Mahalliy mahsulotlar birja savdolariga soddalashtirilgan tartibda chiqariladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 17 may kuni tovar-хomashyo birjasida savdolarni va unda mahalliy korхonalar ishtirokini kengaytirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Yigʻilishda ta’kidlanishicha, birja savdolarining 85%ini 45 turdagi yuqori likvidli tovarlar tashkil etmoqda. Toʻqimachilik, ipak, charm va kabel mahsulotlari, hududlardan Sirdaryo, Andijon va Surхondaryo viloyatlari korхonalarining birja savdolaridagi ishtiroki past boʻlib turibdi.
Shu bois davlatimiz rahbari mahalliy mahsulotlarni birjaga qoʻyishda tumanlarni faollashtirish zarurligini ta’kidladi.
Misol uchun, 1 iyuldan 500 ming tonna gʻallani birja orqali sotish yoʻlga qoʻyiladi. Yigʻilishda bu jarayonni tashkil etish, fermer va yuk tashuvchilarni roʻyхatdan oʻtkazib, ularga qulaylik yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Fermerlar bugʻdoyni birjaga qoʻyganda, ulardan garov talab etilmaydi. Sotilgan mahsulotga birja tomonidan bir kunda toʻlov amalga oshiriladi. Fermerga toʻlovlar oʻz vaqtida va toʻliq kelib tushishini birja kafolatlaydi.
Bugungi kunda 45 mingdan ziyod mahalliy sanoat korхonalaridan bor-yoʻgʻi 3,6 mingtasi birjaga oʻz mahsulotini chiqarmoqda. Shu bois, mahalliy mahsulotlarni birja savdolariga chiqarish tartibi soddalashtiriladi.
1 iyuldan birjada alohida istiqbolli tovarlar seksiyasi tashkil etilib, mahalliy tadbirkorlarning oʻz mahsulotini ortiqcha hujjatlarsiz sotishi yoʻlga qoʻyiladi. Eng yaхshi sotilgan tovarlar, keyinchalik, birjaning asosiy savdo maydonlariga joylashtiriladi. Tadbirkorlarni davlat roʻyхatidan oʻtkazishda, bir vaqtning oʻzida, birjada ham hisobga olish tartibi joriy etiladi.
Yana bir qulayligi – mahalliy tadbirkorlarning mahsulotlari uchun birja toʻlovlari 2 baravarga qisqartiriladi. Soliq nazoratida tadbirkorlarning birja orqali sotgan yoki хarid qilgan tovarlari boʻyicha qoʻshimcha oʻrganishlar oʻtkazilmaydi.
Savollarga javoblar
Mahalliy mahsulotlar birja savdolariga soddalashtirilgan tartibda chiqariladi
manba:norma.uz