Lipoma — sabablari, belgilari, turlari va davolash usullari haqida malumot

Lipoma — sabablari, belgilari, turlari va davolash usullari haqida malumot

Lipoma — yaxshi sifatli oʻsma, yogʻ toʻqimalaridan tuzilgan boʻlib, asosan terida, kam holatlarda esa sut bezi, bosh va orqa miyada ham hosil boʻladi. Oʻsma sekin astalik bilan oʻsadi va maliginizatsiyalanish ehtimoli ham kamroq. Lipoma juda keng tarqalgan oʻsma kasalligidir, statistika boʻyicha har yuz kishidan bittasida lipoma mavjud. Kasallik ayollar va erkaklarda teng nisbatda tarqalgan.

lipoma min

Lipoma nima?

Lipoma – ushlab koʻrilganda yumshoq, yumaloq shaklli, yogʻ hosilalari bilan toʻlgan, koʻpincha terida hosil boʻladigan yaxshi sifatli oʻsma. Xalq orasida lipoma “jirovik” nomi bilan ataladi. Koʻp holatlarda lipoma xavfsiz hisoblanadi. Lipoma teri osti yogʻ​ qavatida yoki yogʻ toʻqimalaridan shakllanadi. Shu sababli, lipoma tananing har qanday yogʻ saqlanadigan qismida hosil boʻlishi mumkin. Odatda insonlarda 1 yoki 2 dona lipoma hosil boʻladi, kamdan kam holatlarda koʻp sonli lipoma qayd etiladi va bu holat tarqoq lipomatoz deb ataladi, erkaklar orasida ayollarga nisbatan koʻproq tarqalgan.

Lipoma qanday koʻrinishga ega?

Teri ostidan sekin astalik bilan oʻsuvchi yumshoq hosila – odatda lipoma deb yuritiladi. Lipoma “sharcha” kabi boʻladi. Uning oʻlchami turli xilda boʻladi, noʻxat donasidan to koʻndalang oʻlchami bir necha santimetrgacha uchraydi. Lipoma ushlab koʻrilganda rezina kabi zich, yumshoq qattiqlikka ega.

Lipoma hosil boʻlish sabablari

Odatda lipoma oʻrta yoshdagi insonlarda 4- va 60 yoshlar oraligʻida kuzatiladi, bolalarda bu kasallik kam qayd etiladi. Lipoma paydo boʻlishining aniq sababi nomaʼlum. Ammo, ular quyidagi insonlarda koʻroq uchraydi:

  • Tugʻma kasallik – Kouden sindromi bilan kasallangan insonlar;
  • Gardner sindromi;
  • Madelung kasalligi.

Lipoma bir oila vakillarida uchrash ehtimoli yuqori, yaʼni moyillik nasliy taraflama beriladi. Semizlik lipomalar paydo boʻlishida hech qanday ahamiyat kasb etmaydi.

Klassifikatsiya

Anatomik jihatdan lipomalar bir necha guruhga boʻlinadi:

  • Bosh, yuz, boʻyin lipomalari;
  • Gavda lipomasi – bel, qorin sohasida;
  • Qoʻl, oyoq qismlaridagi lipomalar;
  • Koʻkrak qafasi lipomalari;
  • Qorin boʻshligʻi aʼzolari lipomalari;
  • Urugʻ tizimchasidagi lipomalar;
  • Boshqa sohalardagi lipomalar.

Lipoma belgilari

Lipoma sekin astalik bilan oʻsib boradi va spetsifik belgilar yuzaga keltirmaydi, faqatgina teri sathida shish hosil boʻladi. Ichki lipomalar odatda sezilmaydi yaʼni simptomlarsiz kechadi.

Sut bezi lipomasi

Sut bezi lipomasi odatda menopauza, yaʼni klimaks davridan keyingi yoshdagi ayollarda yuzaga keladi. Uning oʻlchami 1 sm boʻlib, ogʻirligi bir necha grammgacha boʻlishi mumkin. 5 sm.dan katta boʻlgan va ogʻirligi 500 gr dan yuqori boʻlgan lipoma gigant lipoma deb ataladi.

Sut bezi lipomasi belgilari

  • Ogʻriq boʻlmasligi;
  • Ushlab koʻrganda yumshoq boʻlishi;
  • Teridan ajralib chiqib turmaydi yaʼni hosila atrof toʻqimalar bilan qoʻshilib ketadi va teri ostidan boʻrtib chiqib turmaydi.
  • Odatda lipoma sut bezlari oʻrtasida aniq sezilmaydi, ayollar profilaktik maqsadda UTT (UZI) tekshiruvi yoki mammografiya vaqtida tasodifan aniqlanadi.
  • Sut bezi lipomasi kamdan kam holatlarda sut bezi saratonini keltirib chiqaradi, shu sababli lipomaning yomon sifatli oʻsmaga aylanish xavfi deyarli yoʻq.

Bosh va orqa miya lipomasi

Bosh miya lipomasi tasodifan aniqlanadi, katta yoshli insonlarda boshqa kasallik diagnostikasida bosh miya MRT yoki KT tekshiruvlari oʻtkazilganda lipoma borligi ham koʻrinadi. Lipoma bosh miyaning har qanday qismida hosil boʻlishi mumkin, 50 % holatlarda perikalozal lipoma, 25 % holatlarda kvadrigimenal isterna va 15 % suprasellyar sisterna uchraydi.

Bosh miya lipomalari ham deyarli simptomlar yuzaga keltirmaydi. Jarrohlik amaliyoti yoʻli bilan lipomalarni olib tashlash katta xavf va aytarli samara bermaydi. Agar gidrosefaliya yoki talvasa sindromi yuzaga chiqadigan boʻlsa, davo muolajalari tartib boʻyicha davom etadi.

Orqa miya lipomasi. Orqa miya lipomasi orqa miyada uchraydigan barcha oʻsma kasalliklarining 35 % qismini tashkil etadi va koʻproq qiz bolalarda uchraydi.

Orqa miya lipomasi bir necha klinik turlarga boʻlinadi:

Lipomiyelomeningosele. Bu tugʻma patologiya boʻlib, yogʻli hosila umurtqa boʻylab joylashadi va orqa miya kanaliga kirib turadi, orqa miya bilan bogʻliq boʻladi. Bu lipoma tashqi koʻrinishidan umurtqa ortidagi sharchaga oʻxshaydi. Koʻpchilik bemorlarda lipoma belgisi peshob tuta olmaslikdir. Davolash faqat jarrohlik amaliyoti bilan amalga oshiriladi.

Terminal tola lipomasi. Bunda lipoma orqa miya oxirgi qismidagi tolada hosil boʻladi. Bu kabi kasallik kam uchraydi, jarrohlik yoʻli bilan davolanadi, yuqoridagi turidan koʻra xavfsizroq.

Orqa miya lipomasi (intradural). Juda kam uchraydi, koʻpincha bolalar koʻkrak umurtqalar sohasida aniqlanadi, bunda teri yoki suyaklar tizimida hech qanday oʻzgarishlar boʻlmaydi. Agar oʻlchami kattalashadigan boʻlsa orqa miyani ezishi mumkin va shunga xos boʻlgan belgilar yuzaga chiqadi. Bu turdagi lipoma haqida fanda maʼlumotlar juda kam.

Epidural lipomatoz. Epidural sohada ortiqcha yogʻ sintezlanishi natijasida kelib chiqadigan kasallik. Epidural boʻshliq bu – umurtqa kanali va orqa miya qattiq pardasi oraligʻidagi boʻshliqdir. Bu kabi lipoma Kushing sindromi, ogʻir semizlik, glyukokortikoidlar qabul qilish natijasida kelib chiqadi. Davosi semizlikni bartaraf etish hamda gormonal preparatlar qabul qilishni toʻxtatish.

Angiomiolipoma. Qon tomirlarga boy boʻlgan va yogʻ toʻqimalaridan iborat boʻlgan hosila. Koʻpincha bel umurtqalari sohasida yoki koʻkrak umurtqalarida aniqlanadi. Bir umurtqa tanasida paydo boʻladi, ogʻriq simptomi bilan yuzaga chiqishi mumkin, bunga sabab umurtqa disklari orasidan oʻtayotgan nerv tolalarining ezilishidir.

Lipoma 30-40 yoshdagi insonlarda koʻproq uchraydi. Agar hosila oʻlchami kattalashib borsa va nerv tolalarini ezib qoʻysa – punksion vertebraplastika amaliyoti oʻtkaziladi. Baʼzida angiomyolipoma buyraklarda aniqlanadi. Katta boʻlmagan (1-1,5 sm) oʻlchamdagi hosila davo talab etmaydi, shunchaki vaqti vaqti bilan UTT (UZI) yordamida tekshirib turiladi.

Lipoma diagnostikasi

Teri ostida hosil boʻlgan lipoma palpatsiya usuli bilan oson aniqlanadi. Organizmi ichki qismlaridagi lipoma UTT (UZI), MRT, rentgenografiya usullari yordamida tekshiriladi. Tashxis qoʻyishda qiyinchiliklar yuzaga kelsa biopsiya olinadi va mikroskop ostida kuzatiladi.

lipoma nima min

Qaysi shifokorga murojaat etish kerak?

Lipoma organizmning har qanday qismida hosil boʻlishi mumkin, shu sababli kasallikni turli yoʻnalishdagi shifokorlar davolashi mumkin. Bu albatta lipomaning joylashgan sohasiga bogʻliq boʻladi. Teri sohasida hosil boʻlgan lipoma dermatolog va jarroh tomonidan davolanadi. Sut bezlarida paydo boʻlgan lipoma esa mammologlar tomonidan, bosh yoki orqa miyada hosil boʻlgan lipoma esa neyroxirurglar tomonidan davolanadi.

Ateroma lipomadan qanday farqlanadi?

Lipoma yogʻ toʻqimalaridan tuzilgan hosiladir, ateroma esa yogʻ bezlari sekretidan yaʼni bez yoʻllarining yopilib qolishi natijasida hosil boʻladi. Ateroma yogʻ bezlari yoʻq sohalarda paydo boʻlmaydi yaʼni oʻpka, miya, qorin boʻshligʻi, urugʻ tizimchasi va boshqalar.

Ateroma koʻpincha boshning sochli qismida hosil boʻladi, yiringlash va yalligʻlanishga moyil, yuza joylashadi. Ateromaning yalligʻlanishida oʻlchami kattalashadi, qizarish belgilari paydo boʻladi, bu kabi oʻzgarishlar lipomada kuzatilmaydi. Bemorda ateroma yoki lipoma hosil boʻlganligini aniqlash maqsadida UTT (UZI) tekshiruvi oʻtkaziladi.

Davolash

Agar lipoma ogʻriqsiz va katta oʻlchamda boʻlmasa davo talab etmaydi. Sut bezlari lipomasi odatda kuzatiladi. Buning uchun har 6 oyda mammografiya tekshiruvi oʻtkazilib turiladi, agar hosil oʻlchami kattalashmasa uni olib tashlash talab etilmaydi.

Lipomani olib tashlash kerakmi?

Lipoma quyidagi holatlarda olib tashlanadi:

  • Nerv oxirlarini ezib qoʻysa;
  • Diskomfort tugʻdirsa;
  • Oʻlchami yoki konsistensiyasi oʻzgarsa;
  • Olib tashlangandan soʻng qayta hosil boʻlsa;
  • Oʻsishda davom etsa.

Lipomani olib tashlashdan oldin kortikosteroidlar yuboriladi, bu oʻsma oʻlchami kichrayishiga yordam beradi.

Jarrohlik usullari

Lipomani olib tashlashda quyidagi usullar oʻtkaziladi:

Jarrohlik yoʻli: mahalliy ogʻriqsizlantirish orqali lipomani skalpel yordamida kesib olish va jarohat joyini tikish;

Liposaksiya: lipoma ichiga igna yordamida kiriladi va ichidagi tuzilmalar soʻrib olinadi;

Lipomani lazer yordamida olib tashlash: bu usul 3 sm.dan katta oʻlchamdagi lipomalarni olib tashlash uchun oʻtkaziladi. Jarrohlik amaliyotida sogʻlom toʻqimalar jarohatlanishi va qon ketish xavfi juda kam.

Lazer yordamida olib tashlangandan soʻng, uning oʻrnida chandiq hosil boʻlmaydi.

Lipomani xalq tabobati yordamida davolab boʻlmaydi, lipoma hosil boʻlgan sohaga muz qoʻyish yoki qizdirish, turli xil oʻsimliklardan tayyorlangan mazlar surishning sezilarli samarasi yoʻq, bu moddalar yogʻ toʻqimalariga hech qanday taʼsir koʻrsatmaydi.

Profilaktika

Lipoma hosil boʻlishiga olib keluvchi aniq bir sabab boʻlmaganligi bois profilaktikada ham aniq bir chora tadbirlar mavjud emas. Xavfni kamaytirish maqsadida tana vaznini meʼyorda ushlab turishning oʻzi kifoya.

Kasalliklar
belgilari, Lipoma — sabablari, turlari va davolash usullari