MADANIY OʻSIMLIKLARNING KELIB CHIQISH MARKAZLARI
MADANIY OʻSIMLIKLARNING KELIB CHIQISH MARKAZLARI — Yer sharida oʻsimliklarning muayyan turlari dastlab madaniylashtirilgan (dehqonchilikda ekilgan) va ularning genetik xilma-xilligi eng koʻp boʻlgan geografik markazlar. Madaniy oʻsimliklarning kelib chiqish markazlari toʻgʻrisidagi taʼlimot madaniy oʻsimliklar seleksiyasi va ularning navlarini yaxshilash uchun boshlangʻich materiallarga ehtiyojlar tufayli yuzaga kelgan. Unga Ch. Darvinning biologik turlarning kelib chiqishida geografik markazlarning mavjudligi toʻgʻrisidagi gʻoyalari asos boʻlgan. 1883-y. da shveysariyalik botanik olim A. Dekandol eng asosiy madaniy ekinlar birlamchi kelib chiqqan geografik oʻlkalarni taʼriflab berdi. Lekin unda juda keng hududlar koʻrsatilgan boʻlib, ayrimlarining maydonlari deyarli qitʼalar chegaralariga toʻgʻri kelar edi. 1925—39 y. larda Madaniy oʻsimliklarning kelib chiqish markazlari nazariyasini eng izchil holda N. I. Vavilov ishlab chiqdi. N. I. Vavilov oʻzi va b. botanik olimlar tomonidan ilmiy ekspeditsiyalarda toʻplangan jahon oʻsimlik resurslari (250000 ga yaqin namunalar kolleksiyasi) toʻgʻrisidagi juda katta materiallarga tayangan holda Madaniy oʻsimliklarning kelib chiqish markazlarining 8 ta asosiy geografik markazi yoki oʻchoqlarini koʻrsatib berdi: Xitoy markazi (soya, tariq, turli sabzavot va mevali ekinlar vatani); Hindiston markazi (madaniy oʻsimliklar turlarining deyarli 1/3 qismi; sholi, shakarqamish, baklajon, bodring, mevali ekinlar vatani); Oʻrta Osiyo markazi (noʻxat, china, kunjut, maxsar, yasmiq, koʻpgina sabzavotlar — piyoz, sarimsoq, ismaloq, mevalar — oʻrik, nok, tok, bodom vatani); Gʻarbiy Osiyo markazi (bugʻdoyning koʻpgina turlari, ikki qatorli arpa, javdar, beda, karam turlari, sabzi, anjir, anor v b.); Oʻrta dengiz, markazi (zaytun, seratoniya daraxti, juda koʻp ozuqa va sabzavot ekinlari vatani); Efiopiya markazi (bugʻdoy, arpa, moyli ekinlar, bananning alohida bir turi, kofe daraxti va b. vatani); Markaziy Amerika markazi (90 ga yaqin oziqovqat, texnika va dorivor oʻsimliklar, shu jumladan, makkajoʻxori, uzun tolali gʻoʻza, loviyaning bir necha turi, qovoq, kakao, mevali oʻsimliklarning koʻpgina turlari vatani); Janubiy Amerika markazi (koʻpgina ildizmevali oʻsimliklar, birinchi navbatda, kartoshka, oka, xina daraxti va koka butalari vatani).
Ensiklopediya.uz
MADANIY OʻSIMLIKLARNING KELIB CHIQISH MARKAZLARI