Masruq ibn Ajda’
Masruq ibn Ajda’
DO`STLARGA ULASHING:
Masruq rohimahullohning ismi Abu Oisha Masruq ibn Ajda’ ibn Molik ibn Umayya ibn Abdulloh Vodi’iy Hamadoniydir.
Onasi Bani Zubaydning chavandozi A’mr ibn Ma’d Yakrabning singlisi edi. Masruq rohimahulloh Yaman chavandozlaridan biri bo‘lib ulg‘aydilar. Bu zotning Masruq deb nomlanishlariga sabab, yoshliklarida o‘g‘irlab ketilib, keyinchalik topilganliklaridir.
Masruq rohimahulloh Oisha binti Abu Bakr roziyallohu anhodan hech ajramaydilar, doim birga yuradilar. Shu sabab Oisha binti Abu Bakr roziyallohu anho: “Ey Masruq! Albatta sen meni bolamdek bo‘lib qolding”, deganlar.
Masruq rohimahulloh Quddus fathida va undan boshqa islom fathlarida qatnashganlar. Siffin jangida insonlarga: “Ey insonlar! Qo‘llaringizni urush qilishdan tiyinglar!”, deganlar.
Masruq rohimahulloh Ko‘fada yashaganlar va insonlarga fatvo beruvchi bo‘lganar. U kishining ayoli Qumayr ibn A’mr: “Masruq oyoqlari shishib ketgunga qadar namoz o‘qir edi. Gohida uning bu holatini ko‘rib, uni ortiga o‘tib yig‘lar edim” deydilar.
Masruq rohimahulloh Umar ibn Xattob, Aliy ibn Tolib, Abdulloh ibn Mas’ud, Xabbob ibn Art, Ubay ibn Ka’b, Abdulloh ibn A’mr ibn Oss, Oisha binti Abu Bakr, Ubayd ibn Umayr Laysiy, Ummu Rumon binti Omir Kinoniyya, Muoz ibn Jabal, Usmon ibn Affon, Abdulloh ibn Umar ibn Xattob, Subay’a Aslamiyya, Ma’qal ibn Sinon, Mug‘ira ibn Sho‘‘ba, Zayd ibn Sobit va Ummu Salama roziyallohu anhumlardan hadis rivoyatlar qilganlar.
Masruq rohimahullohning ana shunday zabardast sahobiy olimlarga va ayniqsa Ibn Mas’uddek ustozga shogird bo‘lishi Allohning kalomi ma’nolarini chuqur bilishi va uni tafsir qilishda peshvolik martabasini topishiga sabab bo‘lgan. Masruq rohimahullohning e’tiqodi kuchliligi haqida Abu Ishoq shunday rivoyat qilgan: «Masruq hajga borganda yotib uxlashdan voz kechgan, uxlasa ham sajdaga bosh qo‘yib uxlardi.
Masruq rohimahullohdan Omir Sha’biy, Ibrohim ibn Yazid Naxa’iy, Yahyo ibn Vasob, Abdulloh ibn Murrah Xorifiy, Shaqiq ibn Salamah, Yahyo ibn Jazzor, Abu Zuho Muslim ibn Subayh, Abdurrahmon ibn Abdulloh ibn Mas’ud, Ubayd ibn Nuzayla, Makhul Shomiy, Abu Ishoq Subay’iy, Muhammad ibn Muntashir ibn Ajda’, Muhammad ibn Nashr Hamadoniy, Abu Ahvas Jashmiy, Ayyub ibn Honiy, Ammorah ibn Umayr, Habbol ibn Rufayda, Anas ibn Siriyn Ansoriy, Abu Sha’soi Mahoribiy, Qosim ibn Abdurrahmon ibn Abdulloh ibn Mas’ud va Qumayr ibn A’mr rohimahumullohlar rivoyat qilishgan.
Masruq rohimahulloh ustozi Ibn Mas’ud roziyallohu anhu haqlarida: «Men ibn Mas’ud roziyallohu anhudan tafsir sohasida ko‘p ilm oldim. Ustozimiz bizga avval Qur’on suralaridan qiroat qilib berardilar. Keyin uning ma’nolarini tushuntirib tafsir qilib berardilar» deganlar.
Masruq rohimahulloh 62 hijriy sanada vafot etadilar.
Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li| Muslim.uz
Masruq ibn Ajda’ tobeinning ulug‘laridan bo‘lib, Hamadon shahrida dunyoga kelganlar, kuniyasi – Abu Oisha.
Amirul mo‘minin Umar roziyallohu anhu Masruq ibn Ajda’ning ismlarini o‘zgartirganlar. Bu voqea shunday bo‘lgan. Sha’biy rivoyat qiladi: «Masruq vakil bo‘lib kelganlarida hazrati Umar u kishidan:
– Sen kimsan? – deb so‘radilar.
– Masruq ibn Ajda’, –dedilar.
Shunda Umar roziyallohu anhu aytdilar:
– Ajda’ – u shaytonning nomi. Sen Masruq ibn Abdurahmonsan!
Keyin u nomini «Masruq ibn Abdurahmon», deb yozadigan bo‘ldi».
Abu Zuho rivoyat qiladi: «Masruq bir kishini oqlab gapirdilar. U kishi himoya qilgani uchun Masruqqa cho‘risini hadya etdi. Masruq darg‘azab bo‘lib, dedilar:
– Agar shunday niyating borligini bilganimda gapirmagan bo‘lardim. Abdulloh ibn Mas’udning shunday deganlarini eshitganman: «Kimki haq berilishini ko‘zlab, biron zulmni daf’ qilmoqchi bo‘lsa yoki shu maqsadda birovni oqlab himoyasiga olsa, keyin buning uchun unga hadya berilsa va u qabul qilsa, bu man’ qilingan ishdir». Ibn Mas’udga: «Axir bu yerda man’ qilingan narsani ko‘rmayapmiz, faqat hukm uchun haq olinyapti-ku?!» deyishdi. Ibn Mas’ud aytdilarki: «Hukm uchun haq olish kufrdir».
Bir kuni Masruq ibn Abdurahmon jiyanining qo‘lidan ushlab, Kufaning bir chekkasidagi axlat uyumining ustiga olib chiqdilar va:
– «Sizlarga dunyoni ko‘rsataymi, mana – u! Uni yedingizlar, keyin yo‘q bo‘ldi. Uni kiydingizlar, keyin yirtilib uvadaga aylandi. Uni mindingizlar, keyin ozib-to‘zdi. Dunyo uchun qonlar to‘kib, qon yutdingiz, dunyo deb haromni halolga chiqardingiz, qarindosh-urug‘lardan uzildingiz, – dedilar.
Masruqning oxirgi umidi haqida Abu Voil aytadi: «O‘limi arafasida Masruq: «Ey Alloh! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam , Abu Bakr, Umar qilmagan bir ish, ular yurmagan bir yo‘l ustida o‘lib qolishdan o‘zing saqla! Allohga qasamki, na oltin, na kumush qoldirdim. Qolgani – mana shu qilich. Shuning evaziga meni kafanlanglar», deb vasiyat etdilar».
Abu Voil so‘zida davom etib deydi: Masruq oltmish uch yoshida dunyodan o‘tdilar. Hamadonda Masruqdek kishi keyin tug‘ilmadi».
Siyrat.uz
Masruq ibn Ajda’