Lev Davidovich Landau

Lev Davidovich Landau

Lev Davidovich Landau

(1908-1968)

lev davidovich landau 660eebe882a6a

Lev Davidovich Landau 1908-yilning 22-yanvar sanasida Ozarbayjonning Boku shahrida tug‘ilgan. Uning otasi mahalliy korxonalarning birida neftchi-muhandis, onasi esa vrach bo‘lib ishlagan.

o‘zining bolalik yillari haqida eslaganda Landau «hamma qatori bola edim, vunderkind bo‘lmaganman. Insho yozganimda eng yuqori olgan baho 3 bo‘lgan. Matematikaga qiziqardim. Barcha nazariyotchi fiziklar ilm-fanga matematika orqali kirib kelishadi. Men ham istisno emasman. 12 yoshimda differensiallashni, 13 yoshimda esa integrallashni bilardim» — degan edi.

Albatta, ushbu xotiralarida Lev Landau olimlarga xos tarzda kamtarlik qilgan. U o‘rta maktabda shu darajada yaxshi o‘qiganki, o‘zlashtirishda tengqurlaridan o‘zib ketganidan, uni juda tez sinfdan-sinfga o‘tkazishgan. Lev Landau 13-yoshidayoq maktabni a’lo baholar bilan tamomlagan. Biroq, o‘spirin yoshdagi farzandlarini oliygohda qiynalib qolishidan cho‘chigan ota-onasi uni o‘sha yiliyoq oliy o‘quv yurtiga kirishini istashmagan. Shu sababli Landau dastlab Boku iqtisodiyot bilim yurtiga kirib o‘qiy boshlagan.

1922-yilda Landau Boku universitetiga o‘qishga kiradi va fizika va kimyo bo‘yicha chuqur bilim ola boshlaydi. Ikki yildan so‘ng u o‘qishini Leningrad universitetining fizika fakultetiga ko‘chirib o‘tadi. Landau endigina 19 yoshga kirgan paytda allaqachon 4 ta ilmiy ishlarni nashr ettirgan, yosh va iste’dodli talaba sifatida nom qozonib bo‘lgandi. Xususan, uning chop ettirgan maqolalaridan birida kvant energetik holatlarini ifodalash uchun zichlik matritsalarini qo‘llangan bo‘lib, bu o‘sha zamon ilm-fani uchun mutlaqo yangilik edi. Zichlik matritsalari hozirda ham kvant mexanikasi sohasida keng qo‘llanadi va ushbu matematik ifodani o‘sha paytda atiga 19 yoshli talaba ishlab chiqqani hammani hayratda qoldirgandi.

1927-yilda universitetni tamomlagach, Lev Landau Leningrad fizika-texnika institutiga aspiranturaga kiradi va elektronning magnit nazariyasi hamda, kvant elektrodinamikasi yuzasidan ilmiy tadqiqotlar o‘tkaza boshlaydi.

Shuningdek, o‘sha davr haqida eslaganda Lev Davidovich, fizika bo‘yicha har qanday ilmiy manbaga tashnalik bilan sho‘ng‘igani, ayniqsa, endi-endi tug‘ilib, shakllanib kelayotgan yangi yo‘nalish -kvant mexanikasi bo‘yicha e’lon qilingan har qanday maqolalarni qunt va ixlos bilan o‘qiganini yodga olgan. Landau -kvant mexanikasi, ya’ni, mikrodunyoga oid nazariyani shakllantirayotgan mualliflarning ilmiy maqolalarini «siyohi qurimay turib» o‘qiganligi bilan faxrlangan.

Landauning talabalik va aspirantlik yillarida atrofida o‘zi bilan hamfikr va ayniqsa ilmiy qiziqishlari o‘xshash bo‘lgan kuchli bilimli do‘stlari yig‘ilgan. U bilan birga tahsil olgan yaqin hamfikr do‘stlari ham keyinchalik yetuk nazariyotchi fiziklar bo‘lib yetishishgan. Ular ichida Landauning o‘zidan tashqari Gamov va Ivanenko singari bo‘lajak olimlarni qayd etish joiz. Keyinchalik ushbu guruhga Bronshteyn kelib qo‘shilgan va ajoyib to‘rtlik ilm-fanning eng o‘tkir, nozik masalalari yuzasidan izlanishlar olib borishgan.

Ushbu to‘rtlikning a’zolari o‘zlarini o‘zlari «Jazz to‘dasi» deb atashardi. Do‘stlari esa Landauni shunchaki «Dau» deb, taxallus bilan chaqirishardi va bunday qisqa nom olimning o‘ziga ham juda yoqardi. Keyinchalik, Landauning barcha yaqinlari va shu jumladan shogirdlari ham Dau deb chaqira boshlashgan.

Aspirant Lev Landauning iqtidori tez orada universitet rahbariyatining va ular orqali mamlakat akademik doiralarining nazariga tushadi. Uni zamonaviy ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha puxta ilm egallashini ta’minlash maqsadida, ustozlari Yevropaning eng nufuzli ilmiy dargohlarida malaka oshirish uchun yuborishgan. Xususan, Lev Landau 1929-1931 yillar davomida Germaniya, Shveytsariya, Gollandiya va Daniya mamlakatlarida xizmat safarida bo‘lib, ushbu davlatlarning eng nufuzli olimlari bilan yaqin ilmiy hamkorliklar o‘rnatgan va eng ilg‘or laboratoriyalarida tajribalarda ishtirok etgan. Safar mobaynida u o‘sha zamon ilm-fanining, xususan o‘zi qiziqqan fan sohasi -kvant mexanikasining eng yetuk mutaxassis olimlari bilan, aytish mumkinki, ilm-fan darg‘alari bilan uchrashib, ulardan bilim olgan. Masalan, Landau kvant mexanikasining asoschilaridan bo‘lmish Verner Geyzenberg va Volfgang Pauli bilan uchrashgan. Ilmiy-ijodiy safarining asosiy qismini Dau Daniya poytaxti Kopengagenda o‘tkazgan. U mashhur fizik olim Nils Borning qo‘l ostida ilm olishga qaror qilgandi. Bu paytga kelib Nils Bor instituti jahon nazariy fizika markaziga aylangan bo‘lib, deyarli barcha nazariyotchi fiziklar ushbu shaharga talpinishgan. Kopengagenda nazariy fizikaning juda turli-tuman muammolari yuzasidan kuchli jamoaviy izlanishlar olib borilgan va tadqiqotlarning deyarli barchasiga Nils Bor rahbarlik qilgan. Landau o‘sha yillaridayoq Nils Bor bilan nafaqat ustoz-shogird sifatida, balki, insoniylik nuqtai nazaridan ham juda yaqin do‘stona munosabatlar o‘rnatgan bo‘lib, hayotining so‘nggi kunlarigacha Dau, Nils Borni o‘zi uchun otasidek ulug‘ shaxs sifatida nihoyatda qadrlagan. Bor haqida eslar ekan, Landau «u bilan har safargi yuz ko‘rishishni sabrsizlik bilan kutardim va unga yuzlangan paytim men uchun bayramdek bo‘lib ketardi» -degan edi.

Xorijdalik paytida Landau Ronald Payerls bilan birgalikda relyatvistik kvant mexanikasiga oid tadqiqotlarni boshlagan bo‘lib, aniqroq aytadigan bo‘lsak, u erkin elektronlarning magnit xossalarini o‘rganishga kirishgan. Ularning mazkur sohada qayd etgan yuksak ilmiy natijalari tufayli tez orada Lev Landau butun jahon fiziklari orasida tanila boshladi. Mazkur ilmiy ish asnosida Landau murakkab nazariy tizimlar bilan ishlashda diqqat qaratilishi lozim bo‘lgan asosiy jihatlarni yaxshi o‘zlashtirib olgan edi va ushbu ko‘nikmalar uning keyingi barcha ilmiy izlanishlarida, jumladan, o‘ta past haroratlar fizikasi sohasidagi tadqiqotlarida juda asqotgan.

1931-yilda Landau Leningradga qaytadi, lekin uni ko‘p o‘tmay, Ukrainaning o‘sha paytdagi poytaxti -Xarkovga yuborishadi. Uni Ukraina fizika-texnika institutining nazariyot bo‘limi boshlig‘i sifatida tayinlashgan. Shuningdek, Landauning zimmasiga bir vaqtning o‘zida Xarkov muhandislik-mexanika institutining nazariy fizika kafedrasiga, hamda, Xarkov universitetining nazariy fizika kafedrasiga rahbarlik qilish vazifasi yuklatilgan.

1934-yilda Lev Landauga hech qanday dissertatsiya himoyasisiz va boshqa rasmiyatchiliklardan holi ravishda fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasi beriladi. 1935-yilda esa u professor maqomiga ham erishadi.

Xarkovdagi faoliyati davomida Landau muallifligida nazariy fizikaning nihoyatda turli-tuman yo‘nalishlariga taalluqli o‘nlab ilmiy ishlari e’lon qilingan. Chunonchi, uning qalamiga mansub ilmiy ishlarda, yulduzlardagi energiyaning paydo bo‘lishi, yadroviy energiya nazariyasi, tovush dispersiyasi, energiya uzatish texnologiyalari, yorug‘likning sinishi, materiallarning magnit xossalari, o‘ta o‘tkazuvchanlik, faza o‘tishlari, hamda, elektr zaryadiga ega zarralar oqimining harakatiga taalluqli ilmiy ishlar o‘sha payda nafaqat sobiq ittifoqda, balki, butun Yevropada yuksak e’tirofga sazovor bo‘lgan. Ushbu ilmiy ishlaridan keyin Landauning fizik olim sifatida obro‘si keskin oshib ketadi va u butun dunyo taniydigan, tan olingan olimga aylanadi.

Landauning ayniqsa o‘zaro elektr ta’siriga ega zarralar tabiati yuzasidan bajargan ilmiy ishlari plazma fizikasi uchun juda foydali bo‘lib chiqdi. Shuningdek, Landauning termodinamika qonunlaridan keltirib chiqargan ayrim muhim xulosalari o‘ta past haroratli sistemalardagi jarayonlarning mohiyatini tushunib yetishda katta xizmat qildi. Shuningdek u kvant nazariyasining elementar zarralarning tabiatini o‘rganish va ularning o‘zaro ta’siriga oid tafsilotlarni tekshirish bo‘yicha amalga oshirgan ilmiy ishlari ham ushbu soha rivojiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan.

Hamkasblari Landauning ilmiy yondoshuvlaridagi bir muhim jihatiga havas qilishardi: qanday murakkablikdagi masala bo‘lmasin, barchasida olimning nihoyatda nozik did va ustalik bilan qo‘llagan matematik mahorati sezilib turadi. Uning hisob-kitoblarida va mulohazalarida kutilmagan matematik ifoda o‘zgartirishlari va shakl almashtirishlaridan hayratlanmaslikning iloji yo‘q.

Landauning nazariy fizikaning deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab oluvchi juda keng miqyosli tadqiqotlar ko‘lami tez orada unga shogird tushmoqchi bo‘lgan yosh ilmiy tadqiqotchilar sonining keskin ortishiga olib keldi. Butun sobiq ittifoqdan iste’dodli talaba va izlanuvchilar Landaudan bilim olish maqsadida Xarkovga oqib kela boshladi. Natijada Lev Davidovich Landau atrofida Xarkovda juda kuchli nazariy fizika va matematika maktabi shakllana boshladi. Uning qo‘l ostida ishlagan shogirdlari ham keyinchalik juda kuchli olimlar bo‘lib yetishib chiqa boshlashdi. Xususan, Landauning eng iqtidorli shogirdlaridan biri va keyinchalik uning yaqin do‘stiga aylanib qolgan ilmiy hamkori -Yevgeniy Mixaylovich Lifshits shular jumlasidandir. Lo‘nda qilib aytganda, Landau atrofida shakllangan kuchli ilmiy maktab, Xarkovni butun SSSRning yetakchi ilmiy markaziga aylantirdi. Shunisi qiziqki, nafaqat sobiq ittifoqning, balki, butun Yevropaning eng kuchli ilmiy maktablaridan biri bo‘lgan Landau maktabi XX-asrning 30-yillarida shakllangan bo‘lib, bu payda uning asoschisi -Lev Davidovichning o‘zi hali 30 yoshga to‘lmagan edi. Uning shogirdlari ham asosan o‘zi bilan tengdosh yoshlar bo‘lib, shu sababli, ustoz va shogirdlarning aksariyati bir-biri bilan yaqin do‘st ham bo‘lishgan. Shunga ko‘ra, bu dargohda Dau va uning shogirdlarining bir-birini sensirab gapirishiga hayron qolmasa ham bo‘laverardi.

Landau maktabi sovet tuzumidagi har qanday muassasada mavjud bo‘lgan ma’muriy buyruqbozlik va oktyabr inqilobi g‘oyalarini muttasil tashviqotchilik qiladigan, asl ilm-fandan yiroq ikkilamchi elementlardan holi erkin ilmiy jamiyat sifatida ham qiziq edi. Olim o‘sha zamon uchun odatiy hol bo‘lgan narsa -kishilarning ijtimoiy kelib chiqishi va partiyaviyligi singari belgilarga qarab odam ajratishdek bo‘lmag‘ur rasmiyatchilik va ma’muriy to‘siqlardan holi, erkin ilmiy muhit barpo qilgandi. Landau qo‘l ostida ilm olishni va ishlashni istagan shaxslarga faqat bitta, yagona talab qo‘yilardi: shogirdlikka da’vogar shaxs Landauning o‘ziga yoki, uning ishongan vakolatli yordamchisiga mutlaqo ilmiy savollardan iborat bo‘lgan «Landau nazariy minimumini» topshirishi kerak bo‘lgan.

Landau nazariy minimumi esa talabalar uchun xuddi alpinistlarning cho‘qqini zabt etgani singari qiyin vazifa edi. Lifshitsning xotirlashicha, 1934-yildan e’tiboran Lev Landau o‘zi belgilagan nazariy minimumni topshirishni uddalagan talabalarning ro‘yxatini shaxsan yurita boshlagan ekan. Landau minimumining qanchalik murakkab bo‘lganini tasavvur qilish uchun shu faktni yodga olish kifoyaki, 1962-yilning yanvariga kelib, Dauning shaxsiy ro‘yxatida, uning nazariy minimumumini muvaffaqiyat bilan (yoki, qoniqarli darajada) topshira olgan shaxslar soni atiga 40 nafar bo‘lgan xolos. Ya’ni, 28-yilda atiga 40 nafar shaxs «Landau nazariy minimumi»ni topshira olgan xolos!

Landau o‘zi talab qilayotgan nazariy minimumga mos ravishda, har qanday nazariyotchi-fizik talaba o‘zlashtirishi shart bo‘lgan bilimlarning ham nazariy minimumi to‘plaminini ham ishlab chiqqan. Uning nazarida, talaba o‘zlashtirishi shart bo‘lgan eng qisqa nazariy fizika kursi 1935-yildan boshlab olimning o‘zi va yaqin shogirdi Lifshits hammuallifligida qalin jildli o‘quv qo‘llanmalari seriyasi sifatida chop etib borilgan. Landau va Lifshits muallifligidagi mazkur nazariy fizika kursi keyinchalik yillar davomida muttasil to‘ldirib, takomillashtirib qayta-qayta nashr etilgan bo‘lib, ushbu kitoblar hozirda ham nazariy fizika kursi bo‘yicha eng mukammal mumtoz asarlar sirasida, butun MDH mamlakatlari va jahonning ko‘plab davlatlarining fan-texnika yo‘nalishidagi oliygohlarida juda qadrlanadi. Landau nazariy fizika kursi texnika oliygohlari va nazariy fizika kursi o‘tiladigan har qanday oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun o‘ziga xos «muqaddas kitob»ga aylangan (majoziy ma’noda albatta). Ushbu kitoblar seriyasi jahonning ko‘plab tillariga tarjima qilingan bo‘lib, haqiqatan ham, o‘zida nazariy fizikaning deyarli barcha masalalarini qamrab olganligi bilan kishini hayratga soladi.

Ushbu bayon qilingan ma’lumotlarni o‘qib, Landau va uning ilmiy jamoasi tinimsiz, muttasil ravishda faqat fan bilan mashg‘ul bo‘lishgan shekilli degan tasavvur uyg‘onishi tabiiy. Haqiqatan ham, bunchalik samarador ishlash uchun olim tinimsiz kutubxonalarda izlangan; laboratoriyalarda ham ilmiy tajribalar bilan ko‘p vaqtini o‘tkazgan. Lekin, Landau o‘zi sevgan ishi bilan berilib shug‘ullanishdan tashqari, maroqli hordiq chiqarish va kezi kelganda, ishdan chalg‘ib, miyaga va tanaga dam berishni ham qoyillatgan. U faol hordiq chiqarishni yaxshi ko‘rgan. Xususan, dam olish paytlarida Dauni do‘stlari bilan tennis o‘ynayotganini, yoki, spektakllar sahnalashtirib, havaskor qo‘shiqchilik qilib, ashulalar aytib yurganini kuzatish mumkin edi. U o‘zi ham mansub bo‘lgan «Jazz to‘dasi» bilan birga, boshqa do‘stlarini ham jalb etgan holda maskarad oqshomlari uyushtirib, xullas, o‘z yoshiga mos ravishda ko‘ngilochar tadbirlarda faol ishtirok etgan. Uni bunday oqshomlarda ko‘rgan odam, ozg‘ingina quvnoq va xushchaqchaq ushbu yigitcha -butun Yevropada tan olingan olim, fan nomzodi va professor ekanini eshitsa, yoqa ushlab qolishi ajablanarli emasdi.

Yaqin do‘stlari Landauni «oriq Arslon» deb hazillashishgan (Lev ismining ma’nosi -sher, arslon degani). Sababi, Landau juda ozg‘in tana tuzilishi bilan ajralib turgan. o‘zi ham o‘z oriqligini hazilga olib, ba’zan «Menga nisbatan «tana tuzilishi» emas, balki «tana buzilishi» iborasini qo‘llash kerak» — der edi. U tennis o‘ynayotganda, raketkani g‘alati tarzda ushlab turardi va bu holat ko‘pchilikning kulgisini qistatar edi. Shunga qaramay, Landau jismonan chaqqon ba faol odam bo‘lgan. Oriqligi -uni yaqqol tanitib turadigan alohida jihatlaridan biri bo‘lgan.

Shaxsiy fazilatlari haqida gapirganda Landauni yaqindan tanigan insonlarning hamma-hammasi birinchi navbatda uning juda halol odam bo‘lganini eslashadi. U ilm-fanda g‘araz va adovatga o‘rin yo‘q deb hisoblardi va iflos yo‘llar bilan ilmiy karyera qilmoqchi bo‘lgan, ilmni siyosat bilan, ayniqsa, partiya va inqilob bilan bog‘lab talqin qiladigan psevdo-olimlarga chiday olmasdi. U bunday shaxslar bilan keskin va murosasiz muomalada bo‘lgani sababli, o‘ziga nisbatan g‘ayrligi bo‘lgan raqiblar ham orttirib olgan.

Xarkovda Landau bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Konkordiya Drobantseva bilan tanishadi. Konkordiya Drobantseva Xarkov qandolat fabrikasida muhandis-texnolog bo‘lib ishlagan. Uni Landau erkalatib Kora deb chaqirgan. Dau va Kora 1937-yilda turmush qurishgan. 1946-yilda ularning oilasida o‘g‘il farzand dunyoga kelgan. Lanaduning o‘g‘i Igor ham keyinchalik fizik olim bo‘lib yetishgan.

Dau va unga hamfikr bo‘lgan yaqin do‘stlarining sovet tuzumi siyosiy targ‘ibotchilari va ular tomonidan miyasiga ishlov berilgan psevdo-olimlar bilan murosasizligi sekin-asta katta mojaroga aylanib keta boshladi. o‘sha paytlari SSSRda istibdod va zulm nihoyatda avj olgan bo‘lib, butun mamlakat bo‘ylab ilmli, ziyoli kishilarni «quloq» (GULAG) qilish avj olgandi. Bunday sharoitda esa, g‘arazli kimsalarning biror shaxs ustidan yozgan birgina anonim yumaloq xati bilan ancha-muncha ziyoli odamlarni surgun qilish, yoki shunchaki yo‘q qilib yuborish hech gap emasdi. Axir tashqarida -mustabid tuzum ildiz otib borayotgan payt…

Shunday kunlarning birida Landau va uning do‘stlari uchun ham mash’um xabarlar yetib keldi. Ular «aralashib qolgan ishlar» uchun olimni va uning shogirdlarini ta’qibga ola boshlashdi. Tahlikali bir sharoitda Landau o‘zi va oilasining xavfsizligini ta’minlash uchun Xarkovni tashlab, poytaxt -Moskvaga yo‘l olishga qaror qiladi. Uni Moskva fizika masalalari Institutida yangi tashkil qilingan nazariy fizika kafedrasiga boshchilik qilish uchun akademik Pyotr Kapitsa shaxsan taklif etgandi. Yuqorida aytib o‘tilgan noxushliklar eshik qoqib turgan paytda bu taklif Landauga ayni muddao bo‘lgan va u o‘zi uchun jonajon bo‘lib qolgan Xarkov ilmiy muhitini tashlab, Moskvaga ko‘chib o‘tgan. Lekin, uni orqasidan yozilgan «yumaloq xat» baribir o‘z kuchini ko‘rsatadi va ko‘p o‘tmay, olimni Germaniya foydasiga josuslik qilganlikda ayblab hibsga olishadi. Endi uni ham ko‘plab ziyoli va ma’rifatparvarlar singari, sovuq Sibirga surgun qilinishi, yoki, qamoqda azob berilishi tayin edi. Biroq, vaziyatga Pyotr Kapitsa shaxsan aralashib, Kremldagi korchalonlar va davlat rahbarining oldiga bir necha o‘n marotabadan qatnab, Landauning aybsiz ekanini isbotlab beradi va uni hibsdan ozod etilishiga erishadi. Kapitsaning jonbozligi tufayli, XX asrning yana bir yetuk olimi ahmoqona quloq siyosati qurboniga aylanishining oldi olingan edi.

Landau Xarkovdan Moskvaga ko‘chib o‘tgan paytda, uni taklif qilgan olim Kapitsa suyuq geliy bilan tajribalar olib borayotgan bo‘lgan. Aniqlanishicha, gaz holatidagi geliyni 4,2 K haroratgacha sovutilsa u suyuq holatga o‘tar ekan. Bunday holatdagi geliyni olimlar «geliy-1» deb yuritishadi. Agar uni yanada sovitib, haroratni 2,17 K gacha pasaytirilsa, geliy «geliy-2» deb yuritiladigan suyuq holatga o‘tadi. Geliy-2 juda g‘alati, qiziq fizik xossalarga ega bo‘ladi. Masalan, geliy-2 juda mayda, ingichka tor tirqishlardan ham shunday yengillik bilan o‘tib ketadiki, go‘yoki u hech qanday qovushqoqlikka ega emasdek taassurot uyg‘onadi. Shuningdek, geliy-2 idish devorlari bo‘ylab yuqoriga harakatlana boshlaydi va xuddi unga gravitatsiya tortish kuchi ta’sir qilmayotgandek ko‘rinadi. Eng qizig‘i esa, o‘zi atiga 2,17 K haroratda bo‘lgan geliy-2, hatto misnikidan ham yaxshi issiqlik o‘tkazuvchanlikka ega bo‘ladi. Kapitsa bunday geliyni «o‘ta oquvchan suyuqlik» deb atagan edi. Shu tarzda, fizikada o‘ta oquvchanlik hodisasi deb nomlangan fenomen o‘rganilishni boshlangan.

Biroq, standart usullar bilan o‘lchash ishlarini bajarishning o‘ziyoq, geliy-2 ning qovushqoqligi nolga teng emasligini ko‘rsatib berdi. Shunda olimlar geliy-2 ning bu tarzdagi g‘alati xossalari kvant nazariyasiga taalluqli effektlar bilan bog‘liq ekani haqidagi taxminlarni bildira boshlashdi. Aksariyat boshqa moddalar allaqachon muzlab, ya’ni, qattiq holatga o‘tadigan bunday sharoitlarda, ya’ni, mutlaq nolga yaqin haroratlar geliyning o‘zini bunday tutishi mumtoz fizika tushunchalari bilan izohlab bo‘lmaydigan, aksincha, kvant mexanikasi vositasida tekshirilish lozim bo‘lgan fenomen edi.

Haqiqatan ham, tabiatdagi moddalar ichida geliy o‘ziga xos alohida istisnoli o‘rin tutadi. Agar geliyni yuqori bosim ostida ushlab turilsa, u mutlaq nol haroratga maksimal yaqin haroratlarda ham suyuqligicha qolaveradi.

1938-yilda fizik Laslo Tissa suyuq geliy aslida geliyning ikkita shakli, ya’ni, geliy-1 (oddiy suyuqlik) va geliy-2 (o‘ta oquvchan suyuqlik) ning aralashmasidan iborat ekani haqidagi g‘oyani o‘rtaga tashladi. Uning fikricha, harorat mutlaq nolga yaqinlashib borgan sari, suyuq geliydagi oddiy suyuqlik, ya’ni, geliy-1 o‘zining xossalarini yo‘qotib boradi va aksincha, o‘ta oquvchan geliy-2 asosiy o‘ringa chiqib boradi. Tissaning mazkur gipotezasi orqali olimlar nima sababdan suyuqliklar har xil sharoitlarda turlicha qovushqoqlikka ega bo‘lishi haqida tushunchaga ega bo‘lib oldilar.

o‘ta oquvchanlik hodisasini tushuntirish uchun Landau mutlaqo yangicha yondoshuv va matematik apparatni qo‘lladi. Bu payda boshqa tadqiqotchilar alohida holda olingan atomlarning kvant holatlarini tekshirish orqali masalani o‘rganayotgan edilar. Dau esa butun suyuqlik hajmining kvant holatini tekshirib chiqishga qaror qildi. U o‘ta oquvchanlikda moddani harakatlanishi, yoki, qo‘zg‘alishi uchun ta’sir qiladigan ikkita omil mavjudligini taxmin qilgan. Ulardan biri -energiya va impulsning kichik qiymatlarida tovush to‘lqinlarining nisbatan to‘g‘ri chiziqli tarqalishini ifodalovchi fononlar omili bo‘lsa; ikkinchisi -impuls va energiyaning yuqori qiymatlarida yuzaga keladigan qo‘zg‘alishlarni, ya’ni, aylanma-burama harakatlarni ifodalovchi rotonlar omili edi.

Shunga ko‘ra, Landau suyuq geliyni — o‘ta oquvchan «fon»ga cho‘ktirilgan oddiy suyuq geliy sifatida qarash to‘g‘ri bo‘ladi degan tasdiqni keltirgan. Uning fikricha, suyuq geliy bilan o‘ta past haroratlarda kuzatilayotgan o‘ta oquvchanlik hodisasi fononlar va rotonlarning umumiy o‘zaro ta’siri natijasidir. Odatiy va o‘ta oquvchan omillarning o‘zaro nisbati esa haroratga bog‘liq. Masalan, 1 K dan yuqori haroratlarda rotonlar asosiy omil bo‘ladi; 0,6 K dan past haroratlarda esa fononlar asosiy bo‘ladi.

Landauning ushbu nazariyasi va uning keyinchalik takomillashtirilishi shunchaki geliyning o‘ta oquvchanlik xossalarini izohlab qolmasdan, balki, yana boshqa ajoyib hodisalarning mavjudligini ham avvaldan taxmin qilishga zamin yaratib berdi. Masalan, birinchi va ikkinchi tovush deb yuritiladigan va har ikkalasi turlicha xossalarga ega bo‘lgan ikkita turli xil to‘lqinlarning tarqalishi hodisasini ham Landau aynan ushbu nazariya asosida taxmin qilgan edi. Bunday to‘lqinlarning birinchisi -oddiy tovush to‘lqinlari bo‘lsa, ikkinchisi -harorat to‘lqini bo‘ladi. Umuman olganda, Landauning ushbu nazariyasi o‘ta oquvchanlik bilan birgalikda, o‘ta o‘tkazuvchanlik hodisasining mohiyatiga kirib borishda ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Olimning ilmiy faoliyati gurkirab, u yana o‘zi sevgan ilmiy ishlari bilan qattiq shug‘ullanayotgan bir paytda, 1941-yil iyunida yana bir bora ishlarini zudlik bilan to‘xtatib, boshqa shaharga ko‘chishiga to‘g‘ri keldi. Sezganingizdek, bu payda fashistlar Germaniyasi SSSRga bostirib kirib, II-jahon urushi boshlangan edi. Landau o‘zi ishlayotgan institut bilan birga sharqqa -Qozon shahriga evakuatsiya qilinadi. Qozonda Landauning barcha-barcha ilmiy salohiyati to‘laligicha harbiy maqsadlar uchun yo‘naltirilgan bo‘lib, olim evakuatsiya davrida asosan mudofaa masalalariga taalluqli tadqiqotlar olib borgan hamda, qurol-yarog‘ hamda o‘q-dorilarning samaradorligini oshirishga qaratilgan tajriba va hisob-kitoblarda ishtirok etgan.

Urush tugagach, 1945-yildan to 1962-yilgacha Lev Landau nazariy fizikaning yana turli tuman sohalariga oid masalalar yuzasidan chuqur ilmiy tadqiqotlar olib borgan. Xususan u atom massasi 3 ga teng bo‘lgan noyob geliy izotopining xossalarini o‘rgangan va ushbu izotop uchun to‘lqinlarning tarqalishiga oid yangi yo‘nalishni taxmin qilgan. Bu tur to‘lqin tarqalishini Dauning o‘zi «nolinchi tovush» deb nomlagan. Shuningdek, Lev Landauni SSSRning atom bombasini tayyorlash va sinash ishlariga ham jalb qilishgan.

50-yillarda SSSR fanlar akademiyasining muxbir a’zosi bo‘lgan Artemiy Alixanyan ismli olim o‘zi va Landau o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bir voqeani so‘zlab bergan ekan. Uning xotirlashicha, Alixanyan o‘zi ishlayotgan kosmik nurlarni o‘rganish stansiyasida qayd qilingan ayrim nurlanishlar uchun amaliyot bilan mos keluvchi energetik formulani keltirib chiqarishning iloji bo‘lmayotganini arz qilib, yordam so‘rab Dauning oldiga boradi. Bu formula koinotni o‘rganish va kosmik parvozlar loyihalari uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishi kutilayotgan edi. Landau ushbu masala yuzasidan Alixanyanga atiga ikki-uchta savol berib, masalaning mohiyatini tushunib oladi va unga o‘g‘liga qarab turishni iltimos qilib, o‘zi hisob-kitoblarni bajarish uchun alohida ishchi kabinetiga kirib ketadi. Atiga 15 daqiqadan so‘ng olim qo‘lida bir uyum qog‘oz bilan chiqib, Alixanyanga kutilgan formulani keltirib chiqarilgan yozuv-chizuvlarni taqdim etgan ekan.

Shu tarzda, muttasil kuchli ishtiyoq bilan tinimsiz ishlagan Lev Landau o‘zi qo‘l urgan barcha-barcha nazariyalar bo‘yicha hayratlanarli natijalarni qayd etib borardi. U qaysi ishga kirishmasin, butun fikri-xayoli bilan ushbu ishga berilib ishlardi va hech qachon charchoqdan, zerikishdan shikoyat qilmasdi. Biroq, uning serg‘ayrat va shijoatli ilmiy faoliyatiga kutilmagan baxtsiz hodisa nuqta qo‘ydi. 1962-yilning 7-yanvar sanasida Lev Landau Moskva-Dubna yo‘lida avtomashinada ketayotganda halokatga yo‘liqdi. o‘shanda qahraton qishning qoq o‘rtasi, yo‘llar muzlama sirpanchiq bo‘lgan. Avtomashina yo‘ldan ketib borar ekan, kutilmaganda yo‘lni yosh bir qiz kesib o‘ta boshlagan. Haydovchi qizchani urib yubormaslik uchun keskin tormoz berishga majbur bo‘lgan. Birdaniga keskin to‘xtash oqibatida mashina muzlagan yo‘lda chirpirak bo‘lib aylanib, qarshisidan kelayotgan yuk mashinasiga borib to‘qnashgan… Aynan to‘qnashuv zarbasi kelib urilgan tarafda Lev Davidovich o‘tirgan edi va u hushsiz ravishda, og‘ir ahvolda kasalxonaga olib ketilgan. Yangi yilning dastlabki yakshanbasi shu tarzda butun dunyo ilm-fani uchun fojiali kelgandi. Halokat haqida xabarni eshitgan barcha fiziklar unda Dauning jarohat olmaganiga umid qilgan holatda, bir-birlari bilan tinimsiz qo‘ng‘iroqlashib, xabarning yolg‘on bo‘lib chiqishiga ilinj bilan tafsilotlarni so‘rashardi. Lekin, taqdir hukmi shunday ekan, olim qatiq tan jarohatlari bilan uzoq vaqt og‘ir ahvolda behush yotib qoldi.

o‘sha paytda Lev Landauning hayotini saqlab qolish uchun butun mamlakat ilm-fani va texnikasi oyoqqa turgan desak hecham mubolag‘a bo‘lmaydi. Birgina fakt -xalqaro aviatashuvlar uchuvchilari qaysi mamlakatga borishmasin va osmonning qayerida bo‘lishmasin, bir-birlari bilan xabar almashinishda «Janob Landauga falon dori kerak, uni falon mamlakatdan keltirish zarur» — qabilidagi o‘zaro norasmiy xabarlarni almashinib turishgan va Landauni davolash uchun zarur dori-darmonlarni dunyoning narigi chekkasidan bo‘lsa ham yetkazib berib turishgan. Landauga kerakli dorilarni boshqa mamlakatdagi hamkasblari ham izlab topib Moskvaga jo‘natishgan. o‘shanda sobiq ittifoqning o‘zida yo‘q bo‘lgan noyob dorilar Landau uchun Amerika, Angliya, Fransiya, Belgiya va Chexoslovakiyadan yetkazib berib turilgan. Uning uchun miyaning oqib ketishiga qarshi noyob vositani akademik Nikolay Semyonov va Vladimir Ekogelgardt shaxsan o‘zlari sintez qilib yetkazib berib turishgan. Bu payda, nomi keltirib o‘tilgan har ikkala akademikning o‘zi ham ancha keksayib qolgan, 70-yoshdan o‘tgan va salomatliklari ham haminqadar holatda edi. Lekin ular Landauning nafaqat SSSR, balki butun jahon ilm-fani uchun naqadar muhim olim ekanini yaxshi anglashardi va shu sababli, qo‘ldan kelgan yordamlarini ayashmagandi. Barcha urinish va sayi-harakatlar o‘z mevasini berdi va Landau tirik qoldi. Lekin u juda uzoq vaqt -6 hafta mobaynida hushsiz yotdi. Hushiga kelganda ham u xotirasini qisman yo‘qotgan va ancha murakkab ahvolda bo‘lgan. Keyingi uch oy mobaynida u hatto o‘z oila a’zolarini ham tanimagan. o‘sha yili unga fizika bo‘yicha Nobel mukofoti loyiq ko‘rilgan edi. Biroq, Landau salomatligi sababli mukofotni qabul qilib olish uchun Stokgolmga bora olmadi. Chunki u majruh holatda hali hanuz kasalxonada yotgandi. Mukofotni unga Moskvaga olib kelib berishdi. Landau o‘z Nobelini Shvetsiyaning Sovet Ittifoqidagi elchisidan qabul qilib olgan.

Fojiadan keyin Lev Davidovich Landau yana olti yil umr ko‘rdi. Lekin u juda og‘ir ahvolda edi. Salomatligi ilm bilan shug‘ullanish tugul, shunchaki eng oddiy shaxsiy ehtiyojlarini ham o‘zi bajarishiga imkon bermasdi. Kuchli og‘riqlar uni muttasil qiynab, azob berib turdi.

XX-asrning eng buyuk fiziklaridan bir Lev Davidovich Landau 1968-yilning 1-aprel sanasida vafot etdi. U o‘limi oldidan: «Men yomon yashamadim. Men har doim maqsadimga yetib yashadim» — degan edi.

Nobel mukofotidan tashqari, Lev Davidovich Landau Maks Plank nomidagi medal hamda Frits London mukofoti bilan ham taqdirlangan edi. Olim SSSR fanlar akademiyasidan tashqari, Daniya, Gollandiya, AQSH, Fransiya fanlar akademiyalari hamda, London Qirollik Jamiyati a’zoligiga qabul qilingan. Shuningdek olim Mehnat Qahramoni unvoni, hamda uch bora Davlat Mukofoti bilan taqdirlangan edi.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Horijiy olimlar
Lev Davidovich Landau

Manba:orbita.uz