LAPIN

LAPIN

LAPIN Sherali (Serali) Munaytpasovich (1868, Oqmachit — 1919, Samarqand) — «Shuroyi ulamo» tashkiloti rahbarlaridan biri (1917—18). Toshkentdagi Turkiston oʻqituvchilar seminariyasini, Sankt-Peterburg unti yuridik fak-tini tugatgan (1904). Samarqand viloyati harbiy gubernatorligi mahkamasida tarjimon boʻlib ishlagan. 1895-y. Samarqandda uning 2 asari: «Ruscha-oʻzbekcha lugʻat» (4000 ta soʻz va oʻzbek tilining qisqacha grammatikasi b-n) va «Samarqand shaxri tarixiy yodgorliklaridagi yozuvlarning tarjimasi» (rus tilida) bosilib chiqqan. L. Goʻri Amir, Shoxizinda maqbaralari, Bibixonim jome masjidi, Bibixonim madrasasi, Shayboniy-xon daxmasi va b. meʼmoriy yodgorliklardagi yozuvlarni ilk marta rus tiliga tarjima qilgan. Markaziy rus matbuotida turkiy xalqlar tarixi, dini va madaniyati toʻgʻrisida ilmiy maqolalar eʼlon etgan. Turkistonda jadid — yangi usul maktablari ochish talabi bilan chiqqan. 1916-y. dagi qoʻzgʻolonlarda qatnashgan uzbek, qozoq, qirgʻiz va b. xalqlarning vakillarini sudda advokat sifatida oʻlim jazosidan himoya qilgan.

Ensiklopediya.uz
LAPIN