LISENKO Nikolay Vitalyevich

LISENKO Nikolay Vitalyevich

LISENKO Nikolay Vitalyevich [1842.10(22). 3, Poltava viloyati —1912. 24.10 (6.11), Kiyev] — ukrain kompozitori, pianinochi, dirijyor, folklorshunos, jamoat arbobi. Milliy kompozitorlik maktabi asoschisi. Kiyev un-tini tugatgan (1865), Leypsig konservatoriyasida taʼlim olgan (1867 — 69). «Poltavalik Natalka» (1889), «Taras Bulba» (1890), «Eneida» (1910) asarlari Ukraina milliy operasining mumtoz namunalariga aylangan. Qoʻshiq, xor va kamer asarlari, ayniqsa, T. Shevchenkoning «Kobzar»iga musiqalari mashhur. Lisenko bir necha folklor ekspeditsiyalarni uyushtirib ukrain, serb, xorvat, makedon va b. xalq qoʻshiqlarini toʻplagan, chex, bolgar, turk xalq qoʻshiqlarini qayta ishlagan, ukrain xalq musiqasi (shu jumladan, milliy musiqa cholgʻulari) haqida ilmiy asarlar yozgan. Xor dirijyori sifatida ukrain va b. slavyan xalq qoʻshiqlarini, xor ijrochiligini targʻib qilgan. Kiyevda musiqiy-dramatik maktabi (1904; 1918-y. dan Lisenko nomidagi Musiqiydramatik in-t) ni tashkil qilgan. Urush yillari Muqimiy teatri Ukrain akademik teatri bilan hamkorlikda Lisenkoning «Polta-valik Natalka» operasini sahnalashtirdi.

Ensiklopediya.uz
LISENKO Nikolay Vitalyevich