Laroshfuko mulohazalari
Biz hech qachon o‘zimiz kirmagan va kirmaydigan qiyofada ko‘rinishga harakat qilmay, hamisha qanday bo‘lsak shundayligimizcha ko‘rinadigan bo‘lsak, borligimizcha namoyon bo‘lsak, odamlarning nazarida ko‘p narsa yutgan bo‘lardik. * * * Haqiqiy chechanlik kerakli gapning hammasini aytib, keragidan ortiq hech narsa demaslik qobiliyatidir. * * * Yasama soddalik—o‘ta nozik munofiqlikdir. Odamning baxti va baxtsizligi taqdirga qanchalik bog‘liq bo‘lsa, uning xulqiga ham shunchalik bog‘liqdir. * * * Vijdonimiz oldida o‘zimizni oqlamoqlik uchun ko‘pincha maqsadga erishish uchun kuchimiz yetmadi deb, o‘zimizni ishontirmoqchi bo‘lamiz. Holbuki, amalda biz kuchsiz emas, irodasizmiz. * * * Biz do‘stlarimiz bilan to‘la to‘kis oshkora gaplashmasligimizning boisi—ularga ishonchimiz yo‘qligidan emas, ko‘proq o‘zimizga o‘zimiz ishonmasligimizdandir. * * * Fe’lu atvorning o‘zgarmas darajada qat’iyligi ayol tabiatigi yotdir. * * * Insonning hamma umidlari chippakka chiqsa, bu ularning do‘stlariga ham, dushmanlariga ham yoqadi. * * * Jismoniy mehnat ruhiy iztiroblarni unutishga yordam beradi, shuning uchun qashshoqlar baxtiyor odamlardir. * * * Ishtiyoq tug‘diradigan hamma vasvaslarni qondirishdan ko‘ra, ishtiyoq yangi tug‘ilganda uni o‘ldirish kerak. * * * Biror narsani qattiq xohlab qolishdan avval shu istagan narsangizga hozir egalik qilayotgan odam baxtlimi yo‘qmi ekanini surishtirib ko‘rmoq kerak. * * * Haqiqiy do‘st bu dunyoning eng ulug‘ ne’matidir. Holbuki biz ayni shu ne’matning ortidan har narsadan kamroq quvlaymiz. * * * Qayta tiklangan do‘stlik hech qachon uzilmagan do‘stlikka qaraganda ko‘proq e’tibor va g‘amxo‘rlik talab qiladi. * * * Olamda erishish mumkin bo‘lmagan narsalar juda kam. Agar bizda qat’iyat ko‘proq bo‘lganida istagan maqsad sari eltadigan yo‘lni topa olardik. Aziz Norqulov tayyorladi ziyouz.uzLaroshfuko mulohazalari
DO`STLARGA ULASHING:
Laroshfuko mulohazalari