LEPTOSPIROZLAR

LEPTOSPIROZLAR

LEPTOSPIROZLARodam va hayvonlarda uchraydigan oʻtkir infeksion kasallik; zoonoz kasalliklar guruhiga kiradi. Leptospiralar qoʻzgʻatadi, ularning 10 dan ortiq serologik guruxlari mavjud. Leptospiralar nam sharoitda uzok, yashaydi, past haroratga chidamli. Kasallikning tabiiy, xonaki va aralash oʻchoqlari bor. Tabiiy oʻchoqlarda, asosan, kemiruvchilar, uy sharoitida esa qoramol va qoʻy-echkilar, choʻchqa hamda kalamush va sichqonlar infeksiya manbai hisoblanadi. Infeksiya kasal hayvondan odamga be-vosita muloqotda yoki teri, shuningdek, ifloslangan suv va oziqovqat orqali yuqadi. Kasallik shartli ravishda sariklik bilan kechadigan (VeylVasilyev kasalligi, uni birinchi boʻlib kashf etgan nemis olimi A. Veyl va rus olimi N. P. Vasilyev nomidan) va sariqsiz xillarga ajratiladi. Sariklik b-n kechadigan Leptospirozlar toʻsatdan qaltirish, harorat koʻtarilishi, qattiq bosh ogʻrigʻi, koʻngil aynishi va qusish bilan boshlanadi; dam-badam isitma tutishi kasallikka xos. Muskullarda kuchli ogʻriq, badanda mayda toshmalar boʻladi. Buyrak, jigar, baʼzan qon tomirlar zararlanadi. Kasallikning 4-kuniga kelib badan sargʻayadi. Sariqsiz Leptospirozlar (suv isitmasi)da ham isitma chiqadi, muskul va boʻgʻimlar ogʻriydi, lekin badan sargʻaymaydi, kasallikning bu shakli bir qadar yengil kechadi, deyarli asorat qolmaydi.

Ensiklopediya.uz
LEPTOSPIROZLAR