MA’RIFAT MARKAZI to’liq malumot oling

MA’RIFAT MARKAZI to’liq malumot oling

2011-yili poytaxtimizda shaharsozlik madaniyatining yana bir noyob namunasi – Simpoziumlar saroyi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasini birlashtirgan «Ma’rifat markazi»ning bunyod etilishi bu boradagi ezgu ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Ushbu muhtasham saroyda 2011-yil 26-noyabrda bo‘lib o‘tgan ilk xalqaro simpozium O‘zbekistonda sog‘lom avlodni tarbiyalashning milliy modeliga bag‘ishlangani ham katta ramziy ma’no va tarixiy ahamiyatga egadir.
Mundarija скрыть

O‘tgan qisqa vaqt mobaynida bu yerda O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash, ta’lim va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga oid tajriba va yutuqlariga bag‘ishlangan uchta yirik xalqaro anjuman yuqori saviyada tashkil etildi. Ularda ishtirok etgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Margaret Chen, Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Xaruxiko Kuroda, Jahon banki va xalqaro moliya korporatsiyasi vitse-prezidenti Djanamitra Devan va boshqa nufuzli mehmonlar muhtasham «Ma’rifat markazi» timsolida xalqimizning bunyodkorlik salohiyatiga yuksak baho berdilar.

Davlatimiz rahbarining g‘oyasi asosida Simpoziumlar saroyi vestibyulidagi devorlarga yoqut, feruza, zumrad, lojuvard, malaxit (yashiltosh), yashma kabi noyob, tabiiy va qimmatbaho toshlardan yasalgan mahobatli ikki panno shakli, naqshlari va mazmun-mohiyatiga ko‘ra inson tasavvuri va tafakkurining noyob mahsulidir. «Quyoshga intilgan navqiron O‘zbekiston» pannosi markazidagi moviy (tinchlik va ma’naviy qudrat) va ko‘k (tiriklik va bunyodkorlikka intilish) rangli halqa mamlakatimiz mustaqilligi va izchil rivojlanayotganining ifodasi.

Aylanadagi qizil va oq ranglar xalqimizning jo‘shqin hayoti, tomirlarimizda oqayotgan qon umrimizni poklik va ezgulik bilan munavvar qilishini anglatadi. Doiraning tayanchi sifatida oila va xalq ramzi bo‘lgan anor daraxti va mevalarining silueti tasvirlangan. Bu navqironlik, ulug‘lik va mehnat zavqi ramzi hamdir.

Pannoda zamin va zamon shiddati, inson ongi va bashariyat hayotida davom etayotgan qarama-qarshiliklar (ezgulik va yovuzlik, ma’rifat va jaholat kurashi) turli kontrastlarda katta mahorat bilan ifodalangan. Pannoning to‘rt chetidagi qizil tasmalar (taraqqiyot qutblari) shokilalari va o‘rtasi sariq (quvvat tafti) rangda.

«Ma’rifat bo‘stoni» pannosi sharqona naqshlardan yasalgan bir xil ko‘rinishdagi ikkita yarim kompozitsiya hosilasi. Unda inson uchun azaliy va abadiy muammo – «Hayotning mazmuni nima?», degan savolga turli milliy naqshlar vositasida javob ifodalangan. Barkamollik, ma’rifat timsoli bo‘lgan bog‘ unga yanada boy ma’no beradi.

Asarda olam o‘zgarishi uchun, avvalo, odam, uning qalbi, mezonlari va dunyoqarashi o‘zgarishi lozimligi, ma’rifat bilan ulug‘likka erishish ham, jaholat bilan tubanlik botqog‘iga botish ham odamning o‘ziga bog‘liqligi eslatiladi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, odamzot bu dunyoda ruhan pok bo‘lib, irodasi baquvvat, iymoni butun, vijdoni uyg‘oq bo‘lib yashamas ekan, inson hayotining ma’nosi ham yo‘qoladi.

«Ma’rifat markazi»da joylashgan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida bir bor bo‘lgan kishi uning faoliyatida yangi davr boshlanganiga amin bo‘ladi. Davlatimiz rahbarining 2012-yil 20-martda qabul qilingan «Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi axborot resurs markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu borada dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida kutubxona fondi 6,5 milliondan ziyod nusxaga yetdi. Jumladan, fond 19,4 ming bosma va 304 ming elektron nusxadagi yangi adabiyotlar bilan boyitildi.

marifat markazi 1

O‘zbekiston Milliy kutubxonasini birlashtirgan «Ma’rifat markazi»

Germaniya, AQSh, Xitoy, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Shveytsariya, Rossiya kabi o‘ndan ortiq davlatdagi 24 nufuzli kutubxona bilan hamkorlik o‘rnatilgan. Kitobxonlar uchun EBSCO Publishing, Oxford University, JSTOR, Aluka, Emerald Springer, Cambridge Journals Online kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot manbalaridan bepul foydalanish imkoni yaratildi.

Kitoblarni qayta tiklash va elektron nusxaga o‘tkazish jarayoni ham zamonaviylashtirildi. Jumladan, Italiyaning «Zechini» kompaniyasining matbaa uskunasi olib kelingach, oldin qo‘lda bajarilgan muqova tayyorlash va bloklarni zichlash ishlari texnika zimmasiga yuklandi. Xitoyning «Purlux» uskunasi bosma taboqlarni tikish ishlarini yanada osonlashtirdi. Kutubxona fondini davr talablari asosida elektron shaklga o‘tkazish va raqamlashtirish uchun Avstriyada ishlab chiqarilgan professional skanerlar olib kelindi. Masalan, «Xinoscans 700» ikki tomonlama nusxa ko‘chiruvchi rangli skaner A3 formatdagi hujjatlarni 1-1,5 daqiqada skanerlaydi. «Qiden VSPBS» robot skaneri esa nodir kitoblarni buzmagan holda o‘zi varaqlab, o‘zi nusxalaydi.

Ilgari fotoplyonka ko‘rinishidagi hujjatlar ekran orqali o‘qilgan bo‘lsa, bugun ular «Mekel m 200» skaneri vositasida 1-2 daqiqada elektron formatga o‘tkazilmoqda. Shuningdek, nashriyot-matbaa xizmati to‘liq zamonaviy uskunalar bilan ta’minlangani tufayli kitob, buklet, jurnal, rasmli albomlar tayyorlash ishlari yanada tezlashdi.

Kutubxonadagi 12 o‘quv zali zamonaviy jihozlanib, to‘liq kompyuterlashtirilgan. Masalan, 2010-yili kitobxonlar uchun 40 kompyuter xizmat qilgan bo‘lsa, bugun ularning soni 250 dan ziyoddir. Kutubxona binosida bepul Wi Fi tizimi ishlab turibdi. Kitobxon o‘zi bilan «nout-buk» olib kelib, internetdan cheklovsiz foydalanishi mumkin. Hozir har kuni 800-1000 nafar kishi bu yerda global axborot tarmog‘idan foydalanmoqda.

Davlat Xizmatlari
MA’RIFAT MARKAZI