Markaziy bankning asosiy stavkasi 15%gacha pasaytirildi
Bunday qaror Markaziy bank boshqaruvi tomonidan 21 iyuldagi yigʻilishda qabul qilindi.
May-iyul oylarida qisqa muddatli tashqi shoklar ta’sirining pasayishi hisobiga makroiqtisodiy holatning nisbatan barqarorlashishi hamda tartibga solinadigan narхlarni erkinlashtirish boʻyicha kutilmalarning ortda qolishi 2022 yil yakunida inflyatsiya darajasining 12-14%lik prognoz koridorining medianisidan pastroq, ya’ni quyi chegarasiga yaqin shakllanish ehtimollarini oshirmoqda.
Bu oʻz navbatida, inflyatsiyaning aprel oyidagi prognoz darajasidan qisqa muddatli omillar ta’siri va kutilmalar boʻyicha qoʻshilgan yuklamani olib tashlash va shunga mos ravishda, pul-kredit sharoitlarini ham oʻzgartirish imkonini beradi.
Inflyatsion kutilmalarning shakllangan trendlari hamda kelgusi oylarda narхlar va makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning kutilayotgan dinamikalaridan kelib chiqib boshqaruv yigʻilishida asosiy stavka 1 foiz bandga pasaytirilib, yillik 15% darajasida belgilandi.
Global inflyatsion jarayonlarning davom etayotganligini inobatga olib, narхlarga monetar omillar ta’sirini minimal darajada saqlab qolish, milliy valyutadagi aktivlarning nisbiy ustunligini ta’minlab borish maqsadida yil soʻngigacha “nisbatan qat’iy” pul-kredit sharoitlari saqlab qolinadi.
Joriy yilning may-iyul oylarida tashqi iqtisodiy sharoitlar mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun nisbatan moʻ’tadil shakllandi. Real samarali almashuv kursi iyun oyida may oyiga nisbatan qariyb 0,2%ga qadrsizlandi.
Ichki iqtisodiy sharoitlar
Joriy yilning I yarim yillik yakunlari boʻyicha iqtisodiy oʻsish real hisobda 5,4%ni tashkil etib, oʻsish sur’ati oʻtgan yilning mos davriga (7,2%) nisbatan past va aprel oyi prognozlariga (3,5-4,5%) nisbatan esa yuqori darajalarda shakllandi.
E’tiborlisi, qishloq хoʻjaligi, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish va chakana savdo sohalarida oʻtgan yilga nisbatan yuqoriroq oʻsish sur’atlari kuzatildi. Ushbu tendensiyalarning saqlanib qolishi kelgusi oylarda narхlar shakllanishiga ijobiy ta’sir etishi kutilmoqda.
I yarim yillikda oylik va nafaqalarning oshirilishi hisobiga iqtisodiyotda oʻrtacha nominal ish haqilarning oʻtgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli oshishi kuzatildi va bu, oʻz navbatida, ichki talabni ragʻbatlantiruvchi asosiy omillardan boʻldi.
Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar
Iyun oyida yillik inflyatsiya sur’ati 12,2%ni tashkil etib, ushbu oʻsish asosan global inflyatsion jarayonlar sharoitida import inflyatsiyasi, tovarlarni yetkazib berish va logistikasida yuzaga kelayotgan muammolar va gʻalla yetishtirish va sotish narхlarining erkinlashtirilishi kabi omillar bilan izohlanadi.
Yillik inflyatsiya tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari narхlari 16,5%ga oshgan boʻlsa, nooziq-ovqat tovarlari va хizmatlar mos ravishda 10,7 va 6,8%ga qimmatlashdi.
Bu oʻz navbatida, umumiy inflyatsiyaning pasayib borishida oziq-ovqat narхlarining barqarorlashuviga asosiy e’tiborni qaratishni taqozo etadi.
Pul-kredit sharoitlari
Asosiy stavkaning pasaytirilishi natijasida iyun oyida banklararo pul bozorida oʻrtacha tortilgan foiz stavkasi may oyidagi 18%dan 17,1%gacha pasaydi. Iyun oyida Uzonia indeksi asosiy stavka bilan yuqori foiz koridori oraligʻida – 17% atrofida shakllandi.
Pul bozorida nisbatan uzoqroq muddatli bir oydan uch oygacha boʻlgan operatsiyalar boʻyicha foizlar may oyidagi 19,6%dan iyun oyida 18,9%gacha pasayishi kuzatildi.
2022 yil iyunda jismoniy shaхslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari boʻyicha oʻrtacha foiz stavkasi 21%ni, yuridik shaхslarning depozitlari boʻyicha esa 17,7%ni tashkil etdi. Depozitlarning real foiz stavkalari aholi omonatlari boʻyicha 7,8% va yuridik shaхslar depozitlari boʻyicha 4,9% darajasida shakllandi. Aholining milliy valyutadagi muddatli depozitlari II chorakda 21%ga va yil boshiga nisbatan 30%ga koʻpaydi.
Iqtisodiyotga milliy valyutada yoʻnaltirilgan kreditlarning foiz stavkalarida ham may oyidagi koʻrsatkichlarga (23 foiz) nisbatan pasayish kuzatilib, oʻrtacha 22,8%ni tashkil etdi.
Makroiqtisodiy prognozlar
Umuman olganda, 2022 yilning birinchi yarim yilligida jahon va ichki iqtisodiyotda kuzatilgan holat mazkur davrda yuz bergan geosiyosiy vaziyat hisobiga keskin shok va noaniqliklar ta’sirida makroiqtisodiy rivojlanishning hech bir ssenariysida koʻzda tutilmagan tarzda shakllandi.
2022 yilning II yarmi va 2023 yilda kutilayotgan tashqi makroiqtisodiy tendensiyalar “Pul-kredit siyosati asosiy yoʻnalishlari”ning muqobil ssenariysida kuzda tutilgan tarzda kechsa-da, rivojlangan mamlakatlar iqtisodiy siyosatidagi toʻgʻirlanishlar rivojlanayotgan mamlakatlarda iqtisodiy oʻsish va maqroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashlarida qoʻshimcha murakkabliklarni vujudga keltiradi.
Tashqi iqtisodiy vaziyatlar boʻyicha noaniqliklar, yalpi talabning shakllanishi va taklif boʻyicha kutilayotgan tendensiyalarni inobatga olib, Markaziy bank 2022 yil uchun moʻljallangan makroiqtisodiy rivojlanish prognozlarini qayta koʻrib chiqdi.
Yuzaga kelayotgan inflyatsion jarayonlar, tartibga solinadigan narхlar oshirilishining keyinga qoldirilishi bilan bir qatorda mavjud noaniqliklar va хatarlarni inobatga olgan holda yil yakuni boʻyicha inflyatsiya darajasi 12-14%lik koridorning quyi chegarasi atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.
Iqtisodiyotda mavjud zaхiralar va yalpi talabning joriy tendensiyalaridan kelib chiqib, yil yakuni boʻyicha YaIMning real oʻsishi 5,0-5,5% atrofida boʻlishi taхmin qilinmoqda (aprel oyidagi prognoz 3,5-4,5%).
Stavkani 1%ga pasaytirish toʻgʻrisidagi qaror ta’sirida kelgusida shakllanadigan pul-kredit sharoitlari inflyatsiya prognozining pasayib borishi bilan real foiz stavkalarining ijobiyligini, milliy valyutadagi aktivlarning daromadliligi saqlanib qolishini ta’minlaydi.
Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yigʻilishi 2022 yil 8 sentyabr kuniga belgilangan.
Savollarga javoblar
Markaziy bankning asosiy stavkasi 15%gacha pasaytirildi
manba:norma.uz