Matematika — fanlar shohi mavzusida tadbir senariysi
Matematika — fanlar shohi mavzusida tadbir senariysi
DO`STLARGA ULASHING:
Aniq fanlar oyligida matematika fanidan
“Matematika – fanlar shohi” mavzusida tadbir senariysi.
Tadbir o‘tkazilayotgan joy bayramona ruhda bezatiladi.
Devorda al-Xorazmiy surati aks ettirilib, uning atrofida matematika faniga doir so‘zlar yoziladi. Tadbir quvnoq musiqa sadolari bilan boshlanadi. Sahnaga milliy kiyingan ikki nafar o‘quvchi chiqib keladi.
1- boshlovchi: Assalom, yurtimizning bilimga boy maskani!
Assalom, ey ilm-u fanning sohib-u davronlari!
Davramizga xush kelibsiz, elning sharaf-shonlari,
Siz kelajak bunyodkori, topqir-u zukkolari!
2- boshlovchi: Matematik tadbirda bo‘ling deymiz siz shodon,
Jilo bersin davraga turfa xil she’r betakror.
Qiziq topshiriq, misol sizga bo‘lsin armug‘on,
Bobomiz al-Xorazmiy ruhi bo‘lsin madadkor!
1- boshlovchi: — Assalomu alaykum, qadrli ustozlar, bilimga chanqoq o‘quvchilar!
2- boshlovchi: — Bugungi bayram tadbirimizni hisob-kitob ilmi — matematika faniga bag‘ishladik.
1- boshlovchi: — Tadbirimiz rang-barang she’r va quvnoq topshiriqlarga boy.
2- boshlovchi: — Qani, aziz tengdoshlar! Matematika fani bizga nimalarni o‘rgatar ekan?
(Shu payt sahnaga 4- sinf o‘quvchilari chiqadi. Matematika fani haqida she’r o‘qib eshittiradi).
1- o‘quvchi: — Matematika atamasi yunonchadan olingan bo‘lib bilim, fan ma’nosini beradi. U aniq mantiqiy mushohada, hisoblash amallari bilan shug‘ullanadigan fandir.
2- o‘quvchi:
Hisob-kitob ilmini,
O‘rgat, matematika.
«Qo‘sh, ayir, bo‘l,
ko‘paytir»,
Oddiy arifmetika.
3- o‘quvchi:
Raqamni bir-bir sanab,
O‘rgan amal tartibin.
Qiziqarli ifoda
Va tenglamalar tuzgin.
4- o‘quvchi:
Ko‘paytirish jadvalin
Ikkilanmasdan yodla,
O‘lchov birliklarini
Yoddan aytgin baralla.
5- o‘quvchi:
Chizgin chiziq va kesma,
Perimetr, yuza top.
Gorizontal, vertikal,
Bunda barcha so‘z noyob.
6- o‘quvchi:
Birlar, o‘nlar va yuzlar,
Ko‘p xonali sonlar bil.
Sodda, qiyin masala,
Yechishga to‘pla aql.
7- o‘quvchi:
Hisob-kitobni bilsang,
Barcha yo‘l senga ochiq.
Hayotda qoqilmaysan
G‘oliblik senga tortiq!
1- boshlovchi: — Matematika faniga kim asos solganini bilasizmi?
2- boshlovchi: — Ha, albatta, matematika faniga buyuk bobomiz, qomusiy olim Abu Abdulloh Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy asos solgan.
1- boshlovchi: — Al-Xorazmiy 783- yilda Xorazmda tug‘ilgan, jahonga tatigulik olamshumul asarlar yaratib, butun umrini ilm-u fanga bag‘ishlab, 850- yilda vafot etgan.
2- boshlovchi: — Bir necha asrlardan buyon saqlanayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, bobomiz bolalikdan o‘tkir zehnli bo‘lgan ekan. Yoshligidan O‘rta Osiyoning ko‘pgina shaharlarida bo‘lib, ularning tarixi, geografiyasini yaxshi o‘rgangan.
1- boshlovchi: — Bag‘dodga kelib, bu yerda tashkil etilgan «Baytul-hikma» nomli ilm o‘chog‘ida olimlar bilan ko‘plab ilmiy kashfiyotlar qilib, buyuk olim bo‘lib yetishgan.
2- boshlovchi: — Demak, biz ana shunday buyuk daholarga munosib avlod bo‘lishimiz lozim.
(Shu payt sahnaga al-Xorazmiy qiyofasiga monand o‘quvchi tashrif buyuradi).
1- boshlovchi: — Assalomu alaykum, bobojon.
2- boshlovchi: — Davramizga xush kelibsiz, donishmand bobo!
Al-Xorazmiy: — Assalomu alaykum, bilimga chanqoq bolajonlar. Siz bilan uchrashib turganimdan bag‘oyat xursandman. Ishonamanki, siz kelajakning buyuk olim-u davronlarisiz. Bilasizmi, bolajonlar matematika fanining asosiy jihatlari nimada?
1- boshlovchi: — Buyuk bobokalon, keling bu savolga tengdoshlarimizdan javob eshitamiz.
(Sahnaga +, -, :, · amallari tasvirini ko‘tarib, bir qancha o‘quvchilar chiqadi).
1- o‘quvchi:
Arifmetik to‘rt amal,
Qo‘shish hamda ayirish,
Mulohazaga chorlar
Bo‘lish va ko‘paytirish.
2- o‘quvchi:
Uchga to‘rtni qo‘shamiz
Javobi bo‘lar yetti.
Shunday oson topilar
Qo‘shishda har yig‘indi.
3- o‘quvchi:
Kamayuvchi, ayriluvchi,
Hosil bo‘lar ayirma,
Yuzdan saksonni ayir
Javob bo‘lar yigirma.
4- o‘quvchi:
Karra jadvalni bilsang,
Ko‘paytirish oson ish,
Yodda tutgin, hayotda
Hisob kerak yoz-u qish.
5- o‘quvchi:
Bo‘linuvchi, bo‘luvchi,
Qani, bo‘linma toping.
O‘nni o‘nga bo‘lganda
Bir bo‘lar, shuni biling.
1- boshlovchi: — Buyuk bobokalon, bilamizki, matematika fanida tezkorlik muhim.
Al-Xorazmiy:
— Albatta, tezkorlik va topqirlik bu — bilimlar cho‘qqisi sari olib boruvchi yo‘l. Men topqir bolajonlar uchun bir qancha topshiriqlar tayyorlab kelganman.2- boshlovchi: — Keling, bobojon, unda davradagi tengdoshlarimizning zehni va tezkorligini sinab ko‘ramiz.
(Shundan so‘ng sahnaga ixtiyoriy ravishda to‘rt-besh o‘quvchi chiqadi. Ishtirokchilarga quyidagi tezkor savollar bilan murojaat qilish mumkin).
30 sonidan 6 marta kichik sonni ayting.
Qaysi son 90 sonidan 9 marta kichik?
20 va 10 sonlarining ko‘paytmasini 10 marta kamaytiring.
100 va 10 sonlarining bo‘linmasini 10 marta orttiring.
70 va 30 sonlari yig‘indisidan 30ni ayiring.
80 va 20 sonlarining ayirmasiga 20ni qo‘shing.
Habiba 10ta kitob, Muslima undan 10ta ko‘p kitob sotib oldi. Ikkala dugona nechta kitob sotib oldi?
Asadbek 8ta inga don sepib chiqdi. Har bir inda 8tadan qush bor edi. Asadbek nechta qushga don berdi?
Mushtariy 18ta derazani tozaladi. Har bir uyda 2tadan deraza bor. Mushtariy nechta uyning derazasini tozalagan?
Firdavsda 100ta, Asadbekning undan 2 barobar ko‘p «5» bahosi bor. Ikkala aka-ukaning «5» baholari nechta?
1- boshlovchi: — Bilasizmi, matematika fani bizga mantiqan fikrlashni o‘rgatadi, shu bilan birga, tafakkurimizni boyitadi.
2- boshlovchi: — Keling, davradagi tengdoshlarimizga mantiqan fikrlashga undaydigan topshiriqlar bilan murojaat qilamiz.
Umidjon quyonchalarning inida 12 juft quloqchalarni sanadi. Umidjonning quyonchalari nechta?
10ta uyning lampochkasi yonib turgan edi. 2 juft uyning lampochkasi o‘chib qoldi. Nechta uyda lampochka yoqilgan turibdi?
Rassom 20 nafar o‘g‘il bolaning rasmini chizish uchun nechta ko‘z, quloq, qo‘l va oyoq chizishi kerak? Hammasi qancha bo‘ldi?
Marjona hozir 5 yoshda, 4 fasl o‘tgandan so‘ng u necha yoshga to‘ladi?
Sevara 12 yoshga to‘lgach, yana necha oydan so‘ng 15 yoshga to‘lishini hisoblab topdi. Sevara necha oydan so‘ng 15 yoshga to‘ladi?
Fotima 12 oydan so‘ng 10 yoshga to‘ladi, Zuhra ham 12 oydan so‘ng 10 yoshga to‘ladi. Opa-singillarning ikkalasi necha oydan so‘ng 10 yoshga to‘ladi?
Madinaga oyisi 3 metr atlasdan chiroyli ko‘ylak tikib berdi. Oyisi 3 metr shoyidan Madinaga nechta ko‘ylak tikib bera oladi?
Dilshoda roppa-rosa 56 kundan so‘ng imtihon topshiradi. Imtihonga necha hafta qoldi?
Said bug‘doyni 3 soatda, arpani 120 minutda o‘rib bo‘ldi. Said hammasini necha soatda o‘rib bo‘ldi?
Eshik oldida 24ta oyoq kiyim bor. Uyda nechta mehmon borligini aniqlang.
1- boshlovchi: — Hayotimizda uchraydigan har bir predmet, har bir narsa biz matematika fanida tanishgan geometrik shakllardan tashkil topgan.
1- o‘quvchi:
To‘rt tomonim bor mening,
Yana to‘rttala burchak.
Viqorimga qarab bil,
Nomim mening to‘rtburchak.
2- o‘quvchi:
Tabiatdan izlama
Meni o‘zing yasab ol,
Yasa sandiq, quticha,
Javon, mashina, uy sol.
3- o‘quvchi:
Yana nega kerakman,
Buni o‘zing o‘ylab top!
Yaxshilab razm solgin,
Men kerakli, hammabop!
4- o‘quvchi:
Mening nomim jarangdor,
Uchburchakman, uchburchak,
Uch tomonli shaklman
Sanab ko‘r, bor uch burchak.
5- o‘quvchi:
Nelar uchburchak ekan,
Angla dono bo‘lsang gar.
Uylar tomi va yana
Bilgil zalvorli tog‘lar.
6- o‘quvchi:
Shakllar malikasi
Men kerakli aylana.
Barcha joyda men shayman
Yetar bo‘lsam bir dona.
7- o‘quvchi:
Bolalarga koptokman,
Hofizlarga doira,
Bayramlarda rangli shar,
Yana yasang nog‘ora.
8- o‘quvchi:
Turli mevalar chizing,
Polizda ham men hozir,
Choynak, soat, g‘ildirak,
Globus, quyosh, patir…
Al-Xorazmiy:
Barakalla, donolar,
Zehningizga lol bo‘ldim.
Ishonchli qo‘lda, bildim!
O‘quvchilar:
Algebra fani uchun,
Solgansiz asos, bobo!
O‘zbek nomin tanitgan,
Siz xorazmlik daho!
Hisob-kitob ilmini
Va sirli raqam nolni,
O‘nlik, birlik, kesmani,
Kashf etdingiz — bir asar.
Siz yaratgan asarlar,
Taratar nur ziyoni.
Yana ming-ming asrlar,
Lol qoldirsin dunyoni!
1- boshlovchi: — Bugungi fayzli davramizning aziz ishtirokchilari, shu bilan tadbirimiz o‘z nihoyasiga yetdi.
2- boshlovchi: — Barchangizga faol ishtirokingiz va e’tiboringiz uchun tashakkur aytamiz! Xayr, salomat bo‘ling!
Umida Sharipova.
XTB ga qarashli 7-umumiy o’rta ta’lim
maktabi boshlang’ich ta’lim
o‘qituvchisi.
Matematika — fanlar shohi mavzusida tadbir senariysi