LUNDKVIST

LUNDKVIST

LUNDKVIST (Lundkvist) Artur Nils (1906.3.3, Jan. Shvetsiya, Oberyunga — ?) — shved yozuvchisi, jamoat arbobi. Shvetsiya akademiyasining aʼzosi (1968). «Harorat» (1928), «Oshkora hayot» (1929), «Qora shahar» (1930), «Oq tanli odam» (1932) sheʼriy toʻplamlarida hayot quvonchlarini kuylagan. Lundkvistning «Hayot koʻm-koʻk giyohga oʻxshaydi» (1954), «Soʻzlovchi daraxt» (1960) sheʼriy toʻplamlari, «Vindingdagi vals» (1956), «Ozod oʻqchining hayoti va oʻlimi» (1970), «Samo irodasi» (1971) romanlari, «Qorongʻi oʻrmon» (1967) novellalar toʻplami, «Oqar suvda koʻrganlaring» (1978) nomli nasriy sheʼrlari va b. asarlarida realistik tamoyillarning kuchayishi, ijtimoiy mavzularga qiziqish kuzatiladi. Chet el sayohatlari haqidagi kitoblar, tanqidchilik, publitsistikaga oid asarlar va tarjimalar Lundkvist ijodida muhim oʻrin egallaydi. Lundkvist 1952-y. da Toshkentga kelgan va Oʻzbekiston haqidagi hikoyalardan iborat «Toshkent lolalari» kitobini yozgan.

Ensiklopediya.uz
LUNDKVIST