Matonatli Dildora. U qanday qilib noto‘g‘ri tashxisni yengdi? haqida malumot

Matonatli Dildora. U qanday qilib noto‘g‘ri tashxisni yengdi? haqida malumot

Quyidagi voqea ruhiy siqilishdan so‘ng naqadar og‘ir asoratlar kelib chiqishi mumkinligi va uni yengish uchun yuqori darajada matonat kerakligi haqida. Men har gal o‘z kasalligi sababli tushkunlikka tushgan bemorlarga dalda bermoqchi bo‘lsam Dildora ismli matonatli qizni eslayman. Agar unda bu hislatlar bo‘lmaganida edi ikkala oyog‘i umrbod shol bo‘lib qolardi.

Bu voqea bundan 20 yil ilgari, ya’ni 1995 yil fevral oylarida ro‘y bergan. 18 yashar Dildora ismli kelin oilada yuz bergan falokatdan so‘ng o‘ziga-o‘zi pichoq uradi. Qorinning ikkita joyiga urilgan zarbadan bemor ko‘p qon yo‘qotib jarrohlik bo‘limiga tushadi. Zudlik bilan ko‘rsatilgan yordamdan so‘ng yosh kelinning hayoti saqlab qolinadi. Bemor tuzalib chiqadi, biroq uning ikkala oyog‘ida og‘riq paydo bo‘lib, bu og‘riq borgan sayin kuchayib boradi va ikkala oyoq falaj bo‘lib qoladi. Bemorni nevropatologga ko‘rsatishadi.

U «Pichoq orqa miyadagi nerv tolalarini ham shikastlagan» deb xulosa chiqaradi va davolash choralarini tavsiya etadi. Bemor bu tashxisni qo‘yarda-qo‘ymay ota-onasidan bilib oladi va bemorning tanasidagi og‘riqlar belda va oyoqlarda to‘planadi. Bemorning tanasida og‘riq paydo qilish uchun uning tanasiga qo‘l tekkizish shart emas edi, chunki og‘riqlar usiz ham, ayniqsa, tunda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lar va bemor og‘riq kuchidan chinqirib yig‘lardi. Bemor badanini hatto choyshab bilan ham yopishga qo‘ymasdi. Chunki choyshab biror joyiga tegib tursa, og‘riq kuchayardi. U qo‘rqqanidan o‘zining tanasiga o‘zi ham qo‘l tekkizmas edi.

Bemor tanasida tez-tez va to‘satdan paydo bo‘ladigan og‘riqlarni kutib, ikkala qo‘li bilan to‘shakning chekkasidan mahkam ushlab yotardi. Ikkala oyog‘i shol bo‘lib qolgan qizining dod-voy solib qichqirishidan butun oila a’zolari qattiq ezilar va ollohdan iltijo qilib unga shifo tilashardi. Bemorni tekshirayotib shunga e’tibor qaratdimki, agar unga biror yordam kerak bo‘lsa, faqat katta akasiga murojaat qilardi, boshqalarni (ota-onasini, ukalarini) yoniga yo‘latmasdi. Bu holatni psixogen og‘riqlarga qiyosiy tashxis qo‘yganda e’tiborga olish zarur.

Bemorni sinash uchun «Nega bunday qilasiz?» deb savol bersam u: «Akam hech joyimni og‘ritmasdan yordam beradi», deb javob bergan edi. U uyga kelgan vrachlarni ham yoniga yo‘latmasdi. Bemor bilan ikki kun mobaynida suhbat uyushtirilib, uning nevrologik va psixologik holatini chuqur o‘rganib chiqdim. Bemor suhbat chog‘ida har gal: «Meni davolasangiz hech joyimga tegmasdan davolaysizmi?», «Orqa miyam haqiqatan ham jarohatlanmaganmi?» deb so‘rayverardi.

Bemor bilan umumiy til topganimdan so‘ng, uni davolashga kirishdim. Oradan bir necha oy o‘tganiga qaramasdan, bemorning oyog‘i ozmagan va sezgi buzilishlari yo‘q, pay reflekslari ham saqlangan edi. Demak, avvalgi tashxis noto‘g‘ri qo‘yilgan. Chunki pichoq orqa miyani zararlaganda edi, bemorning oyog‘i qurib bo‘lgan bo‘lur edi. Endi eng asosiy vazifa bemorda yatropatiya belgilarini, ya’ni avvalgi tashxis asoratlarini yo‘qotish va orqa miyada hech qanday jarohatlanish yo‘qligiga ishontirish.

Bu vazifaning uddasidan chiqqanimdan so‘ng bemor davolanishga katta ishonch bilan qarab, tavsiya qilingan barcha muolajalarni ola boshladi. Bemor, asosan, psixoterapevtik muolajalar bilan davolandi va sog‘ayib ketdi. U balandi qavatlarga bemalol chiqadigan va xatto avtobuslar izidan bemalol yuguradigan bo‘lib ketdi. Chunki orqa miya jaroxatlanmagan edi.
Shunga o‘xshash yana bir voqea haqida so‘zlab bersam. Bu voqea ham yatropatiyaga yaqqol misol bo‘la oladi. Yana bir bor eslatib o‘taman “yatropatiya” – bu tibbiyot xodimining noto‘g‘ri xulosasi oqibatida aslida yo‘q bo‘lgan kasallik alomatlarining paydo bo‘lishi degani.

Bu voqea viloyat shifoxonalarining birida sodir bo‘lgan. Uzoq yillardan buyon asab kasalliklari vrachi bo‘lib ishlab kelayotgan doktor o‘zining umr yo‘ldoshiga «Disk churrasi» deb tashxis qo‘yadi. To‘yda tinmay yumush qilgan 40 yoshdan oshib qolgan bu ayolning belida kuchli og‘riq paydo bo‘lib, ikki kundan so‘ng ikkala oyog‘i ishlamay qoladi. Shu bois unga disk churrasi deb tashxis qo‘yiladi. Disk churrasi, asosan, operatsiya yo‘li bilan davolaniladi deb o‘ylagan bemorda ruhiy ezilish yanada rivoj oladi.

Oddiy ukollarni ham dod-voylab oladigan bemor 5 oy mobaynida ukol-dorilar bilan davolanadi. Nihoyat, bemorning turmush o‘rtog‘i uni operatsiya qilishga roziligini olib Toshkentga olib keladi. Bemor neyroxirurgiya klinikasiga yotqiziladi va o‘sha kechasi bemorga orqa miya atrofiga og‘riqsizlantirish uchun kuchli dorilar bilan blokada qilinadi (chunki oddiy novokainli blokadalar yordam bermasdi). Ertasi kuni bemorning orqa miya va umurtqa pog‘onasi KT yordamida tekshirilib disk churrasi yo‘qligi aniqlanadi va unga nevropatologga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Men bemorda har tomonlama nevrologik va psixologik tekshiruvlar o‘tkazdim va unda disk churrasi yo‘qligiga amin bo‘ldim. Buni KT tekshiruvlari ham tasdiqlab turardi. Bemor maxsus davolash muolajalaridan so‘ng tuzalib ketdi. Bu yerda vrachlarning xatosi – bemorga nevrologik yordam bilan chegaralanib qolganida. Unga albatta psixologik yordam ham  ko‘rsatilishi kerak edi.

Savol tug‘iladi: yatropatiyalar uzoq muddat, ya’ni oylab, yillab davom etishi mumkinmi?

Ha, albatta, davom etishi mumkin. Davolash usullari muvaffaqiyatsiz tugayversa, psixogen buzilishlar nafaqat uzoq vaqt davom etadi, balki zo‘rayib ham boradi. Psixogen sindromlar qancha uzoq davom etsa, davolash ham shuncha cho‘ziladi degani emas. Tashxis to‘g‘ri aniqlangandan so‘ng bemorning psixologiyasiga moslab tuzilgan davo choralari, shu zahoti yoki bir-ikki kun ichida foyda beradi.

© Prof. Ibodullayev Z.R.

© «Asab va ruhiyat» kitobi.

Kasalliklar
Matonatli Dildora. U qanday qilib noto‘g‘ri tashxisni yengdi?