Masofaviy ta’lim uchun 7 tavsiya to’liq malumot oling

Masofaviy ta’lim uchun 7 tavsiya to’liq malumot oling

YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi tufayli dunyo bo‘ylab 188 mamlakatda 1,7 milliard o‘quvchi maktab ta’limidan uzilib qolgan. Ular orasida O‘zbekistonning 6 milliondan ziyod o‘quvchilari ham bor edi. Mamlakat taqdiri yosh avlodning intellektual salohiyati bilan bog‘liq. Hukumatimiz ta’lim sohasida zudlik bilan amalga oshirgan chora-tadbirlar mahsulini berdi — o‘quvchilar “online maktab” loyihasi doirasida ta’limga qaytishdi.

Biz koronavirus falokatining old chizig‘ida birinchi navbatda tibbiyot xodimlarini tasavvur qilsak, keying o‘rinda uning oqibatlarini bartaraf qilish jarayonida ko‘p ming sonli ustoz-murabbiylarning faol ishtiroklarini his qilish mumkin. Kechagina ko‘z-ko‘zga tushib o‘tilgan darslarning to‘satdan raqamli platformaga ko‘chgani o‘qituvchilar uchun ham katta sinov bo‘ldi. Ustozlar sa’y-harakatlari bilan ijtimoiy tarmoqlar, video portallarda ta’limga oid yangi kanal va guruhlar paydo bo‘ldi.

Onlayn dars bu yangicha uslub va an’anaviy darsdan tubdan farq qiladi. Demak, har bir o‘qituvchi endi sinfxonadagi yondashuvlarni qisman unutib, virtual sinfxonalarga moslashishi kerak. Buning ham o‘ziga yarasha talab va shartlari bor. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan o‘quvchilarga ta’lim berishda samarali foydalanishga oid quyidagi tavsiyalar ustozlar uchun qo‘l keladi.

Baholashga emas, rag‘batlantirishga diqqat qiling.

O‘quvchi bahoning o‘rniga o‘qituvchisidan munosabat olsa tezroq o‘rganadi. O‘quvchingiz yuborgan ishda xatolik bo‘lsa, past baho qo‘yishga shoshilmang. Bolani ham tushuning — hozir sizning holatingiz qanday bo‘lsa, uyda dars tayyorlayotgan o‘quvching ruhiyati ham shu qadar ta’sirchan. Shuning uchun, o‘quvchi virtual ta’limga moslashib olgunicha unga ruhan dalda bo‘ling. Avvaliga ko‘proq munosabat bildiring, fikrlaringizni jo‘nating, ruhlantiring.

Dars orqali emas, mehr bilan o‘qiting.

Bolalar hozir hissiy suyanchga muhtoj. Ayni paytda ular uchun ustozlarining qo‘llab-quvvatlashi juda kerak. O‘quvchilar “Sog‘-omonmisan, bolam?”, “Hammasi yaxshi bo‘ladi, qizim!”, “Tozalikka rioya qil, o‘g‘lim”, “Kitob o‘qinglar” yoki “Tashqariga chiqaman deb xarxasha qilmanglar, bolalarim!” degan so‘zlarni ustozlaridan eshitsalar, bu ularga ham, oiladagi muhitga ham ijobiy ta’sir qiladi. Ustoz bilan yaqin munosabat o‘quvchini o‘qib-o‘rganishga ilhomlantiradi.

Dars tarkibini reja qiling.

Agar video konferensiya tizimi yoki ijtimoiy tarmoq orqali o‘quvchilar bilan virtual darslar tashkil qilayotgan bo‘lsangiz, darsning 15-20 daqiqa davom etishi maqsadga muvofiq.

Dars tarkibini quyidagicha ishlab chiqing:

Kirish qismi — bugun o‘tishni rejalashtirgan mavzu va tushunchalar;

Asosiy qism — mavzuning muhimligi va hayotda nima berishi, mavzu;

Mashg‘ulot — bolalarni ham jarayonga jalb qiling;

Misollar — o‘tilgan mavzu asosida bolalar tasavvur qila oladigan misollardan keltiring;

Xulosa — dars davomida o‘rganilgan bilimlarni birma-bir sanab bering.

Har bir dars uchun kichik taqdimot tayyorlang.

Taqdimotda mavzuni qisqa va tushunchalarni so‘zlarda, turli ranglarda, suratlar bilan ochib bering. Bolaning diqqatini jalb qilish — bosh maqsad bo‘lsin. Taqdimotni bolalarning ota-onalariga tashlab bering yoki video konferensiya jarayonida ekran orqali namoyish qiling.

masofaviy talim uchun 7 tavsiya 1

Masofaviy ta’lim uchun 7 tavsiya

Diqqatni bolalarni zeriktirmalikka qarating.

Hozircha topshiriqlarning hajmi emas, o‘quvchining holati muhim. Endi sinfxonadagidek salmoqli topshiriq hamda vazifalarni bermang. Siz uchun maqsad o‘quvchining vazifalarni qanchalik qoyilmaqom uddalagani emas, jarayondagi faol ishtiroki bo‘lsin.

O‘zlashtirishi past bolalarni alohida nazoratga oling.

Hammaning imkoniyati teng emas. Bunday bolalar bilan alohida ishlasangiz, katta yordam bo‘ladi. Vazifa berishdan avval bu bolalarning imkoniyatini ham hisobga oling. Ularning ota-onalari bilan alo qani uzmang.

Internet resurslaridan faol foydalaning va tavsiya qiling.

Bugungi kunda ko‘p mavzularni internet tarmog‘ida o‘zbek tilida ham topish mumkin. O‘zbek tilidagi eduportal.uz, xanakademiyasi.uz, ziyonet.uz, edumarket.uz  platformalari qulay resurslar hisoblanadi. O‘quvchilarga mavzular bo‘yicha zarur resurslarni tavsiya qilaman.

Mohira KOMILOVA, Olmazor tumanidagi 315-maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari

Darsliklar
Masofaviy ta’lim uchun 7 tavsiya