Maktab oʼquvchisi qanday ovqatlanishi kerak?
Maktab oʼquvchisi qanday ovqatlanishi kerak?
DO`STLARGA ULASHING:
Kun boʼyi tetik va bardam yurish hamda dars jarayonini puxta oʼzlashtirish uchun maktab oʼquvchisi avvalo sogʼlom ovqatlanishi zarur. Negaki bolalikdan oʼsmirlik yoshiga oʼtayotgan
davrda yosh organizm ham aqlan, ham jismonan tez rivojlanadi. Yaxshi ovqatlanmagan
bola darrov toliqadi, darsda uzoq oʼtirolmaydi. Demak, ota-onalar bu masalaga nihoyatda eʼtiborli boʼlishlari zarur.Kuni uzaytirilgan guruh va aqliy yuklama
Boshlangʼich sinf oʼquvchilari uchun maktabda kuni uzaytirilgan guruhlar tashkil etilgan. Ota-onalar bunday guruhlarda qoldirilayotgan farzandlarining ovqatlanish tartibi bilan albatta qiziqishlari kerak.
Maʼlumki, bola organizmi toʼgʼri rivojlanishida yetarli miqdorda oqsil, yogʼ, uglevod va vitaminlar boʼlishi muhim ahamiyat kasb etadi. Аyniqsa, oʼquvchi taomnomasida kalьtsiyga boy sut va sut mahsulotlari, meva va sabzavotlarning oʼrnini hech narsa bilan almashtirib boʼlmaydi.
Maktabdagi mashgʼulotlar mobaynida bolaning aqliy yuklamasi ortadi. Bunday vaqtda isteʼmol qilinayotgan taomning vitaminlarga boy boʼlishi juda muhim. Sifatli ovqat organizmda moddalar almashinuvini yaxshilaydi, immun tizimi ishini tartibga soladi, turli yuqumli kasalliklardan himoyalanish qobiliyatini oshiradi.
Ertalabki nonushta toʼyimli boʼlsa, bola maktabda darsni oʼzlashtirishda toliqib qolmaydi. Shuningdek ovqatlanishda yil fasllari va iqlim sharoiti ham hisobga olinishi kerak. Masalan yozning issiq oylarida bola koʼp suyuqlik yoʼqotib, ishtahasi pasayadi. Shunda uning koʼproq suyuqliklar (choy, sharbatlar) ichishi, nordon sutli mahsulotlar hamda xoʼl mevalar isteʼmol qilishi maqsadga muvofiq.
Qovurilganidan qaynatilgani yaxshiroq
Taomlar asosan oʼsimlik yogʼida koʼp qovurilmasdan tayyorlansa, ular tarkibidagi foydali vitaminlar saqlanib qoladi. Bu esa ovqatning yaxshi hazm boʼlishini ham taʼminlaydi. Dimlab pishirilgan yoki uzoq qaynatilgan ovqatlar kuchli qovurilganiga nisbatan afzalroqdir.Bundan tashqari taomning koʼrinishi ishtahani ochadigan va taʼmi unga mos ravishda mazali boʼlgani maʼqul. Bir kecha-kunduz davomida bola isteʼmol qiladigan ovqatning xilma-xilligiga eʼtibor berilsa, nur ustiga aʼlo nur.
Maktab oʼquvchisi darsdan tashqari turli mashgʼulotlar davomida ham koʼp kuch sarflaydi. Shuni hisobga olib, ota-onalar farzandlarini ovqatlantirishda taomlarning quvvatliliga ahamiyat berishlari lozim.
Meva-sabzavotlar bilan birgalikda kundalik yoziladigan dasturxonda turli xil milliy taomlarimiz (moshkichiri, chuchvara, palov, moshxoʼrda singarilar) boʼlsa yaxshi.
Fastfudlar zarari anchagina
Аksariyat maktab oʼquvchilari fastfud taomlarga ruju qoʼyishgani maʼlum. Dunyo parhezshunos olimlarining taʼkidlashicha, bunday taomlar oʼta yogʼli boʼlishi va juda tez tayyorlanishi tufayli bolalar organizmida moddalar almashinuvining buzilishiga olib keladi, hatto semizlikni keltirib chiqaradi.Qolaversa, oʼsib kelayotgan yosh organizm salomatligi uchun fastfud taomlar (gamburger, chizburger, xot-dog, lavash singarilar) oʼta zararli hisoblanadi. Har bir ota-ona farzandlarining koʼcha-koʼyda bunday taomlarni istʼmol qilishiga yoʼl qoʼymasligi kerak.
Buning ustiga turli gazlangan sharbatlar (ayniqsa kola, pepsi, quvvatbahsh ichimliklar) ni sumkalariga solib kun davomida ichib yuradigan bolalar ham koʼp. Keyingi yillarda mutaxassis olimlar bu singari ichimliklarning sogʼliq uchun havf tugʼdirishi mumkinligini aytishmoqda.
Uyda dars qilish jarayonida yoki qoʼshimcha mashgʼulotlarga qatnash tufayli bola ovqatlanish vaqtini koʼpincha oʼtkazib yuboradi. Soʼng esa ochiqib, birdaniga koʼp ovqat yeb qoʼyadi. Bu holat bola meʼdasida taomning yaxshi hazm boʼlmasligiga olib keladi, oqibatda vazn ortishi, yogʼ bosishi va meʼda-ichaklar zoʼriqib, hazm aʼzolari ishi izdan chiqishi roʼy beradi. Ota-ona bolaning ovqatlanish tartibini nazorat qilishi va ayniqsa uyquga yotish oldidan uning yogʼli hamda badhazm ovqatlarni isteʼmol qilishiga yoʼl qoʼymasligi zarur.
Shirinlik afzalmi yo issiq ovqat?
Yana ovqatlanish oraligʼida har xil shirinliklar (konfet, pechenьe, pishiriqlar, yaxna ichimliklar) tanovul qilish ham ishtaha buzilishiga olib keladi. Аsosiy ovqat oʼrniga shirinliklar yeyish bilan kifoyalanish tufayli bola organizmi zarur vitaminlarga toʼyinmasdan qoladi, natijada unda kamquvvatlik roʼy berib, organizmida vitaminlar va minerallar tanqisligi paydo boʼladi. Bu esa tananing himoya kuchini pasaytirib yuboradi.Shundan soʼng oʼquvchi bola infektsion kasalliklarga chalinuvchan boʼlib qoladi, immuniteti pastligi sababli kasallik tuzalishi choʼziladi.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, oʼta issiq ovqat tanovvul qilish hamda ketma-ket sovuq ichimliklar ichish natijasida yeyilgan taom qiyin hazm boʼladi, hatto meʼda-ichaklarda turli yalligʼlanishlar vujudga kelishi ham mumkin. baʼzi holatlarda esa oshqozon shilliq qavatining kuyishiga, bu esa oshqozon-ichaklarda turli yalligʼlanish jarayonlarining vujudga kelishi ham mumkin. Otaonalar bunday holatlarning oldini olishlari muhim.
Nonushta toʼyimli boʼlsin
Baʼzi ota-onalar “Boshlangʼich sinfda oʼqiydigan bolalar nonushtada nima yeyishlari kerak?” deb soʼrashadi. Аytish joizki, oʼquvchi nonushtasi asosan yumshoq boʼtqalar, sutli mahsulotlar, pishloq, tuxum, shirin choy, sariyogʼ va shunga oʼxshash foydali mahsulotlardan tashkil topgan boʼlishi kerak. Dudlangan goʼsht va kolbasalar tavsiya etilmaydi.Keyingi ovqatlanishda, yaʼni ikkinchi nonushtada goʼshtli, tuxumli taom, meva kompoti, qatiq singarilar isteʼmol qilinishi yoki pishloqli va saryogʼli buterbrodni jemli yoki tvorogli shirin kulcha bilan yeyish tavsiya etiladi. Tushlik yangi pishirilgan, sifatli, issiq ovqat va kechlik esa yengil hazm boʼladigan taomlar hamda mevalardan iborat boʼlgani maʼqul.
Bola organizmining bir kecha-kunduz davomida qabul qilishi lozim boʼlgan oqsil, yogʼ, uglevodlarga boʼlgan ehtiyojini hisobga olgan holda ovqatlanishni toʼgʼri tashkil qilish talab etiladi. Аyniqsa hayvon oqsillari, masalan goʼsht (mol, tovuq, quyon va boshqa hayvon goʼshtlari), baliq, tuxum, sut va sut mahsulotlari, shuningdek sarxil meva-sabzavotlarda zarur miqdordagi vitaminlar borligi tufayli, ular bola organizmining yaxshi rivojlanishi uchun nihoyatda zarur.
Maktab oʼquvchisining qishki taomnomasida dukkakli va uglevodli mahsulotlardan tayyorlangan taomlar boʼlsa foydali. Koʼklamda turli koʼkatlardan pishirilgan ovqatlar boʼlishi muhim. Yozda va kuzda esa hoʼl mevalarga keng oʼrin beriladi. Аsosiysi, bola ovqatlanishida xilma-xillik, vitaminlarning moʼl-koʼlligi, tayyorlangan taomning yangiligi va sifatliligi uning salomatligida muhim oʼrin tutadi. Buni aslo unutmaslik lozim.
Аkmal SULTONOV,
Toshkent tibbiyot akademiyasi
«Pediatriya va bolalar ovqatlanishi»
kafedrasi mudiri, professor.
Sanobar KАRIMOVА,
oliy toifali shifokor.
Maktab oʼquvchisi qanday ovqatlanishi kerak?