Maksvell iblisi to’liq malumot oling

Maksvell iblisi to’liq malumot oling

Maksvell iblisi oʻylab topilgan xayoliy timsol boʻlib, u shotland fizigi Jeyms Klark Maksvellning ilmiy farazlari mahsulidir. Garchi u uydirma timsol boʻlsa hamki, jahonning eng yuksak zakovat egalari uchun ham oʻtkir aqliy xurujlarga sababchi boʻlgan. Maksvell iblisi haqida qayd etib oʻtilgan ilmiy adabiyotlar esa termodinamika, statistik fizika, kvant mexanikasi, axborot nazariyasi, kibernetika, hisoblash texnikasining imkoniyatlari chegaralariga oid masalalar, biologiya hamda, umuman olganda, fan falsafasiga oid sohalarini qamrab oladi. Maksvellning taklif etgan xayoliy faraziga koʻra, ushbu iblis shunday bir ongli mavjudotki, u termodinamikaning ikkinchi bosh qonunini inkor eta oladi. Yaʼni mohiyatan termodinamikaning ikkinchi bosh qonuni qoidalariga zid boʻlgan fizik hodisalarni yuzaga keltira oladi. Termodinamikaning ikkinchi bosh qonunining oʻsha zamonlarda ommalashgan dastlabki taʼriflaridan biriga koʻra, yopiq tizimning toʻliq entropiyasi (tartibsizlik oʻlchovi) vaqt mobaynida muttasil ortib boradi va qandaydir maksimal qiymatga toʻxtovsiz yaqinlashib boradi. Boz ustiga, ushbu bosh qonunga koʻra, issiqlik sovuq jismdan harorati balandroq boʻlgan issiq jismga oʻz-oʻzidan oʻta olmaydi.

maksvell iblisi 1

Maksvell iblisining badiiy ifodasi. Ushbu xayoliy mavjudot tezkor (qizil) molekulalar va sekin (yashil) molekulalarni bir tomonlama toʻplanishini taʼminlashi va bu orqali bitmas-tuganmas energiya manbayiga ega boʻlishi kerak.

Maksvell iblisi bilan yaqindan tanishish uchun har ikkalasida bir xil haroratli gaz saqlanayotgan va oʻzaro kichik tirqishcha orqali ulab qoʻyilgan ikkita A va B idishlarni tasavvur qilamiz. Boyagi iblis kelib, oʻsha tirqishchani ochib-yopib, u orqali u yoki bu molekulalarning u idishdan bu idishga oʻtishiga sharoit yaratadi. Endi shunday tasavvur qilamiz: iblis A idishdan B idishga faqat oʻta tezkor harakatlanadigan molekulalarnigina oʻtkaza boshlaydi va aksincha b idishdan A idishga faqat sekin harakatlanuvchi molekulalarni oʻtkazadi. Shu tarzda iblis B idishdagi molekulalarning kinetik energiyasini (va haroratini) orttiradi va ushbu energiyadan biror ish bajarish uchun foydalanish mumkin boʻladi. Bu termodinamikaning ikkinchi bosh qonunini aylanib oʻtish imkonini beradigandek koʻrinadi. Shunday qilib, Maksvell iblisi shunday mitti mexanik uskuna yoki xayoliy bir mavjudotki, u molekulalarning harakatidan tasodifiy, statistik xossalaridan tizim entropiyasini kamaytirish uchun foydalanadi. Agar kimdir shunday ishni haqiqatan ham amalga oshira oladigan uskunani yasay olganda, u olamga tugab-bitmas energiya manbasini taqdim etgan boʻlar edi.

Biroq Maksvellning iblisi amalda mavjud boʻla olmasligini isbotlagan, yaʼni, fan tilida aytganda ʼʼiblis masalasini yechganʼʼ fransuz olimi Leon Brillyuenning taʼkidlashicha, molekulalarni sinchiklab kuzatish va tizimning entropiyasining kamayishiga sabab boʻluvchi tezkor molekulalarni sekin molekulalardan ajratish ishi tizimning umumiy entropiyasining ortishi bilan toʻxtab qoladi. Chunki iblisning oʻzi ishlashi uchun ham tashqaridan energiya zarur boʻladi. Shu tarzda Brillyuen termodinamikadan Maksvell iblisni haydab solgan edi.

Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Maksvell iblisi
Muqova surat: lenta.ru

Boshqa mavzular
Maksvell iblisi