyin amalga oshirgan ilmiy izlanishlari ushbu sanalganlarning barchasidan ham muhim va yorqinroq bo‘lib chiqdi. Shu yildan e’tiboran, Faradey elektromagnetizm hodisalarining mohiyatini ochishga kirishdi va asosiy e’tiborni elektromagnit induksiya hodisasiga qaratdi. Gapning po‘stkallasini aytganda, hozirgi zamon texnikasining mag‘zi bo‘lgan induksion elektr va elektromagnetizm hodisalarining ilmiy va amaliy asoslarini o‘sha yillarda aynan Faradey barpo qilib bergan edi.
Xabaringiz bor, Faradeygacha bo‘lgan zamonlarda ham olimlar elektr tokini anchayin mukammal tadqiq qilishgan bo‘lib, bu paytga kelib, elektr tokining ikki turi — galvanik va statik toklar ma’lum edi. Faradey esa, ta’bir joiz bo‘lsa, butun boshli zamonaviy sivilizatsiyaning tamal toshi bo‘lib xizmat qilgan induksion elektr toki olishni ixtiro qildi. Ushbu ixtiro statik va galvanik elektr hodisalarining barcha ijobiy jihatlarini o‘zida namoyon qilgan va yirik sanoat korxonalarini quvvat bilan ta’minlashdan tortib, butun boshli shaharlarni yoritish imkonini beradigan mukammal elektr toki edi. Aytish kerakki, elektr tokini insoniyat xizmati uchun bo‘ysundirgan inson aynan Faradey bo‘ladi!
Tekshirishlar asnosida Faradey g‘alati bir jihatni payqab qoldi: odatiy sharoitlarda, biror elektrlangan jismning mavjudligining o‘zi, uning ta’sirida boshqa yana bir jism ham elektrlanishi uchun yetarli omil bo‘lar ekan. Boz ustiga, tok o‘tkazayotgan sim va elektrlangan jism, o‘z yaqin atrofida joylashgan boshqa simlarga hech qanday ta’sir o‘tkazmas ekan. Nima uchun bunday istisno yuzaga kelyapti? Axir oddiy simni ham aslida jism sifatida qarash mumkinki? Aynan shu savollarning javobini izlashga kirishish orqali, Faradey induksion elektr sohasidagi o‘ta muhim kashfiyotini amalga oshirdi.
o‘z odatiga ko‘ra, Faradey avvaliga jarayonning mohiyatini ochish uchun yordam berishi ko‘zlangan qator tajribalarni bajarib ko‘radi. U o‘qlov shaklida yo‘nib olingan yog‘och bo‘lagiga ikkita simni parallel qilib o‘rab chiqqan. Simlardan birning uchini o‘nta galvanik elementdan iborat batareykaga ulagan. Ikkinchi simning qarama-qarshi uchini esa, o‘ta sezgir galvanometrga ulab, galvanometrning harakatga kelishini kuta boshlagan. Uning fikricha, simlarning birida elektr toki oqa boshlashi, uning yaqinidagi, parallel o‘ralgan ikkinchi simda ham tok paydo qilishi kerak edi. Biroq, amalda hech qachon bunday bo‘lmadi: galvanometr doim o‘z holatini saqlab turaverdi. Ya’ni, bir simdan tok o‘tishi, unga parallel ikkinchi simda tok paydo qilmadi (bir jism ikkinchi jismni elektrlab qo‘ymadi). Olim bu narsani tok kuchining kam ekanidan bo‘lsa kerak deb o‘yladi va avvaliga batareykada qo‘llangan 10 ta element sonini ketma-ket orttirib borib, tajribani qayta-qayta takrorlab ko‘rdi. Shu tarzda Faradey ishni 120 ta galvanik elementdan iborat batareykagacha olib bordi. Shunda ham galvanometr miq etmasdi. Tajribani bir necha o‘nlab marta qayta takrorlab ham olim maqsadiga yeta olmasdi va bundan uning toza xunobi chiqib borardi. Balki uning o‘rnida istalgan boshqa odam bo‘lganida, birinchi simdan tok oqishi hech qachon ikkinchi simda tok hosil qilmasligiga ishonch hosil qilib, bunday samarasiz tajribani yig‘ishtirib qo‘ygan bo‘lardi. Lekin Faradey ishga oson qo‘l siltab ketadiganlar toifasidan bo‘lmagan. U har bir tajribadan imkon qadar unumli foydalanishga urinib, qayd etilgan ikkilamchi kuzatuvlarni ham o‘rganib borgan. Parallel simda tok hosil qilmayotgan va galvanometrga ham hech qanday ta’sir ko‘rsatmayotgan elektrlangan sim bilan ishlayverib, u nima uchun bunday bo‘layotganini sabablarini qidirishga kirishdi.
U e’tibor qaratgan dastlabki narsa shu ediki, garchi simlardan birida tok mavjud bo‘lgan paytda, ushbu tokka nisbatan galvanometr hech qanday munosabat ko‘rsatmasa-da, lekin, tajriba boshida, batareykaga sim endi ulanayotgan paytda, yoki, tajriba oxirida, ya’ni, batareykadan sim ajratib olinayotgan chog‘da u muayyan tebranishlarni namoyon qilar ekan. U ushbu holatni sinchiklab kuzata boshladi. Aniqlanishicha, dastavval, birinchi simga tok ulanishi paytda, shu lahzaning o‘zida unga parallel simda ham tok paydo bo‘lib, faqat undagi tok qarama-qarshi yo‘nalishda oqar ekan. Va aksincha, sim batareykadan uzib olinayotgan chog‘da, unda oqqan tokning yo‘nalishi bilan bir xil yo‘nalishdagi tok parallel simda ham paydo bo‘lar ekan. Faqat, har ikkala holatda ham, parallel simda tok juda kichik vaqt birligida, soniyaning yuzdan bir ulushlarida paydo bo‘lib, yana yo‘qolib qolayotgani uchun, uni ilg‘ash juda mushkul bo‘lgan. Mazkur jarayonda hosil bo‘layotgan o‘sha lahzali ikkilamchi tokni Faradey «Induktiv tok» deb nomladi va ushbu atama fizika fanida mustahkam o‘rnashib qoldi. Agar Faradey ushbu lahzalik tok haqida uzoq bosh qotirib o‘tirmasdan, uning atiga bir lahza paydo bo‘lib, yana yo‘qolishi tufayli, keraksiz tok deb e’tiborsiz qoldirganida, ehtimol jahon ilm-fan va texnika taraqqiyoti bir necha o‘n yillar orqada qolgan bo‘lardi. Lekin, Faradey o‘ziga xos sinchkovlik bilan, ushbu lahzalik tokni doimiy barqaror tokka aylantirish imkonini topdi. U buning uchun ajoyib asbob (kommutator) yasab, uning yordamida, batareyka orqali birinchi simdan o‘tayotgan tokni istagan vaqtda uzib va istagan vaqtda qayta ulasa bo‘ladigan, bu orqali esa, ikkinchi simda har safar yangi va yangi induktiv tok hosil qilsa bo‘ladigan qilib loyihaladi. Shu tarzda, olim fiziklar va elektr muhandislari uchun yangicha elektr energiyasi manbaini kashf qilib berdi. Avvallari elektr toki istisnosiz ravishda faqat kimyoviy jarayonlarga asoslangan batareykalar, hamda, qo‘l yoki, hayvonlar mehnati evaziga aylantirib, ishqalanish kuchi orqali yuzaga keltiriladigan tok manbalaridan iborat bo‘lgan bo‘lsa, endilikda texnika ehtiyojlari uchun qo‘llasa bo‘ladigan yana bir, yangi va ancha mukammal elektr energiyasi manbai paydo bo‘lgan edi. Induksion elektr deb nomlangan ushbu, Faradey kashf qilgan tok manbai, aytish joizki, nafaqat XIX-asr, balki, butun insoniyat fan-texnika taraqqiyotini ulkan qadamlar bilan yanada ildam odimlashiga turtki bergan beqiyos ilmiy yutuq bo‘ldi.
Lekin, Faradey bu safar ham mazkur ilmiy yutuqning o‘zi bilan cheklanib qolmasdan, masalaning mohiyati yuzasida yanada chuqur izlanishlar yuritishga kirishdi. U avvaliga, berk egri chiziq bo‘ylab o‘ralgan simni, ikkinchi bir xuddi shunday, lekin ichidan galvanik tok oqib o‘tayotgan simga yaqinlashtirish orqali, uchinchi — neytral simda ham induktiv tok hosil qilish mumkinligini aniqladi. Faqat bunda, neytral simdagi tok galvanik manbaga ulangan simda oqayotgan tok yo‘nalishiga qarama-qarshi yo‘nalishda oqar ekan. Agar, mazkur neytral simni olib tashlansa, endi birinchi, qo‘zg‘almas simda, ya’ni, berk egri chiziq bo‘ylab o‘ralgan harakatsiz simda ham induktiv tok hosil bo‘lib, ushbu tok, galvanik manbaga ulangan simdagi tok bilan bir xil yo‘nalishda oqarkan. Aniqlangan yana bir muhim narsa shu bo‘ldiki, mazkur tajribalarda o‘rnatilayotgan fakt yuzaga chiqishi uchun, ya’ni, simlarda induktiv toklarning paydo bo‘lishi uchun, albatta birinchi simni, galvanik tok oqayotgan ikkinchi simga yaqinlashtirish uchun harakat bajarilishi lozim ekan; ushbu yaqinlashtirish harakatisiz, qanchalik uzoq kutilmasin va simlar qanchalik zich joylashtirilmasin, baribir induktiv tok paydo bo‘lmas ekan!
Ushbu keyingi kashfiyotlar o‘z navbatida yana yangi kashfiyotlarga turtki berdi. Faradey shunday mulohaza qilib qoldi: agar, induktiv tokni hosil qilish uchun galvanik tokni uzib-ulash orqali erishish mumkin bo‘lsa, unda, temirni ham magnitlash va magnit kuchidan halos qilish bilan ham aynan shu natijani olishning iloji bo‘larmikan? Amper va Erstedlarning ishlari allaqachon fiziklarga ma’lum bo‘lib, ularda elektr va magnit hodisalarining o‘zaro bog‘liq ekanligi oydinlashib qolgan edi. Elektr sohasi mutaxassislari esa, temir halqaning atrofiga izolyatsiyalangan sim o‘rab chiqib, ushbu simda elektr toki o‘tkazilsa, unda temir halqa magnit xossalariga ega bo‘lib qolishini; ushbu simdagi tok oqishi to‘xtashi bilan (tok manbaidan uzilishi bilan) temirning magnit xossasi ham barham topishini aniqlashgandi. Ushbu qayd etilgan ma’lumotlarga asoslanib, Faradey ajoyib bir amaliy tajriba o‘tkazib ko‘rishga qaror qiladi: temir halqa atrofida izolyatsiya qatlamiga ega ikkita sim o‘rab chiqilgan. Bunda, simlarning birinchisi temir halqaning yarimigacha aylantirib o‘ralgan; ikkinchisi esa, yana yarimini o‘rab chiqqan. Simlarning biri galvanik batareykaga ulangan. Ikkinchi sim esa galvanometrga ulab qo‘yilgan. Birinchi simga tok berilgan temir halqa magnitlanib qolar, tok uzilishi bilan esa, temir halqaning magnit xossasi yana yo‘qolar edi. Galvanometr ko‘rsatkichi ham tez harakatlanib, yana tezlik bilan to‘xtab qolardi. Ya’ni, bu safar ham, neytral simda yana o‘sha — lahzalik induktiv tok paydo bo‘lmoqda edi. Faqat bu safar ushbu induktiv tok — magnetizm ta’sirida yuzaga kelgan bo‘lib, Faradey shu tarzda tarixda ilk bora magnetizmni elektr tokiga aylantira oldi.
Faradey shuningdek, magnitning ta’siri undan muayyan bir masofadanoq boshlanishini aniqlab, ushbu hodisaga «magnit maydoni» deb nom bergan.
Elektromagnetizm va induksion tok qonuniyatlarini muvaffaqiyat bilan ochib bergach, Maykl Faradey elektrokimyoviy hodisalar qonuniyatlarini o‘rganishga bel bog‘laydi. U o‘rgangan birinchi elektrokimyo qonuni shu bo‘ldiki, ma’lum bo‘lishicha, elektrokimyoviy ta’sir miqdori elektrodlarning o‘lchamiga ham, kuchlanishga ham va elektroliz qilinayotgan eritmaning kuchli yoki kuchsizligiga ham bog‘liq emas ekan. Elektrokimyoviy ta’sirning yagona bog‘liqlik jihati bu — zanjidan oqayotgan tok miqdori bo‘lib, ya’ni, elektr toki miqdori kimyoviy ta’sir miqdoriga proporsional bo‘lar ekan. Ushbu qonunni ham Faradey o‘zining laboratoriyada o‘tkazgan son-sanoqsiz tajribalari va tahlillari vositasida keltirib chiqargan edi. Uning mehnatkashligiga tan bermagan odamning o‘zi qolmagan o‘sha kezlari.
Elektrokimyoviy jarayonlar qonuniyatlari borasida Faradey o‘rnatgan ikkinchi muhim narsa shu ediki, turli moddalarni elektroliz vositasida parchalash uchun zaruriy elektr miqdori doimo, ushbu moddalarning atom og‘irligiga teskari proporsional bo‘lar ekan. Boshqacha aytganda, muayyan miqdoridagi molekula (zarracha) ni parchalash uchun doimo bir xil miqdorda elektr toki zarur bo‘lar ekan.
Shu tariqa, yillar davomida Mayk Faradey jo‘shqin va serg‘ayrat mehnat faoliyatini olib bordi. Uning tinim bilmay ishlashidan shogirdlari ham hayratga tushishardi. Faradey bir gapni ko‘p takrorlardi: «Muvaffaqiyatning asosi — faqat mehnat, omadim keldi deganga ishonmang, barcha narsaga mehnat bilan erishiladi xolos…»
Lekin tinimsiz, ta’tilsiz mehnat Faradeyning salomatligiga salbiy ta’sir qilmay qo‘ymadi. 1839-yilga kelib, olim xansiraydigan va tez toliqadigan bo‘lib qoldi. Natijada, u ko‘p hollarda ishni bir chetga surib qo‘yib, Angliyaning dengiz bo‘yidagi dam olish maskanlarida salomatligini tiklash bilan mashg‘ul bo‘ldi. 1839-1840 yillar davomida Faradeyning sog‘ligi birmuncha zaiflashgach, uning yaqinlari ma’lum muddatga ishni butunlay unutib, biror tog‘lik hududdagi sihatgohda mukammal davolanishga ko‘ndirishdi. Natijada, 1841-yilda Faradey umrida birinchi marta ta’til olib, hordiq chiqarish uchun Shveytsariyaga yo‘l oldi.
Shveytsariyada Faradey bir yilga yaqin muddat dam olib, sog‘ligini tikladi. Bu vaqt ichida unga oilasi hamrohlik qilgan. Olim Shveytsariyada o‘tkazgan vaqtida biror marta ilmiy ishga murojaat etmagan va biror tajribani takrorlab ham ko‘rmagan. Bunga sabab uning xotining qat’iyati bo‘lgan deb eslashgan edi olimning yaqinlari. Shveytsariyadagi paytida Faradey faqat do‘stlaridan kelgan maktublarga javoblar yozish va o‘zining kundaligini yuritish bilan mashg‘ul bo‘lgan.
Faradeyning kundalik yuritishda qiziq bir odati bor edi. U o‘zi haqida yozganida doim uchinchi shaxsda gapirardi va go‘yoki, o‘ziga-o‘zi chetdan nazar solgandek yozardi. Masalan, u o‘zining uylanishi haqida shunday yozgan: «1821-yilning 12-iyunida u uylandi. Uylanish unga hammadan ham ko‘ra ko‘proq insoniy baxt va ruhan tetiklik olib keldi. Vaqt o‘tishi bilan ushbu oila borgan sari mustahkam bo‘lib bordi o‘zaro muhabbat faqat kuchli va mukammal bo‘lib bordi. Uning birgalikdagi baxtli hayoti 28 yil davom etdi».
Faradey hayotda o‘z oilasini nihoyatda qattiq sevgan inson sifatida ham hammaning havasini keltirar edi. Haqiqatan ham, hayotda Faradey xotini Saraga juda qattiq bog‘lanib qolgan edi. Chunki, ayoli unga risoladagidek jufti halol bo‘lib, oila hech qachon, hech qanday masalada o‘zaro nifoqqa bormay, doim ahil yashagan. Uy bekasi sifatida Sara barcha ishni qoyilmaqom qilib qo‘yar, hech qachon erining ra’yiga qarshi ish qilmas va olimni har qanday maishiy tashvishlardan holi tarzda, o‘zini faqat va faqat ilm-fanga bag‘ishlab ishlashiga sharoit yaratib bergan edi. Bir so‘z bilan aytganda, Faradeyning xotini, uning chalg‘imasdan faqat ilm bilan shug‘ullanishi uchun hamma ishni qilgan.
Shveytsariyadan qaytgach, Faradey yana butunlay ilmiy tekshirishlarga sho‘ng‘ib ketadi va yana elektromagnetizm hodisalarini tekshirishga kirishadi. Uning ta’tildan qaytgach qilgan ilk muhim kashfiyoti yorug‘likning qutblanishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu hodisani Faradey o‘zi «yorug‘likning magnitlanishi» deb nomlagan. Hozirgi kunda bu fan sohasi qutblanish tekisligining magnit aylanishi hodisalari sifatida o‘rganiladi. o‘sha ishlarida Faradey magnit ta’sirida, qutblangan yorug‘lik nuri o‘z yo‘nalishini o‘zgartirishini ko‘rsatib bergan edi. Ushbu kashfiyot olimning ushbu sohadagi yana qator boshqa ilmiy tadqiqotlariga muhim turtki berdi. Aytish joizki, Faradey mazkur sohani shu darajada mukammal tadqiq qilib qo‘ydiki, undan keyin bu borada aytishga arziydigan boshqa kashfiyot yoki, tadqiqot ham qilinmadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, Faradey bu borada boshqalarga non qoldirmagan edi.
Keyinchalik, 1840-yillarning oxirlarida Faradey magnit ishqalanishi, hamda, kristallarning magnit xossalari borasidagi tadqiqotlarga qo‘l urgan hamda, alanganing magnit xossalarini ham tekshirishga kirishgan.
Faradeyning tabiatiga xos yana bir qiziq jihat shu ediki, olim o‘z kashfiyotlarini shunchaki qog‘ozda qolib ketmasdan, balki amaliy ahamiyatga ega bo‘lishiga ham katta urg‘u qaratgan. Shu sababli, u o‘zi kashf qilgan elektr induksiyasi hodisasiga asoslangan dvigatellarni yaratish jarayonida va boshqa muhandislik ishlarida ham faol qatnashgan. Eng muhimi esa, Faradey o‘z ilmiy ishlarining faqat ilmiy doiralar uchun tushunarli bo‘lib, xalq ommasi esa undan bexabar qolishini istamagan. Shu sababli, olim 1826-yildan e’tiboran milod bayrami arafasida bepul ommaviy ma’ruzalar qilishni yo‘lga qo‘ygan edi. Zamondoshlarining xotirlashicha, Faradey ma’ruzalari paytida Londonning o‘sha qismida tiqilinchlar yuzaga kelib, skotland-yard qo‘shimcha kuchlar jalb etishga majbur bo‘lar va izvoshlar ham juda mo‘may daromad qilib qolar ekan. Sababi, bu paytda Faradey ma’ruzasini tinglash uchun butun mamlakatdan minglab odamlar atayin Londonga kelishar ekan. Faradey ma’ruzalaridagi anshlagga Londonning barcha teatrlarining havasi kelgan. Olim ilm-fanni ommalashtirish va uni oddiy odamlarga oddiy tilda tushuntira olish masalasi ham olimlar uchun asosiy tadqiqot mavzularidan kam ahamiyatli bo‘lmasligi kerak deb hisoblagan. Uning milod ma’ruzalaridan biri «Shamning kimyoviy nuqtai nazardan tarixi» deb nomlangan va keyinchalik ushbu ma’ruza alohida kitob shaklida chop etilib, Angliyada juda katta mashhurlikka erishgan. Bu asar tarixdagi ilk ilmiy-ommabop asarlardan biri sifatida dunyo yuzini ko‘rgan edi.
1848-yilda qirolicha Viktoriya Faradeyning mamlakat oldidagi buyuk xizmatlarini munosib e’tirof etadi va olimni saroyga, birga tushlik qilishga taklif etadi. Aytishlaricha o‘sha tantanali qabulda ham qirolicha Mayk Faradeyning kamtarligi va o‘ta yuqori intellektual salohiyatga lol qolgan ekan. Qirolicha olimga Temza daryosining chap qirg‘og‘ida, Richmond hududida joylashgan muhtasham Xempton Kort qasri va unga yondosh bog‘ yerlarini tortiq qilgan. Shuningdek, olimni umrining oxirigacha har qanday soliq va boshqa maishiy xarajatlardan ozod qilib, qirollik g‘aznasi hisobidan ta’minotni yo‘lga qo‘ygan.
Faradey shu tarzda umrining oxirigacha juda faol va jo‘shqin ilmiy faoliyat bilan yashadi. Hatto o‘zining so‘ngi kunlaridan ham u bir necha ilmiy mavzularda tekshirishlar o‘tkazib, shogirdlari bilan munozaralar olib borgan ekan. Aytishlaricha, Maykl Faradey o‘limni aql-hushi joyida holatda, uyg‘oq ong bilan qarshi olgan ekan. U ish stolida o‘zining qandaydir ilmiy g‘oyalari yuzasidan mulohazalarni yozib o‘tirgan holda jon bergan. Bu voqea 1867-yilning 25-avgustida sodir bo’lgan. Bu paytda olim 77 yoshda edi. Qirolicha Viktoriya Faradeyni Angliyaning eng buyuk shaxslari dafn etiladigan Vestminster abbatligiga ko‘mish haqida qaror chiqargandi. Lekin, vasiyatiga ko‘ra, Faradeyning o‘zi dafn marosimi va qabri ham har qanday dabdabadan holi bo‘lishini ixtiyor qilgan. Shuningdek u, anglikan cherkovidan biroz farq qiluvchi boshqacharoq diniy e’tiqodda (u protestant mazhabiga mansub bo‘lgan) bo‘lgani sababli, o‘z maslakdoshlari yotgan qabristonga dafn etilishini vasiyat qilgan. Uning barcha vasiyati bajarilgan va olim juda kamtarona marosimlar bilan dafn etilgan. Lekin, qirolicha Viktoriyaning ham gapi yerda qolmadi. Olimning shogirdlari Vestminster abbatligiga, Isaak Nyuton qabri oldiga Maykl Faradeyning ham yodgorlik toshini o‘rnatishdi.
Hozirda Faradey nomi ilm-fandagi ko‘plab termin va atamalar bilan abadiylashtirilgan. Xususan, Oydagi kraterlardan biriga va asteroidlardan biriga ham Faradey nomi berilgan. Shuningdek, elektr sig‘imi birligi olim nomini tutadi va u farad deb yuritiladi. Fizikadagi Faradey effekti va Faradey doimiysi tushunchalari, hamda, Elektromagnit induksiya qonuni shubhasiz Faradeyning nomini zarhal harflar bilan yozilishiga sabab bo‘ladi.
Faradey haqida eslaganda, farang kimyogari Jan Batist Dyumaning Faradeyni yodga olib aytgan bir gapini keltirmasak bo‘lmaydi. Dyuma: «Hamma-hamma, axloq va odob bobida Faradeyga tug‘ma berilgan mukammallika o‘xshashni istar edi…».
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:
Feysbukda: https://www.facebook.com/Orbita.Uz/
Tvitterda: @OrbitaUz
Horijiy olimlar
Maykl Faradey
Manba:orbita.uz