LYEJ

LYEJ

LYEJ, Leyk — Belgiyaning sharqiy qismidagi shahar. Lyej provinsiyasining maʼmuriy markazi. Urt va Maas daryolari qoʻshilish yerida joylashgan. Transport yoʻllarining yirik tuguni. Daryo porti, kanal orqali Antverpen sh. bilan bogʻlangan. Aholisi 185,6 ming kishi (2000). Lyej mamlakatning ogʻir sanoat markazlaridan. Qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik rivojlangan. Kime va rezina-texnika, oyna-shisha (yukrri sifatli billur i. ch.), sement, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Ov qurollari va sport anjomlari ishlab chikariladi. Shahar yaqinidagi Xerstalda yirik harbiy sanoat korxonasi joylashgan. Toshkoʻmir olinadi. Un-t, ba-diiy akademiya, konservatoriya, nafis sanʼat, arxeologiya va b. muzeylar bor. Shaharga 8-a. da asos solingan. 1830-y. gacha turli davlatlar tarkibida boʻlib keldi. Meʼmoriy yodgorliklardan 10 — 18-a. larda qurilgan sobor, cherkov, ratusha va saroylar saqlangan. Lyej yozuvchi J. Simenon vatani.

Ensiklopediya.uz
LYEJ