LE KORBYUZYE

LE KORBYUZYE

LE KORBYUZYE (Le Corbusier — taxallusi, ismi Sharl Eduar Jannere, Jeanneret (1887.6.10, La ShodeFon, Shveysariya — 1965.27.8, Rokbryun — Kap-Marten, Var) — fransuz meʼmori, sanʼat va meʼmorlik nazariyotchisi, rassom, dizayner. Meʼmorlikdagi naturalizm va ratsionalizm oqimi asoschilaridan. 1918-y. purizm nazariyasini ishlab chiqqan. Shaharsozlikda oʻziga xos uslubda «Nurafshon shahar» gʻoyasi (1930) va «modulor» tizimi (1942—48)ni yaratgan. Le Korbyuzye loyihalari asosida jahonning koʻpgina mamlakatlari (Fransiya, Yaponiya, Rossiya, Hindiston va b.)da turli binolar qurilgan. Meʼmorlikka oid 30 dan ortiq kitob muallifi. BMT binosi (1946 — 47, Nyu-York), Toʻqimachilar saroyi va shahar muzeyi (1954—56, Axmadobod), Chandigarx sh. (Hindiston) bosh loyihasini va undagi binolar (1956 — 57)ni yaratdi.

Ensiklopediya.uz
LE KORBYUZYE