Maqtanchoq

Maqtanchoq

Maqtanchoq

DO`STLARGA ULASHING:

Bir mevali daraxt mevasiz daraxt bilan yonma-yon o‘sar ekan. Kunlardan bir kuni mevali daraxt debdi:

– Insonlarga mening ko‘p foydam tegadi, chunki ularga shirin mevalar beraman. Ammo sendan hech qanday foyda yo‘q, meva qilmaysan. Sening o‘rningda bo‘lganimda, uyatdan xijolat chekib, qurib qolardim.

Mevasiz daraxt qo‘shnisining gaplaridan ranjibdi. Ammo xafaligini bildirmay so‘zga og‘iz juftlabdi:

– Sen yanglishyapsan, odamlarga mening ham foydam bor. Bo‘lmasa, ular meni parvarish qilisharmidi?!

Mevali daraxt uni masxara qilishda davom etibdi:

– Qanday foyda?! Odamlarga foydang tegmagani yetmagandek, turgan-bitganing zarar. Sen bilan shart boylashishim mumkin. Odamlar rahmdil bo‘lganliklari va senga achinganlari uchun parvarish qilishadi. Aslida sening ishing tekinxo‘rlikdan iborat.

Mevasiz daraxt xotirjam javob beribdi:

– Agar yaxshilab o‘ylasang, senga va odamlarga ko‘p foydam bor. Ammo sen yaxshilikning qadriga yetmaysan. Uch-to‘rtta mevang bilan mag‘rurlanasan. Bir kuni hosil berishdan to‘xtasang, odamlar o‘sha kuniyoq seni arralab, o‘tin qiladilar.

Mevali daraxt kulib debdi: – O‘h-ho‘! Tiling ham uzun ekanmi? Bir dona meva bermaysan-u yana yaxshilik qilaman, deb da’vo qilasan.

Mevasiz daraxt uzoq o‘yga cho‘mib, keyin so‘zlay boshlabdi:

– Juda yaxshi. O‘zi haqida, qilgan yaxshiliklari haqida gapirish yaxshimas. Ammo, sen yaxshiliklarimning bir chekkasini gapirishga majbur qilyapsan. Agar durustroq o‘ylasang, odamlar uylarining eshik, deraza, tomini, hatto bolalarining beshigini ham mening yog‘ochimdan yasaydilar. Yog‘och karavotlar, qoshiqlar va boshqa idishlar ham qiladilar. Mevalarni bozorga tashiydigan arava, hatto tagingni yumshatib turish uchun ishlatiladigan belkurakning dastasi ham mendan yasalgan. Taging yumshagach yaxshi nafas olasan. Yodingda bo‘lsa, bir kuni, unda juda kichkina eding, bir eshak seni yemoqchi bo‘ldi. Qo‘lingdan hech narsa kelmasdi. O‘shanda xo‘jayinimiz seni himoya qilish uchun mening bir nechta shoxlarimni kesib, mevali shoxlaringni ko‘tarib turish uchun tirgovich qilib qo‘ydi. Hozir ko‘p meva qilgansan. Agar men bo‘lmaganimda, shoxlaring egilib, sinib tushardi. Senga suyanchiq bo‘lib, shoxlaringni va mevalaringni ko‘tarib turgan mening shoxlarim emasmi? Ey, do‘stim! Mening boshqa foydalarim ham bor, ammo hammasini gapirishdan uyalaman. Senga maqtanishdan ko‘ra shirin mevalar qilish haqida o‘ylash yarashadi. Hadeb maqtanaversang, mevalaring achchiq va bemaza bo‘lib qoladi, – deb so‘zlarini tugatibdi mevasiz daraxt.

Shundan so‘ng mevali daraxt o‘zining maqtanchoqligidan uyalib, jim bo‘lib qolgan ekan.

Fors tilidan Bahriddin TURG‘UNOV tarjimasi

Maqtanchoq