LIXTENSHTEYN
LIXTENSHTEYN (Liechtenstein), Lixtenshteyn Knyazligi (Furstentum Liechtenstein) — Markaziy Yevropadagi davlat (knyazlik). Reyn daryosining oʻng sohilida, Avstriya bilan Shveysariya orasida joylashgan. Mayd. 160 km2, aholisi 32,5 ming kishi (2001); koʻpchiligi lixtenshteynliklar (asli avstriyaliklar va shveysariyalik nemislar). Davlat tili — nemis tili. Hukmron dini — katolitsizm. Poytaxti — Vadus sh. Yirik shaharlari: Shan, Balsers, Trizen. Lixtenshteyn hududi maʼmuriy jihatdan 11 jamoaga boʻlinadi. Davlat tuzumi. Lixtenshteyn — konstitutsiyali monarxiya. Amaldagi konstitutsiyasi 1921-y. 5 okt. da kuchga kirgan (1938, 1939, 1965 va 1990-y. da oʻzgartirishlar kiritilgan). Davlat boshligʻi — knyaz (1990-y. dan knyaz Xans Adam II fon Lixtenshteyn). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni knyaz va bir palatali parlament (landtag), ijroiya hokimiyatni hukumat — bosh vazir, uning oʻrinbosari va 3 aʼzo amalga oshiradi.
Ensiklopediya.uz
LIXTENSHTEYN