LIZING
LIZING (ing. lease foydalanish) — mashina, asbob-uskuna, transport vositalari, i. ch. inshootlarini uzoq muddatli ijaraga olish; uzoq muddatli foydalaniladigan tovarlar eksportini kreditlashning shakllaridan biri. Lizingning, asosan, moliyaviy va oddiy turi bor. Moliyaviy Lizing — muayyan muddatga ijaraga beruvchining kapital xarajatlarini toʻliq qoplashga yetarli toʻlovlardan iborat boʻlib, mulk egasiga bir mikdor foyda ham beradi. Oddiy Lizing — ijara davrida ijaraga olingan mulk qisman amortizatsiyalanadi. Lizing kompaniyasi asbob-uskunalar sotib olib, ularni ijarachi firmaga, odatda 1 yildan 10—15 yilgacha ijaraga beradi. Lizingda ijarachining shartnoma muddati tugagandan soʻng asbob-uskunlarni qoldiq qiymati boʻyicha sotib olish (bu holda egalik huquqi yangi sohibga oʻtadi); yangi kelishuv asosida shartnoma muddatini choʻzish; moddiy boyliklarni Lizing kompaniyalariga qaytarish va b. koʻzda tutilishi mumkin. Tomonlar Lizing shartnomasida koʻrsatilgan davr mobaynida uni buzishga haqi yoʻq. Lizing kompaniyalari mashina va usku-nalar sotib olish uchun shaxsiy va qarzga olingan mablagʻlardan foydalanadilar. Davlat, odatda, ularga bankdan qarz olishlari uchun imtiyozli sharoitlar yaratib beradi.
Ensiklopediya.uz
LIZING