Marg’ilon shahrida «Atlas bayrami»
DO`STLARGA ULASHING:
Marg’ilon shahrida «Atlas bayrami»
Marg‘ilon deganda, betakror tabiati, bog‘-rog‘lari, kamalakdek serjilo atlaslari, o‘zligimiz ramziga aylanib ketgan rang-barang do‘ppilari bilan yetti iqlimga mashhur bo‘lgan go‘zal bir makon ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Bu zamin azal-azaldan odob-andishali va bag‘ri keng, mehnatkash va tadbirkor, mehmondo‘st xalqi, mohir hunarmandlari, usta bog‘bonlari, xushovoz hofizlari bilan shuhrat qozonib keladi. Marg‘ilon shahrida an’anaviy hunarmandchilik turlaridan biri bo‘lgan ipakchilik ham mahorat bilan davom ettirilgan. Marg‘ilon ipagini yanada ko‘paytirish va undan katta daromad olish maqsadida hukumat Yangi Marg‘ilon shahrida ipak qurti laboratoriyasi tashkil etadi. Ipakchilikni rivojlantirishda uning sifatini yaxshilish bo‘yicha izlanishlar bilan bir qatorda mahalliy an’analardan keng foydalanilgan. Ipak yetishtirish va sifati bo‘yicha Marg‘ilon Farg‘ona vodiysida birinchi o‘rinda turardi. Marg‘ilon ipak matolari Marsel (Fransiya), Istanbul (Turkiya) shaharlariga va Rossiyaning Yevropa qismiga olib ketilgan. Shuningdek, Marg‘ilon ipakchilik mahsulotlariga Hindiston, Eron kabi mamlakatlarda ham talab katta edi. Atlas to‘qish Marg‘ilonda juda qadimdan rivojlanib, boshqa joylarga shu yerdan tarqalgan. Marg‘ilonning shoyi matollari qadimda Eron, Misr, Yunoniston, Hindiston va Qoshg‘ar savdogarlari tomonidan ko‘plab xarid qilingan. XX asr boshlarida Marg‘ilonda yuzlab atlas to‘quvchi kosiblar bo‘lgan. Matolar doimo savdo aloqalarida sotish, sotib olish, ayirboshlashda eng bozori chaqqon buyum bo‘lgan. Xitoy asosiy ipak ishlab chiqaruvchi davlat isoblangan. V-VI asrlarda Farg‘ona vodiysida ham ipakchilik ishlari bilan shug‘illana boshladilar. To‘quvchilikning 2 asosiy xili bo‘lib. Birinchisi aholining barcha tabaqasiga mo‘ljallangan paxtadan to‘qilgan ip gazlamalr, ikkinchisi esa shoyi gazlamalardan iborat edi. Ipli gazlamalarni ayollar, shoyi va nimshoyi gazlamalarni esa asosan erkaklar to‘qishgan. Deyarli har bir oilada bo‘z va olacha to‘quvchi dastgohlar mavjud bo‘lgan. 1896-yilda Farg‘ona vodiysida 600 ga yaqin pillakashlik korxonalari mavjud bo‘lgan. Marg‘ilonning o‘zida pillakashlar soni 238 nafar edi. Bu yerda qadimiy to‘quvchilik an’analari davom etib kelgan va mohir ustalar faoliyati ko‘rsatgan Shu sababli Marg‘ilonga boshqa viloyatlardan to‘quvchilik sirlarini o‘rganish uchun keluvchilar juda ko‘p bo‘lgan. Marg‘ilonning ipak matolari rangi va ajoyib gullari bilan Xitoy, Eron va boshqa Sharq mamlakatlarining savdogarlarini o‘ziga rom qilib kelgan. X asrda yashagan tarixchilardan biri «Marg‘ilonning bir ko‘ylakli shoyisi Isfaxonning bir yillik daromadiga teng» deb yozgan edi. Farg‘ona vodiysida, ayniqsa, Marg‘ilonda abr (forscha – bulut, bulutsimon) nusxali matolar yengil, nafis va ranglarning go‘zalligi bilan ajralib turgan. Bundan tashqari shaharda beqasam, banoras, shoyi, nim shoyi, atlas kabi matolar to‘qilgan. Matolarga gul bosishda tabiiy bo‘yoqlardan foydalanilgan. Qadimiy an’analardan hisoblangan matoga qolip bilan gul bosish usuli saqlanib qolgan. XIX asrning birinchi yarmida gul bosilgan matolar keng tarqalgan edi. Marg‘ilonda ishlab chiqarilgan adras tabiiy ipakdan, arqog‘i yo‘g‘on ipakdan to‘qilgan. Arg‘oq ipi qalin bo‘lgani sababli matoning yuzasida ko‘ndalang chiziqlar paydo bo‘lgan. XIX asr ikkinchi yarmida abrli gazlamalarni to‘qishda yetti xil rangdan foydalanilgan. XX asrga kelib ranglar ikki xilgacha kamaygan. Bu juda murakkab va ko‘p mehnatni talab qiluvchi jarayon bo‘lib, bu usuldan asosan atlas to‘qishda foydalanganlar. XX asrda Marg‘ilonda 100 ga yaqin atlas to‘quvchi kosib bo‘lgan. 20-yillarga kelib shaharda 4 ta sanoat arteli faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 1963-yilda mashhur «Atlas” korxonasi tashkil etildi. Atlaslarning eng a’lo navi sakkiz tepkili atlas hisoblangan. Beqasam ham qadimiy matolardan hisoblanib, Farg‘ona vodiysidagi beqasamlar arg‘oq ipi ingichka bo‘lgani uchun mayin bo‘lib, yo‘l-yo‘l shaklda firuza-binafsha, ko‘k, yashil, pushti ranglar berilgan. Gazlamaga maxsus ishlov berilgach, bir tomoni silliq bo‘lib chiqqan. Marg‘ilonda oq chiviq, olti katak, marmar kabi beqasam turlari to‘qilgan. Matolarni bo‘yashda anor po‘sti, piyoz, yong‘oq po‘stlog‘idan tayyorlanadigan tabiiy ranglardan foydalanilgan. Hozirgi kunda atlasning turlari xilma-xil bo‘lib, ularni to‘qish va bezashda an’anaviy usullardan foydalanilmoqda. Atlas, adras, beqasam va boshqa matolar nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijiy mamlakatlarda ham o‘z mashhurligini yo‘qatmay, Kanada, Yaponiya, Hindiston, Bog‘dod, Fransiya va boshqa davlatlarda tashkil etilgan xalqaro yarmarkalarda oliy mukofotlarga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Marg’ilon shahrida «Atlas bayrami»
Related Posts